FlyArystan aviakompaniyasi Olmaotadan Samarqandga, Jazeera Airways aviakompaniyasi esa Al-Quvaytdan Samarqandga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar qildi.

Olmaota — Samarqand — Olmaota yo‘nalishi bo‘yicha birinchi yo‘lovchi reysi 2023 yil 18 martga belgilangan. Reyslar Airbus A320 samolyotlarida haftasiga ikki marta — chorshanba va shanba kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

FlyArystan — Qozog‘istonning arzon (loukoster) aviatashuvlarni amalga oshiruvchi kompaniyasi bo‘lib, shtab-kvartirasi Olmaotada joylashgan. Kompaniya Qozog‘istondagi eng yirik Air Astana aviakompaniyasi negizida tashkil etilgan.

Shuningdek, Kuvaytning Jazeera Airways aviakompaniyasi Al-Kuvayt va Samarqandni to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar bilan bog‘lamoqda. Al-Kuvayt — Samarqand — Al-Kuvayt yo‘nalishi bo‘yicha muntazam parvozlar Airbus A320 samolyotlarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Birinchi reys 2023 yilning 15 fevraliga mo‘ljallangan.

Muntazam yo‘lovchi qatnovlari haftasiga ikki marta — chorshanba va yakshanba kunlari amalga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, Jazeera Airways O‘zbekistonga parvozlarni 2021 yilda boshlagan. Al-Kuvaytdan Toshkentga muntazam yo‘lovchi qatnovlari haftasiga uch marta — dushanba, seshanba va shanba kunlari, Namanganga — dushanba, chorshanba va juma kunlari amalga oshiriladi.

Jazeera Airways Kuvaytning ikkinchi milliy aviakompaniyasi bo‘lib, shtab-kvartirasi xalqaro aeroportda joylashgan va arzon narxlardagi havo sayohatlariga ixtisoslashgan.