O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan pushti saqoqushni o‘ldirgan erkakning yashash joyi va shaxsi aniqlandi. Bu haqda Tabiat reruslari vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Erkakning shaxsi aniqlangach, u videoda o‘z qilmishiga iqror bo‘lib, boshqarmalar xodimlaridan hamda «butun O‘zbekiston xalqidan» kechirim so‘ragan. «Iloji bo‘lsa, meni kechiring, bunday holat boshqa takrorlanmaydi», — deydi Elyor Jo‘rayev.

Qoidabuzarni jinoiy javobgarlikka tortish va hayvonot dunyosiga yetkazilgan zararni qoplash uchun prokuraturaga hujjatlar taqdim etildi.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida joylashgan ko‘lda bir bosh saqoqush qarmoq yordamida ushlanib, vahshiylarcha o‘ldirilgani aks etgan video tarqalgan edi.

«Aydar-Arnasoy» ko‘llar tizimi xodimlari holat bo‘yicha tekshiruv o‘tkazganda qush ovlagan shaxs aniqlandi. U mazkur holatda «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi hamda «Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida»gi qonun talablarini buzgani ma’lum bo‘ldi.