Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi Anhor kanali bo‘yida joylashgan tarixiy obyekt yonida qurilish ishlari olib borilayotgani ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Bloger Nikita Makarenko qurilayotgan bino yonida arxitektor Dmitriyevning 50-yillarda Navoiy ko‘chasi ansambli bilan birgalikda qurilgan «O‘rda choyxonasi» joylashganini qayd etdi.

Davletovuz kanali muallifi Qobil Xidirov anhorlar xalqning, jamoatchilikning mulki ekanini, qurilish tarixiy binoga ziyon yetkazibgina qolmasdan, anhorning tabiiy qiyofasi uyg‘unligiga ham putur yetkazayotganini va u zudlik bilan to‘xtatilishi lozimligini ta’kidladi.

«U jamoatchilik makoni sifatida rivojlantirilishi, saqlab qolinishi, tadbirkorlar qo‘liga umuman berilmasligi lozim. Ekologiyamiz yildan-yilga yomonlashib borayotgan bir paytda anhorlar bo‘yining betonsevar tadbirkorlarga berilishi kechirib bo‘lmas jinoyatdir. O‘zi umuman, Toshkentdagi mavzelar, mahallalar ichidagi hamda anhorlar bo‘yidagi barcha qurilishlarga moratoriy e’lon qilinishi kerak. Bo‘ldi, osmondan bir tomchi tushsa, shahar loyga, quyosh chiqsa changzorga aylanyapti», — deb yozadi u.

aнҳор, qurilish
Foto: Effekt Makarenko / Telegram

O‘zbekiston arxitektorlar uyushmasi a’zosi, arxitektor Aleksandr Kuranov ham holatga munosabat bildirdi:

«Bu joy toshkentliklarning sevimli joyi edi. Ushbu vahshiylikning barcha ishtirokchilarining ismlari e’lon qilinishi kerak. „Yangi O‘zbekiston“ monumenti Moviy gumbazlar xiyobonidan ko‘chirilishiga erishildi. Anhor kanali sohilida ham xuddi shunday ommaviy aksiya kerak. Bu odatiy holga aylanmasligi uchun bunga rozi bo‘lganlar ham qonun doirasida to‘liq jazolanishi kerak», — dedi u.

Shundan so‘ng, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati Toshkent shahri Yunusobod tumani Alisher Navoiy ko‘chasi 2a-uyda joylashgan ushbu obyekt bo‘yicha munosabat bildirdirar ekan, obyekt mutasaddilari bir necha bor ogohlantirib kelinganini ma’lum qildi.

Toshkent shahar hokimining 2014 yil 14 maydagi Toshkent o’rdasi mas’uliyati cheklangan jamiyatiga Anhor kanali bo‘yidagi o‘zlariga tegishli hududda joylashgan qahvaxona binosini kanal muhofaza hududini saqlagan holda qayta qurish uchun 406-sonli qarori qabul qilingan.

Poytaxt Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi tomonidan 2014 yil 4 iyulda arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i ishlab chiqilgan hamda shahar Qurilish bosh boshqarmasining loyiha-smeta hujjatlarini kelishish bo‘yicha Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organi tomonidan 2021 yil 5 avgustda xulosa asosida loyiha hujjatlari kelishilgan.

Biroq qurilish obyektida Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 20 apreldagi qaroriga muvofiq «Qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun obyektni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti»ga asosan nazorat inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tmasdan qurilish-montaj ishlari boshlab yuborilgan.

aнҳор, qurilish
Hududning 2021 yil aprel oyidagi sun’iy yo‘ldosh tasviri. Xarita: Google Earth.

aнҳор, qurilish
Hududning 2022 yil fevral oyidagi sun’iy yo‘ldosh tasviri. Xarita: Google Earth.

aнҳор, qurilish
Hududning 2021 yil aprel oyidagi sun’iy yo‘ldosh tasviri. Xarita: Google Earth.

Shu bois Toshkent o’rdasi MCHJning ma’sul shaxsiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 99-moddasi bilan 2022 yilda ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Shuningdek, 2023 yilda obyekt takroran joyiga chiqib o‘rganilganda ham qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tmasdan qurilish ishlari olib borilayotgani aniqlangan. MCHJ mansabdor shaxsi nisbatan noqonuniy qurilish ishlarini zudlik bilan to‘xtatish bo‘yicha ogohlantirilgan va qurilish ishlariga mas’ullarga tushuntirish ishlari olib borilgan.

«Hozirda ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 99-moddasiga ko‘ra mas’ullarni qayta ma’muriy javobgarlikka tortish choralari ko‘rilayotganligini hamda obyektda qurilish ishlari to‘xtatilganini ma’lum qilamiz», — deyiladi xabarda.