Ijtimoiy tarmoqlarda maktab o‘quvchilari o‘g‘irlab ketilayotgani aytilgan videoxabarlar tarqaldi. Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Aniqlanishicha, 1 fevral kuni Toshkent shahri Shayxontohur tumanida 113-sonli maktabning 11-sinf o‘quvchisi F.N. boshqaruvidagi avtomashinaga 132-sonli maktab o‘quvchilari G. B. va S.N. muz bo‘lagini tepgan.

Shundan so‘ng 11-sinf o‘quvchilari muz bo‘lagini tepgan bolalarni ichki ishlarga olib boramiz, deb ularni og‘zaki qo‘rqitgan. Bolalar boshqa bunday qilmasligini aytib, uyiga ketgan, — deyiladi vazirlik bayonotida.

Qayd etilishicha, hozirgi vaqtda bolalar ota-onasi bilan birga. Avtomashinani boshqarish huquqi bo‘lmagan o‘quvchilarning ota-onasi bilan esa huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan profilaktik suhbat o‘tkazilgan.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahri Oila va xotin-qizlar boshqarmasi Yangihayotda 12 yoshli qizning murdasi zo‘rlik va qotillik alomatlari bilan topilganidan so‘ng ota-onalarga murojaat qilgandi. Boshqarma ulardan farzandlarining maktabga borish-kelishida hamrohlik qilishni hamda doimo aloqada bo‘lishni so‘ragan.