O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 fevral kuni Andijon viloyatidagi «Sadda tagi» mahallasida bo‘lib, faollar bilan uchrashdi, xonadonlardan birida mehmon bo‘ldi.
Bu mahallada 3 ming 600 nafardan ortiq aholi yashaydi. Davlat rahbari matbuot xizmatining xabar berishicha, bu yerda istiqomat qilayotgan oilalar tomorqadan unumli foydalanmoqda. Keyingi yillarda «Har bir oila — tadbirkor» dasturi doirasida parrandachilik, uzumchilik, issiqxonalar tashkil etilmoqda. Shuningdek, mahalla hududida tikuv korxonasi, oziq-ovqat do‘konlari, ustaxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda.
Aholi bandligini ta’minlash, yoshlarning bo‘sh vaqtini samarali tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar mazkur mahalla hayotida ham sezilmoqda. Ishsizlik darajasi pastligi, shuningdek, o‘tgan yili bu yerda birorta ham jinoyat qayd etilmagani shundan dalolat beradi, — deyiladi matbuot xizmati xabarida.
Prezident matbuot xizmati Shavkat Mirziyoyevning hokim yordamchisi bilan mahalladagi ishsizlik darajasini muhokama qilayotgani aks etgan videoni e’lon qildi.
Prezident: Nechta ishsiz bor?
Hokim yordamchisi: 401 ta ishsizni aniqlaganman. Sizning qaroringizga muvofiq, 10 sotixli yerlarni 100 nafar fuqaroga ajratib berdik, bular xursand. 114 nafarini doimiy ishga joyladik. 62 nafarini o‘zini o‘zi band qilish yo‘nalishi bilan joyladik. 19 nafariga subsidiyalar ajratib berildi.
Prezident: Qancha qoldi (ishsiz)?
Hokim yordamchisi: Bugungi kunda 25 nafar ishsiz bor.
Ammo yuqoridagi ma’lumotlar asosida matematik hisob-kitoblarni amalga oshirsak, 106 nafar ishsiz qolgan bo‘lib chiqmoqda, bu e’lon qilingan ko‘rsatkichdan 4,2 barobar ko‘p degani.
Andijondagi ishsizlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha raqamlar birinchi marta savol tug‘dirayotgani yo‘q. Iqtisodchi, Janubiy Koreyaning Chonbuk Milliy universiteti magistri Mirkomil Xolboyev avvalroq 2023 yilda viloyatda 470 mingta ish o‘rni yaratish rejalashtirilganiga e’tibor qaratgan edi. Rasmiy statistik ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda ishsizlarning umumiy soni 139 ming kishini (mehnatga layoqatli aholining 9,9 foizini) tashkil etadi.
«Joriy yilda yaratiladigan ishchi o‘rinlari ish izlab yurganlar sonidan 3,4 barobarga ko‘proq. Agar iqtisodiy nofaol aholini (mehnat resurslari tarkibida lekin iqtisodiy faol aholi tarkibida bo‘lmaganlarni) qo‘shib hisoblaganimizda ham, 2023 yilning so‘ngiga borib Andijonda bironta ishsiz odam qolmasligi kerak», — deya ta’kidlagan u.
Yaratilishi reja qilinayotgan ishchi o‘rinlari tarkibida mavsumiy harakterga ega bo‘lgan ishchi o‘rinlari ham mavjud. Lekin mavsumiy harakterga ega bo‘lgan ishchi o‘rinlarini chiqarib tashlagan taqdirda ham, joriy yilda 195 mingta ishchi o‘rni yaratilishi kerak.
Bu ko‘rsatkich ham hozirgi ishsizlar sonidan (139 ming) sezilarli darajada yuqori. Agar iqtisodiy nofaol aholi tarkining bir qismi ish izlashni boshlagan taqdirida ham, joriy yilda viloyatda ishsizlik butunlay yo‘qolib ketishi kerak bo‘ladi. To‘g‘ri, ba’zi mavjud ish o‘rinlari yo‘qolib, u yerdan bo‘shagan insonlar yangi ish o‘rinlarga ko‘chib o‘tishi mumkin, lekin shunda ham berilayotgan raqamlarni hech bir sog‘lom mantiqqa sig‘dirib bo‘lmaydi, — deb yozgan Mirkomil Xolboyev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, real hayot bilan qog‘ozdagi raqamlar uzoqlashishda davom etmoqda.
Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.
«Men o‘ylaymanki, bu ketishda xuddi eski davrdagi kabi beriladigan raqamlar bilan haqiqiy hayot o‘rtasidagi bog‘liqlik butunlay yo‘qoladi», — deydi iqtisodchi.