2022 yilda Rossiya oziq-ovqat mahsulotlarini xorijga yetkazib berish hajmi qariyb 12 foizga oshdi

2022 yilda Rossiya oziq-ovqat mahsulotlarini xorijga yetkazib berish 2021 yilga nisbatan qariyb 12 foizga oshdi. Jami 70 mln tonna mahsulot xorijga jo‘natildi. Bu haqda TASS RF Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabariga tayanib ma’lum qildi.

«Joriy narxlarda yetkazib berish hajmi qariyb 12 foizga oshdi. Tashqi bozorga 70 mln tonnadan ortiq mahsulot jo‘natildi», — deyiladi xabarda.

Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Sergey Levin bunga eksport oqimlarini qayta yo‘naltirish, yangi logistika zanjirlari va moliyaviy operatsiyalarni barpo etish, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash uchun shart-sharoitlar yaratish evaziga erishilgan. U joriy yilda Rossiyaning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti salohiyatini kengaytirish maqsadida yangi bozorlarni ochish bo‘yicha ishlar davom ettirilishini ta’kidladi.


Pokiston shimoli-g‘arbidagi yo‘l-transport hodisasida 18 kishi halok bo‘ldi

Payshanba kuni kechqurun Pokiston shimoli-g‘arbidagi Xayber-Paxtunxva provinsiyasida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida kamida 18 kishi halok bo‘ldi va bir necha kishi jarohatlandi. Bu haqda Sinxua mahalliy politsiyaga tayanib xabar berdi.

дайжест, жаҳон yangiликлари

Hodisa Kohat tumanidagi Kohat tunneli yaqinida sodir bo‘lgan. Yo‘lovchi avtobusi unga qarab harakatlanayotgan yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketgan.

Qutqaruvchilar jarohatlanganlar va halok bo‘lganlarning jasadlarini olib chiqish uchun avtobusni kesishga majbur bo‘lgan. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, YTH yuk mashinasining belgilangan tezlikdan oshib ketgani tufayli sodir bo‘lgan.


Rossiyaga qarshi sanksiyalarning o‘ninchi paketi 10 mlrd yevro miqdoridagi cheklovlarni o‘z ichiga oladi

Bryussel 24 fevralgacha joriy etishni rejalashtirayotgan YeIning Rossiyaga qarshi sanksiyalarining o‘ninchi to‘plami 10 mlrd yevro miqdoridagi cheklovlarni nazarda tutadi, deya ma’lum qildi Yevrokomissiya (YeK) rahbari Ursula fon der Leyen juma kuni Kiyevda Yevropa Ittifoqi va Ukraina sammiti yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

«O‘ninchi sanksiyalar paketi yo‘lda, uning qiymati 10 mlrd yevroni tashkil qiladi. Bu yanada keng ko‘lamli paket bo‘ladi», dedi u.

YeK rahbarining so‘zlariga ko‘ra, yangi paketda YeI avvalgi sanksiyalar paketlarida mavjud bo‘lgan bo‘shliqlarni yopadi. U, shuningdek, yangi sanksiyalar Ukrainada maxsus harbiy operatsiya boshlangan 24 fevralgacha joriy etilishini tasdiqladi.


Eron hijob o‘rashdan bosh tortganlarni jazolashni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqdi

Eron parlamenti hijobsiz ayollarni jarimaga tortish hamda ularga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilishini cheklashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqmoqda. Bu haqda juma kuni parlamentning sud va huquq masalalari komissiyasi raisi Musa Gazanfarobodiy ma’lum qildi.

«Hozirda avvalgidek avtomobillarda hijobga rioya qilishni nazorat qilish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda. Hijob o‘ramagan ayollarga yana SMS yuboriladi… Bundan tashqari, tez orada qonun loyihasi ham ishlab chiqiladi va dastur kuchga kiradi, unga ko‘ra biz videokuzatuv tizimlari yordamida piyodalar o‘tish joylarida va boshqa jamoat joylarida ro‘mol o‘ramagan ayollarni aniqlaymiz. Natijada, bu shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilmaydi», — Gazanforobodiyning so‘zlaridan iqtibos keltirdi Khabar Online agentligi.

Mulozimning so‘zlariga ko‘ra, birinchi bosqichda qoidabuzarga ogohlantirish yozilgan SMS keladi, ikkinchi bosqichda esa jarimaga tortiladi. Uning milliy kartasi (Eronda bu shaxsni tasdiqlovchi hujjat) jarima to‘lanmaguncha bloklanadi, shuning uchun u hech qanday ijtimoiy xizmatlardan foydalana olmaydi.


Qatarda hasharotlar qo‘shilgan oziq-ovqat mahsutlarini sotish taqiqlandi

Qatar Sog‘liqni saqlash vazirligi Yevropa Ittifoqining yeyishga ruxsat berilgan hasharotlar ro‘yxatini kengaytirish to‘g‘risidagi qaroridan so‘ng tarkibida hasharotlar bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini sotish taqiqlanishi haqida ogohlantirdi.

«Ayrim mamlakatlarning oziq-ovqat tayyorlashda hasharotlardan foydalanishga ruxsat berish to‘g‘risidagi qarori haqidagi ma’lumotlar ko‘payishi munosabati bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi tarkibida hasharotlar bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarining texnik talablarga javob bermasligi sababli ularni sotish taqiqlanganini e’lon qiladi. Ko‘rfaz mamlakatlarida halol oziq-ovqat mahsulotlari va vakolatli organlarning diniy qarashlari, bu hasharotlar, oqsil yoki ulardan tayyorlangan qo‘shimchalarni iste’mol qilishni taqiqlaydi», — deyiladi SSV bayonotida.

Vazirlik «Oziq-ovqat mahsulotlaridagi oqsil manbasi vazirlik tomonidan akkreditatsiyadan o‘tgan, musulmon tamoyillari asosida ishlaydigan xalqaro laboratoriyalar yordamida sinchkovlik bilan tekshirilayotganini» ta’kidladi.


Lavrov G‘arbning Moldovadan «navbatdagi Ukraina» yaratish istagi borligini ma’lum qildi

G‘arb davlatlari Moldovani «navbatdagi Ukraina» roli uchun ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov «Rossiya Segodnya» bosh direktori Dmitriy Kiselevga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Kisilev qaysi davlatlar «Ukraina yo‘lidan borishi» mumkinligini so‘radi hamda Qirg‘iziston va Qozog‘istonni misol tariqasida so‘radi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rahbari esa Moldova nomini oldi.

«Hozir Moldova bu rol uchun ko‘rib chiqilmoqda, birinchi navbatda, ular NATOga qo‘shilish istagida bo‘lgan erkin demokratik emas, balki mutlaqo aniq usullar bilan mamlakat boshiga prezidentni [Maya Sandu] qo‘yishga muvaffaq bo‘lishdi. U Ruminiya fuqaroligiga ega, u Ruminiya bilan birlashishga tayyor va umuman, deyarli hamma narsaga tayyor», — dedi u.


Fransiyada restoran egasi qiyofasida 16 yildan buyon yashirinib yurgan mafioz ushlandi

Ikki marta qotillikda ayblanib, qariyb 16 yildan beri soxta nom ostida qochib yurgan italiyalik mafioz Fransiyaning Sent-Eten shahrida hibsga olindi, deb xabar bermoqda Interpol xalqaro politsiya tashkiloti.

Edgardo Greko Italiya janubidagi Kalabriya shahrida faoliyat yurituvchi qudratli «Ndrangeta» jinoiy tashkilotiga aloqador edi. 2006 yilda Greko baliq omborida temir panjaralar bilan kaltaklangan aka-uka Bartolomeolarni o‘ldirishda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan. Xuddi shu yili Greko Italiyadan qochib, Fransiyaga joylashdi.

Frans Press agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 63 yoshli Greko 2021 yil iyun oyida Paolo Dimitrio nomi bilan Sent-Etenda Caffe Rossini Ristorante restoranini ochgan va shu yilning noyabrigacha faoliyat yuritgan.