Toshkent shahrining Yangihayot tumanidagi 12 yashar qizning ayanchli o‘limi O‘zbekistonda bolalar xavfsizligi to‘liq ta’minlanmaganini ko‘rsatadi. Bu haqda Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova ta’kidladi.

«Shaxsan menga yuborilayotgan murojaatlar orasida oila a’zolari, buvasi, o‘gay akasi yoki o‘gay otasi tomonidan muntazam jinsiy zo‘ravonliklarga uchrayotgan bolalar ham topiladi. Hatto 4−9, 10−14 yoshli bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonliklar amalga oshirilyapti. Albatta, bu — juda achinarli holat. Bunday murojaatlarni o‘qish juda og‘ir. Axir bolalar himoyaga muhtoj-ku. Bu holatlarni o‘zimiz nazoratga olib, Bosh prokuraturaga rasmiy xat bilan murojaat qilyapmiz», — deb yozadi u.

Yunusovaning so‘zlariga ko‘ra, bolalarga nisbatan qo‘llanadigan jinsiy zo‘ravonliklarga beriladigan jazo turini kuchaytirish orqali yuqoridagi holatlarga barham berish mumkin.

«Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston 1995 yil 31 avgustda „1966 yil 16 dekabrdagi Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga doir fakultativ bayonnoma“ga qo‘shilgan. Ushbu hujjatga asosan mamlakatimizda o‘lim jazosi bekor qilingan va bu davlatimizning xalqaro majburiyati hisoblanadi. Shunday ekan, Bolalar ombudsmani bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilgan shaxslarga eng og‘ir jazo turi qo‘llanishi hamda ularga hech qanday amnistiya akti yoki afv etish asosida jazodan ozod qilish, jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish va jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish qo‘llanmasligi kerak, degan pozitsiyada turibdi», — deyiladi ombudsman axborotida.

Qo‘shimcha qilinishicha, Bola ombudsmani murojaatlar tahlili va o‘tkazgan o‘rganishlari davomida takliflar tayyorlab, tegishli tashkilotlarga yuborgan. Bundan tashqari, bolalarga yaratilgan sharoitlar ham o‘rganilib, aniqlagan kamchiliklar bo‘yicha tavsiyalar berilgan.

«Lekin, shu bilan birgalikda, bolalar shaxsan o‘zlari Bola ombudsmaniga murojaat yuborishlari uchun qisqa ishonch telefonlari faoliyatini zudlik bilan yo‘lga qo‘yish lozim. Bog‘cha, maktab va boshqa muassasalarda bolalarning ruhiy holatini o‘rganadigan mutaxassislar soni va malakasini oshirish kerak. Sudya, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari va advokatlarning bola huquqlari kafolatlari bo‘yicha ixtisoslashuvini kuchaytirishimiz zarur», — deydi Aliya Yunusova.

Bola huquqlari bo‘yicha vakilning aytishicha, bolalarning ham zo‘ravonlikka uchraganda, oila a’zolari tomonidan tahqirlanganda yoki boshqa holatlarda imo-ishora bilan xabar berish bo‘yicha ko‘nikmalarini shakllantirish kerak.

«Aslida bu kabi voqealar bizni bolalar himoyasini yanada mustahkamlashga undashi va mas’uliyatimizni yanada oshirishi zarur. Bular orqali bolalarning huquqlari himoyalangan va xavfsizligi ta’minlangan jamiyatda yashashini ta’minlashimiz kerak», — deydi u.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentning Yangihayot tumanida 31 yanvar kuni 12 yoshli qiz bedarak yo‘qolib qolgan. 1 fevralga o‘tar kechasi soat taxminan 2:30 da uning murdasi o‘z uyi yaqinidan topilgan. Holat yuzasidan 29 yoshli erkak ushlangan, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «v», «z» bandlari (Aybdorga ayon bo‘lgan ojiz ahvoldagi shaxsni nomusga tegish yoki jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib, g‘ayritabiiy usulda qondirish bilan bog‘liq holda qasddan o‘ldirish) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, «gumonlanuvchi shaxs 2022 yilning yozida marhumaning xonadonida yollanma ishchi sifatida ta’mirlash ishlarini amalga oshirgan».