Qoraqalpog‘iston IIV Jinoyat qidiruv boshqarmasi bo‘limining sobiq boshlig‘i, Qoraqalpog‘istonning birinchi prezidenti Dauletbay Shamshetovning o‘g‘li Polat Shamshetov Nukus voqealari bo‘yicha hukm chiqarilgandan ko‘p o‘tmay, 4 fevral kuni taxminan yurak xurujidan vafot etdi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Nukusdagi bir nechta manbalar, shu jumladan, uni yaqindan tanuvchilar xabar berdi.

Polat Shamshetov 45 yoshda edi. U o‘tgan yilning iyul oyida Qoraqalpog‘istonda yuz bergan voqealardan keyin hibsda saqlanayotgan edi. Manbalarga ko‘ra, dafn marosimi dushanba kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Shvetsiyaning Markaziy Osiyo nodavlat notijorat tashkilotlari assotsiatsiyasi direktori, parlamentning mustaqil komissiyasi a’zosi Gulnoz Mamarasulova «Gazeta.uz»ga Polat Shamshetovning vafotini tasdiqladi. Uning Twitter`da yozishicha, komissiyaga o‘limning asl sababini o‘rganish bo‘yicha tekshiruv o‘tkazishni taklif qildi. Komissiya mazkur ishni dushanba kuni Buxoroda boshlaydi, deya qo‘shimcha qildi u.

Polat Shamshetovga 2 iyul kuni «odamlarni ommaviy tartibsizliklarga jalb qilgani va o‘zi ularning faol ishtirokchisi bo‘lganligi» haqida ayblov qo‘yilgandi.

Sudda u ko‘chaga nima bo‘layotganini ko‘rish uchun chiqqanini ta’kidlagandi. «Maqsad shunchaki o‘z ko‘zim bilan ko‘rish bo‘lgan», — degandi u.

O‘sha kunlarda u mehnat ta’tilida edi, biroq 3 iyul kuni ishga chiqdi, 11 iyul kuni esa hibsga olindi. Polat Shamshetov telefonda sodir bo‘layotgan voqealar haqida ko‘p gaplashganini tan olgandi, buni esa o‘zining vazifasi bilan bog‘liqligini aytgandi.

Suhbatlarning barcha stenogrammasi ish hujjatlarida keltirilgan va ularda hech qanday noqonuniy xatti-harakatlarga chaqiruv yo‘q, degandi u.

полат шамшетов

Polat Shamshetov Buxoro viloyatida o‘tgan sud majlislaridan birida. Foto: «Gazeta.uz».

31 yanvar kuni Buxoro viloyati sudida o‘qib eshittirilgan hukmga ko‘ra, Polat Shamshetov JKning 244-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga JKning 45 (Muayyan huquqdan mahrum qilish), 57-moddalari qo‘llanib, 3 yil mansabdorlik lavozimlarida va ichki ishlar tizimida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 6 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi.

Yanvar oyida suddagi munozara paytida uning advokati Paraxmat Maratov (video) Shamshetovga JKning 244-moddasi bo‘yicha e’lon qilingan ayblovni noto‘g‘ri deb atagandi, chunki uning Dauletmurat Tajimuratov (ishdagi asosiy figurant) bilan aloqasi, qolaversa, hokimiyatga qarshilik ko‘rsatish maqsadida tartibsizliklarni tashkillashtirish yuzasidan hech qanday dalil yo‘q, degandi. Bundan tashqari, himoyachining so‘zlariga ko‘ra, Shamshetovga qarshi hech kim guvohlik bermagan.

«Gazeta.uz» mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura, Oliy sud va IIVga so‘rov yubordi. Hozirga qadar hech qanday javob olinmadi.