2023 yilning yanvar oyi davomida Energetika vazirligi huzuridagi «O‘zenergoinspeksiya» va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 511 ta holatda 6,7 mln kVt-soat elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Buning oqibatida tizimga 5,6 mlrd so‘m zarar keltirilgan. Ushbu hajmdagi elektr energiyasi o‘rtacha 33 ming 500 ta xonadonning bir oylik elektr energiyasi iste’molini tashkil qiladi.

Noqonuniy foydalanish holatlarining eng ko‘pi Surxondaryo, Samarqand, Sirdaryo, Xorazm, Buxoro va Toshkent viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keldi.

Qoidabuzar iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rilib, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi. Nazorat tadbirlari davom etmoqda, — deyiladi vazirlik axborotida.

Solishtirish uchun, 2022 yil dekabr oyida 15,7 mlrd so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangandi. Bu Sirdaryo viloyati aholisining bir haftalik elektr iste’molini tashkil qiladi. Noqonuniy holatlar ko‘proq Andijon, Qashqadaryo, Samarqand va Toshkent viloyatlariga to‘g‘ri kelgan.