Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq, Turkiyada zilziladan jabr ko‘rganlarga gumanitar yordam hamda tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etish uchun O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligining bir guruh qutqaruvchilari jo‘natiladi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar berdi.

Vazirlikning aniqlik kiritishicha, 60 nafar FVV qutqaruvchilari hamda 3 ta maxsus avariya-qutqaruv texnikasi yuborilmoqda.

Turkiyaning janubi-sharqiy qismidagi viloyatlarda 6 fevral kuni yuz bergan kuchli zilzila oqibatida ko‘plab odamlar qurbon bo‘lgani va jiddiy jarohat olgani ma’lum qilingandi. Shavkat Mirziyoyev avvalroq Rejep Tayyip Erdog‘anga hamdardlik yo‘llagan.

Qardosh Turkiya yetakchisi va xalqiga chuqur ta’ziya izhor etib, davlatimiz rahbari vafot etganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi, jabrlanganlar tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi, — deya qayd etilgan Sherzod Asadov bergan axborotda.

Zilzila to‘g‘risida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham ma’lumot berdi. Ta’kidlanishicha, 6 fevral Toshkent vaqti bilan soat 11:00 holatiga ko‘ra, mamlakatning Turkiyadagi diplomatik vakolatxonalariga zilzila oqibatida halok bo‘lgan va jarohatlangan O‘zbekiston fuqarolari bo‘yicha ma’lumot kelib tushmagan.

O‘zbekiston fuqarolari zarur hollarda mamlakatimizning Anqaradagi elchixonasi (+90−312−441−38−71, +90−312−441−17−46) va/yoki Istanbuldagi Bosh konsulxonasiga (+90−212−323−20−37, +90−212−323−20−39) murojaat qilishlari mumkin, — deyiladi vazirlik bayonotida.

RIA Novosti yangilangan ma’lumotlariga ko‘ra, zilzila oqibatida 912 kishi halok bo‘ldi, 5385 kishi jarohat oldi.