Qoraqalpog‘istonning Nukus shahridagi oilaviy poliklinikalarda «Allergiya va astma» maktablari tashkil etilmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Keltirilishicha, shu kunlarda Orolbo‘yi mintaqasida allergik kasalliklarni erta aniqlash va davolash bo‘yicha yangi loyiha ijrosiga kirishilgan. Uning doirasida «Allergiya va astma» maktablarini tashkil etish ham rejalashtirilgan.

Pilot loyiha sifatida Nukus shahri ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi va hududdagi 10 ta birlamchi tibbiyot muassasasi qoshida tashkil etilayotgan «Allergiya va astma» maktablari aholi o‘rtasida bu turdagi xastaliklarni erta bosqichda aniqlash imkonini beradi, — deydi Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori, loyiha rahbari Ilmira Razikova.

Buning uchun markaz mutaxassislari tomonidan ushbu maktablarda faoliyat yurituvchi oilaviy shifokorlar 36 soatlik o‘quv dasturlariga muvofiq qayta tayyorlandi. Endi ular zarur ma’lumotlar bazasi hamda kerakli tibbiy jihozlar bilan ta’minlanyapti. Xastalikning og‘ir shakl va bosqichlarida aniq tashxis qo‘yish uchun ana shu shifokorlarga onlayn maslahatlar berib boriladi.

Markazning mintaqaviy filiali esa maktab faoliyatini muntazam o‘rganib va nazorat qilib boradi, reja asosida har bir poliklinikada tibbiy ko‘riklar tashkil qiladi.

«Allergiya va astma» maktablari quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:

  • nafas yo‘llari allergik kasalliklari bilan og‘rigan bemorlarni maxsus so‘rovnomalar orqali aniqlab, ularda maxsus teri sinamalari va tekshiruvlarni o‘tkazadi;
  • olingan natijalarni tahlil qilib, o‘z hududi kesimida atopik kasalliklar statistikasini ishlab chiqadi;
  • oilaviy poliklinika tibbiyot xodimlari uchun o‘z yo‘nalishi bo‘yicha mahorat darslari tashkil qiladi;
  • so‘rovnomalar, birlamchi ko‘rik va allergologik tekshiruvlar natijalari asosida aholi o‘rtasida atopik kasalliklarning oldini olish yuzasidan targ‘ibot ishlarini olib boradi.