Davlat xavfsizlik xizmati Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi ekstremistik g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi virtual guruh ochishda gumonlangan fuqaroni qo‘lga oldi.

Namangan shahrida yashovchi 1991 yilda tug‘ilgan S.M. ijtimoiy tarmoqlar orqali destruktiv kuchlar ta’siriga tushib qolgani va Telegram messenjerida virtual guruh tashkil qilgani aytilmoqda.

Guruhga Namangan shahrida yashovchi — 1986−1995 yillar oralig‘ida tug‘ilgan 9 nafar shaxs a’zo bo‘lgan. Gumonlanuvchi unga terroristik va ekstremistik tashkilotlarning g‘oyaviy rahnamolari bo‘lgan Sodiq Samarqandiy, Abdulloh Zufar, Abdulloh Buxoriy, Mahmud Abdulmo‘min, Abu Salohlarning hijrat va jihod to‘g‘risidagi ma’ruzalarini joylagan.

«Guruh a’zolarini Suriyadagi „Tavhid va jihod katibasi“ terroristik tashkiloti safiga qo‘shilishga da’vat qilgan», — deyiladi xabarda.

Hozirda holat yuzasidan S.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 244−1-moddasi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi «g» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Shuningdek, guruh a’zolarining xatti-harakatlariga nisbatan ham tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.