2 fevral kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri v.b. Baxtiyor Saidov Ukrainaning mamlakatdagi Favqulodda va muxtor elchisi Mikola Doroshenkoni qabul qildi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Uchrashuv davomida turli sohalardagi O‘zbekiston — Ukraina ikki tomonlama hamkorligining dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Savdo-iqtisodiy yo‘nalishda aloqalarni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar ko‘rish muhimligi qayd etildi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning noyabrida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bahrom A’loyev Ukrainaning Favqulodda va muxtor elchisi Mikola Doroshenko bilan TIVda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki davlat ishbilarmon doiralariga o‘zaro imtiyoz va preferensiyalar berish masalalarini muhokama qilgandi.

sentabr oyida Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Markaziy Osiyolik jurnalistlarga bergan intervyusida uning mamlakati hozirgi sharoitda ham O‘zbekiston bilan munosabatlarni imkon qadar rivojlantirishga tayyor ekanini aytgandi.

«Urush o‘z yo‘liga, ammo hayot to‘xtab qolgani yo‘q va biz oldinga intilishimiz, birgalikda nima qilishimiz mumkinligini izlashimiz kerak. Biz [barcha kelishuvlar] kuchda qolishi va rivojlanishi, yangi shartnomalar tuzib, ularni amalga oshirish tarafdorimiz. Biz o‘zbek biznesi bilan juda yaxshi aloqadamiz, O‘zbekiston hukumati bilan muloqot bor», degandi Dmitriy Kuleba.

Urush boshlanishidan bir yil avval — 2021 yilning may oyida O‘zbekiston va Ukraina o‘rtasida ishbilarmonlar kengashining birinchi yig‘ilishi va qo‘shma biznes-forum bo‘lib o‘tgandi. Ishbilarmonlar kengashining o‘zbekistonlik hamraisi «Korzinka» supermarketlar tarmog‘i asoschisi Zafar Hoshimov hisoblanadi.