Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida ichida 720 mln so‘m bo‘lgan bankomatni o‘g‘rilab ketgan 4 erkak ushlandi, deya xabar bermoqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati.

25 yanvar kuni E. T. «102» qisqa raqamga qo‘ng‘iroq qilib, Kattaqo‘rg‘on tumani Alisher Navoiy mahallasi Navoiy ko‘chasida o‘rnatilgan bankomat shoxobchasidan noma’lum shaxslar tomonidan bankomat qurilmasi o‘g‘rilab ketilganini bildirgan.

Olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari davomida «Tavaron» mahallasi hududidagi tashlandiq joydan o‘g‘rilangan bankomat apparati bo‘laklarga bo‘lingan holda topilgan.

Ushbu jinoyatni sodir etgan shaxslarni aniqlash va ularni qidirib topish bo‘yicha olib borilgan surishtiruvlar davomida mazkur jinoyatni 29 yoshli X. O., 28 yoshli B. A., 25 yoshli O. Z. va 29 yoshli B. N. sodir etganligi aniqlangan.

Hozirda ushbu shaxslar qo‘lga olinib, ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda