Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida aholining mol va qo‘ylarini o‘g‘irlayotgan bir guruh shaxslar IIB xodimlari tomonidan ushlandi, deb xabar bermoqda Ichki ishlar vazirligi.

Qayd etilishicha, tumanning «Fayzobod» mahallasida yashovchi fuqaroning hovlisidan 5 bosh qo‘y noma’lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilgan. Mazkur holat IIB nazoratiga olinib, surishtiruv ishlariga kirishilgan.

Oradan 4 kun o‘tib, shu mahallaning Qaytmas ko‘chasida yashovchi yana bir fuqaro xonadonidan ham 4 bosh qo‘y va 2 bosh buzoq o‘g‘irlangan.

Hududda o‘tkazilgan o‘rganish va surishtiruv tadbirlari davomida ushbu ikki jinoyatni 20−25 yoshlar orasidagi 6 nafar shaxs sodir etgani aniqlanib, ular protsessual tartibda ushlangan.

Holat yuzasidan dastlabki tergov jarayonida birinchi holat bo‘yicha fuqaroga yetkazilgan 15 mln so‘m moddiy zarar undirib berildi, ikkinchi holatda o‘g‘irlangan 4 bosh qo‘y va 2 bosh buzoq jabrlanuvchiga qaytarildi.

Ushlangan shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.