Qoraqalpog‘istonda kam ta’minlangan oilalarga ko‘maklashish maqsadida «Mehr harakati» aksiyasi boshlangan edi. Yoshlar ishlari agentligining Qoraqalpog‘iston boshqarmasi esa mahalliy faollar bilan hamkorlikda 23 yanvardan «Mehr harakati aksiyasiga hissamiz» loyihasini boshladi.

Loyiha doirasida boshqarmaning Nukusdagi binosi oldiga maxsus konteyner o‘rnatilgan bo‘lib, unga hozirda foydalanilmayotgan kiyim-kechaklar, uy-ro‘zg‘or buyumlar va bolalar o‘yinchoqlarini olib kelib, topshirish mumkin. Unga nafaqat nukusliklar, balki shaharga yaqin hisoblangan Taxiatosh va Xo‘jayli tumani aholisi ham o‘z buyumlarini topshirmoqda.

Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston boshqarmasi vakili Paraxat Kazaxbayevning ma’lum qilishicha, ushbu aksiya doirasida 23−30 yanvar kunlari to‘plangan buyumlar Bo‘zatov, Kegeyli, Qorao‘zak tumanlaridagi 200 dan ortiq oilalarga tarqatilgan. Shuningdek, ayrim ehtiyojmand fuqarolar zarur buyumlarni o‘zi kelib olib ketmoqda.

қорақалпоғистон

Foto: Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston boshqarmasi.

Fuqarolar ushbu «saxovat konteyneri» faqat qishning sovuq kunlarida emas, balki hamma vaqt ishlab turishi maqsadga muvofiqligini ta’kidlamoqda. Aksiyada Qoraqalpog‘istonning chekka hududlari aholisi ham qatnashyapti — agentlikning tumanlardagi bo‘limlariga buyumlarini topshirish istagini bildirgan aholidan ularni qabul qilib olish haqida topshiriq berilgan.

Avvalroq, yanvarning anomal sovuq kunlarida Qoraqalpog‘istonda yo‘lovchilarni bepul tashish aksiyasi bo‘lgani, unda nafaqat davlat tashkilotlari, balki fuqarolar ham ko‘ngilli ravishda faol ishtirok qatnashgani haqida xabar berilgan edi.