Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Yaponiyaning Sansho kompaniyasi prezidenti Akazava Masakini qabul qildi. Uchrashuvda kompaniya tomonidan viloyatda ikki bosqichda tashkil etish rejalashtirilayotgan chiqindini qayta ishlash korxonasi loyihasini amalga oshirish jarayonlari muhokama etildi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, qiymati 10 million dollar bo‘lgan ushbu loyiha Farg‘ona tumanining Satkak qishlog‘i yaqinida joylashgan markaziy chiqindixona hududida amalga oshiriladi.

chiqindini qayta ishlash korxonasi

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi axborot xizmati

«Ekoshahar hududidagi chiqindilar bilan birga chiqindixona hududidagi chiqindilarni ham qo‘shib qayta ishlash tashkil etiladi. Istiqbolda chiqindixona hududi to‘la tozalanib, kichik sanoat zonasi tashkil etilishi reja qilingan», — deyiladi hokimlik axborotida.

Qayd etilishicha, loyihaning birinchi bosqichi 3 million dollarni tashkil etadi. Unda Ekoshahar va uning atrofidagi hududlardagi chiqindilarni ajratish hamda qayta ishlash bo‘yicha Yaponiya texnologiyasiga asoslangan ekologik toza korxona tashkil etish ko‘zda tutilgan. Birinchi bosqich 2023 yilning sentabriga qadar ishga tushirilishi kutilmoqda.

chiqindini qayta ishlash korxonasi

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi axborot xizmati

«Ikkinchi bosqichda chiqindilarning qayta ishlash mumkin bo‘lmagan qismini yoqish orqali elektr energiya ishlab chiqarishga asoslangan korxona quriladi», deb yozadi hokimlik axborot xizmati.

Uchrashuvda Akazava Masakiga Farg‘onada davlat ro‘yxatidan o‘tgan «Sansho Japan» MCHJ xorijiy korxonasi guvohnomasi topshirildi.