Toshkent viloyati Parkent tumani Zarkent qishlog‘ida kran ag‘darilib ketib, odam halok bo‘lgani aytilgan video tarqaldi. «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Aniqlanishicha, avtokran bilan yuz bergan baxtsiz hodisa yukni bir nechta kranlar bilan ko‘tarish (sparennaya peremeshenniye gruza) asosida amalga oshirilmagani sababli ro‘y bergan. Avtokranning og‘ib ketishi oqibatida mashinist tan jarohatlar olgani sababli «Ko‘prikqurilish tresti» UKga qarashli «13-Ko‘prikqurilish otryadi» xodimlari tomonidan Parkent tumani shifoxonasiga yotqizilgan. Og‘ir jarohatlar olgani sababli avtokran mashinisti shifoxonada vafot etgan.

«Ko‘prikqurilish tresti» UKga qarashli «13-Ko‘prikqurilish otryadi» «Qyl-yo‘l ko‘prik qurilish ta’mir» MCHJ bilan shartnoma imzolagan. Ushbu hujjatda buyurtmachi tomonidan xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarni kunlik tibbiyot ko‘rigidan o‘tkazishi va mehnat muhofazasi tadbirlarini o‘tkazish lozim bo‘lgan band alohida ko‘rsatib o‘tilgan. MCHJ tomonidan shartnoma bandlariga rioya qilmagani, muntazam ravishda xavfsizlik choralarini ko‘rmagani sababli ushbu baxtsiz hodisa ro‘y bergan, — deya izohlanadi holat.

Sodir bo‘lgan hodisa bo‘yicha viloyat mehnat inspeksiyasi mutaxassislari tomonidan maxsus tekshirish o‘tkazilishi va ularning xulosalari huquq-tartibot organlariga taqdim etilishi ma’lum qilindi.