AQSh Moliya vazirligi Rossiya bilan aloqador jismoniy va yuridik shaxslarga qarshi yangi sanksiyalar paketini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Rossiya bilan aloqador 10 nafar jismoniy va 12 ta yuridik shaxsga nisbatan sanksiyalar joriy qilindi.

Ro‘yxatga Singapur, Latviya, Kipr, Isroil, Rossiya va O‘zbekiston fuqarolari kiritilgan.

Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) ma’lumotlariga ko‘ra, ro‘yxatda quyidagilarning nomi keltirilgan:

  • Marks Blats (Latviya);
  • Serena Bi Lin (Singapur);
  • Igor Palnichenko (Kipr);
  • Maks Borisovich Piflaks (O‘zbekiston) va uning o‘g‘li Gilad Piflaks (Isroil);
  • Aleksandr Volfovich (Volfovits) (Kipr, Isroil);
  • Ariel Volfovich (Volfovits) (Kipr);
  • Stanislav Volfovich (Volfovits) (Kipr, Isroil);
  • Igor Zimenkov (Isroil, Rossiya);
  • Natan Zimenkov (Rossiya).

Yuridik shaxslar orasida:

  • Asia Trading & Construction PTE LTD (Singapur);
  • DES Defense Engineering Solutions LTD (Isroil);
  • Elektrooptika SIA (Latviya);
  • GBD LTD (Kipr);
  • GMI Global Manufacturing & Integration LTD (Kipr);
  • Kliosa LTD (Kipr);
  • Mateas LTD (Kipr);
  • Pitaron LTD (Kipr);
  • Terra-AZ LTD (Kipr);
  • Texel FCG Technology LTD (Isroil);
  • U-Stone LTD EOOD (Bolgariya)
  • VFC Solutions LTD (Kipr) mavjud.

OFACda qayd etilishicha, yuqorida sanab o‘tilgan kompaniyalar va jismoniy shaxslar Rossiya harbiy-sanoat kompleksini qo‘llab-quvvatlash maqsadida sanksiyalardan qochayotgan jismoniy va yuridik shaxslarning «global tarmog‘i» hisoblanadi.

Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Maks Borisovich Piflaks 1962 yil 14 iyunda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqaroligiga ega. U «Zimenkov» tarmog‘i a’zosi bo‘lib, DES Defense Engineering Solutions LTD (Isroil) kompaniyasi bilan aloqalari mavjud.

Avvalroq AQSh Davlat departamenti Rossiya korxonalariga qarshi sanksiyalar rejimini buzgani uchun O‘zbekistonning Promcomplektlogistic kompaniyasiga nisbatan cheklovlarni joriy qilgandi. U boshqa kompaniyalar qatorida «Rossiya harbiy-sanoat kompleksini qo‘llab-quvvatlash»da gumon qilinib, «qora ro‘yxat»ga kiritilgan.