O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov 3 fevral kuni Qozog‘istonning Olmaota shahrida bo‘lib o‘tgan Yevrosiyo hukumatlararo kengashining kengaytirilgan tarkibdagi majlisida nutq so‘zladi.

O‘zbekiston hukumati rahbari mamlakatda Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) bozorlariga ikki tomonlama kirishni soddalashtirish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari yakunlanganini ma’lum qildi.

«Biz milliy texnik reglamentlarni YeOII standartlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha tayyorgarlik ishlarini to‘liq yakunladik. Sertifikatlash natijalarini o‘zaro tan olish to‘g‘risida shartnoma tuzilishini tovarlarning bozorlarimizga o‘zaro kirishini soddalashtirish yo‘lidagi mantiqiy yakun, deb bilamiz. Biz YeOII ko‘magida ushbu qo‘shma hujjatni qabul qilishda ittifoqning barcha davlatlarining qo‘llab-quvvatlashiga ishonamiz», — dedi Abdulla Aripov.

Bosh vazir ta’kidlashicha, O‘zbekistonning kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi tovar ayirboshlash hajmini oshirish va YeOII davlatlari bilan savdo aloqalarini erkinlashtirishga yordam berishi kerak. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning YeOII mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 33 foiz ko‘proqqa oshib, 17 milliard dollarni tashkil etdi.

Abdulla Aripovning qayd etishicha, amaldagi erkin savdo rejimiga muvofiq, O‘zbekiston YeOII mamlakatlariga nisbatan savdo cheklovlarini qo‘llamaydi.

«Biz tarif va tarifsiz to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni birgalikda ishlab chiqish tarafdorimiz, chunki mamlakatlarimiz o‘rtasida olib o‘tiladigan tovarlarni tartibga solish paritet xususiyatga ega bo‘lishi kerak», — deya qo‘shimcha qildi hukumat rahbari.

Bosh vazir, shuningdek, O‘zbekiston YeOII mamlakatlari bilan sanoat hamkorligini davom ettirish niyatida ekanini ma’lum qildi.

«O‘zbekiston YeOII davlatlari bilan yangi qo‘shma korxonalar tashkil etish va ular o‘rtasida maqsadli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha faol ishlarni davom ettirishga qat’iy intiladi», — dedi Abdulla Aripov.

U bugungi kunda O‘zbekiston iqtisodiy ittifoq mamlakatlari bilan bir qator istiqbolli loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirayotgani, sanoat sherikligi kengayayotganini ta’kidladi. Xususan, 2022 yilda ittifoq mamlakatlari bilan 1000 dan ortiq qo‘shma korxona tashkil etilib, ularning umumiy soni 5 mingdan oshgan.

Hukumat rahbari YeOII mamlakatlariga yangi transport yo‘laklarini birgalikda ishlab chiqish taklifini ham kiritdi.

«Biz Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bozorlariga chiqish uchun samarali transport yo‘laklarini birgalikda ishlab chiqish va samarali choralar ko‘rishga tayyormiz», — dedi Abdulla Aripov.

O‘zbekiston hukumati rahbari o‘z nutqi yakunida YeOII davlatlarini sentabr oyida Samarqandda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bilan hamkorlikda o‘tkazilishi rejalashtirilgan oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiyaga taklif qildi.

O‘zbekiston bosh vaziri YeOII mamlakatlari o‘z ichki bozorlarini asosiy oziq-ovqat turlari, shuningdek, zarur mineral o‘g‘itlar bilan to‘liq ta’minlayotganini ta’kidladi.

«Shu bilan birga, mavjud salmoqli agrosanoat salohiyatiga qaramay, o‘zaro hamkorligimiz oziq-ovqat xavfsizligiga tobora kuchayib borayotgan tahdidlarga tezda javob berishga imkon bermayapti», — dedi Abdulla Aripov.

Bu borada qo‘shma qishloq xo‘jaligi klasterlarini yaratish, yashil va ekspress yo‘laklar orqali bojsiz o‘zaro tashishning kelishilgan sxemalarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratish lozim, dedi O‘zbekiston bosh vaziri.