Gollandiyaning Veyk-an-Zeye shahrida o‘tkaziladigan Tata Steel Chess turniri shaxmat olamidagi «so‘nggi mogikan» hisoblanadi. Oldinlari buyuk an’anaga ega bo‘lgan yillik turnirlar taqvimning salmoqli qismini egallagan, ularda eng kuchli grossmeysterlar hamda yosh iqtidor egalari qatnashgan va 64 joydan iborat bo‘lgan taqsimotda dunyoda kim qaysi o‘rinda bo‘lishini aynan ular aniqlagan. Ammo dunyo o‘zgardi va Linares, Redjo-Emiliya hamda boshqalarning shon-sharafi o‘tmishda qoldi. Boy tarixga ega bo‘lgan so‘nggi muhim voqea Gollandiyadagi turnir bo‘ldi. 60 yillarda unda barcha kuchli shaxmatchilar — Sovet chempionlari ham, G‘arbning eng yaxshi vakillari ham qatnasha boshladilar. Ko‘p yillar davomida Botvinnik va Tal, Karpov va Kasparov, Anand va Kramnik, Nakamura va Karlsen uning g‘oliblari bo‘lib kelishgan.

Bu musobaqani boshqalaridan ajratib turadigan yana bir jihati tashkilotchilarning yondashuvidir. Ular barcha yuqori o‘rindagi o‘yinchilarni bir joyga yig‘ishni maqsad qilishmaydi, bu ko‘pincha juda jiddiy o‘yinga olib keladi, oqibatda o‘yinlar unchalik qiziqarli kechmaydi. Aksincha, ular umidli o‘smirlarni, eng kuchli ayol shaxmatchilarni, eng yuqori davradan bo‘lmasada, yorqin uslubi bilan esda qoladigan o‘yinchilarni taklif qilishni yaxshi ko‘rishadi. Shu tufayli turnir natijalari oldindan aytib bo‘lmaydigan ko‘rinishga kelib qoladi, musobaqaning oxirigacha «intriga» o‘lmaydi va ko‘plab janglar shaxmat san’ati xazinasini boyitadi. Bu butun dunyo bo‘ylab o‘yin ixlosmandlari tomonidan qadrlanadi va kutiladi. Turnir boshlanishidan oldin Vishi Anand aytganidek, «Veyksiz yanvar — yanvar emas».

Bu yil ham turnir odatdagidek qiziqarli va ko‘p qirrali o‘yinchilar to‘plami bilan bizni mamnun qildi. Ma’lum sabablarga ko‘ra, rossiyalik grossmeysterlar unda ishtirok eta olishmadi, ammo bu sezilarli muammoga aylanmadi. Jahon chempioni Magnus Karlsen va ikkinchi jahon shaxmatchisi Din Liren boshlang‘ich ro‘yxatda birinchi o‘rindv turishgan edi. Maydon mezboni Anish Giri ham yuqori baholangandi, u bu yerda allaqachon besh marta ikkinchi o‘rinni olgan, lekin hech qachon shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilmagan. Amerikalik Fabiano Karuana, Uesli So va Levon Aronyanlar tarkibga vazn qo‘shishdi.

Ammo turnirning asosiy jihati o‘smirlarning ko‘pligida edi. Hindistonlik shaxmatchilar Gukesh, Erigaysi va Pragnanandha, germaniyalik Keymer va, albatta, Nodirbek Abdusattorov hali yuqori davralarda ro‘yxatdan o‘tmagan bo‘lsalarda, o‘zlarini baland ovozda e’lon qilishga muvaffaq bo‘lishgan edi. Mutaxassislarning fikricha, ular yaqin kelajakda shaxmat elitasini tashkil qiladi. Ushbu tarkibda «qora otlar» sifatida yosh eronlik Magsudlu va Gollandiyaning yana bir vakili van Forestni keltirish mumkin — ular murosasiz jang uslubidagi shaxmatchilar.

Turnir boshlandi

Nodirbek birinchi davrada vengriyalik (hozirda Ruminiya sharafini himoya qiladi) grossmeyster Richard Rapportga qarshi dona surishi kerak edi. Rapport juda o‘ziga xos o‘yinchi bo‘lib, u eskirib ulgurgan yurishlardan qochib, raqiblarni ijodiy munozaralarga olib boradi, ba’zan esa hattoki jiddiy pozitsion imtiyozlarni qurbon qilish evaziga. U uzoq vaqt davomida shaxmat olamida mashhur va hurmatga sazovor bo‘lgan, lekin eng yuqori yutuqlarga da’vo qila olmadi va yaqinda, 2022 yilda u muvaffaqiyatga erishdi va nomzodlar turniriga (jahon chempioni bilan o‘yin uchun) chiqdi.

Nodirbek bilan o‘yinda oq donalarda o‘ynagan Richard birinchi harakatlardan eski va hozir juda kam uchraydigan yurishlarga o‘tdi. Nodirbek, o‘z ta’biri bilan aytganda, bunday voqealar rivojiga tayyor edi, lekin bu variantni kutmagan edi. Biroq, u o‘tgan mashg‘ulotlardagi ba’zi g‘oyalarni esladi va sezilarli ustunlikka erishdi. Oqlar vaziyatni soddalashtirganidan keyin hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lsada, o‘yin tashabbusi ham, fikr yuritish uchun vaqt bo‘yicha ustunlik ham Nodirbekda qoldi va Richard yakunda hal qiluvchi xatoga yo‘l qo‘ydi. Shaxmatchimiz Veyk-an-Zeyedagi ilk turnirini qora donalarda ishonchli g‘alaba bilan boshladi (bu oq donalarda g‘alaba qozonishdan ko‘ra ancha qiyinroq).

Bir-ikkita kuchli durangdan so‘ng to‘rtinchi turda Nodirbek Parham Mag‘sudlu bilan o‘ynadi. Parham tashkilotchilar taklif qilgan nomzod — polyak Yan-Kshishtof Duda ishtirok eta olmagani uchun so‘nggi daqiqada turnirga taklif etildi. Eronlik shaxmatchi 22 yoshda, bu zamonaviy shaxmat standartlari bo‘yicha allaqachon jiddiy yosh. Uning qachondir reytingning eng yuqori pog‘onalariga chiqishi dargumon, ammo uning ajoyib uslubi va insoniy jozibasi ko‘plab muxlislar e’tiborini qozongan. «O‘yin zaliga kirganingizda ko‘plab o‘yin ishqibozlari va shaxmatga juda qiziqadigan, o‘yinlarni doim tomosha qiladigan bolalarni ko‘rasiz. Bu meni yaxshiroq o‘ynashga, ular zavqlanishi uchun ko‘proq jangovar shaxmat o‘ynashga undaydi», — dedi grossmeyster turnir boshlanishidan oldin.

O‘yinda eronlik shaxmatchi qora donalar bilan qirol himoyasining jiddiy zaiflashishiga yo‘l qo‘ydi va doskada faqat rux va farzin qolganiga qaramay, uning pozitsiyasi juda yoqimsiz edi. Nodirbek doimiy ravishda tahdidlar yarata olardi, raqib esa ko‘p variantlarni sanab, aniq harakatlar bilan himoyalanishga majbur bo‘ldi. Bir vaqtning o‘zida u farzinlarni (asosiy hujumchi kuchni) piyoda evaziga almashishi va osongina ushlab turadigan pozitsiyaga o‘tishi mumkin edi, lekin negadir u buni qilmadi. Nodirbek juda ishonchli o‘ynadi va raqibiga ikkinchi imkoniyat qoldirmadi. Bu g‘alaba unga o‘sha kuni jahon chempionini mag‘lub etgan Anish Giri bilan birga turnir peshqadami bo‘lib qolish imkonini berdi.

Asosiy raqiblar

2022−23 yillar Magnus Karlsen va butun shaxmat jamoasi uchun ahamiyatli yil bo‘ldi. O‘tgan yili u klassik shaxmat bo‘yicha jahon chempioni unvonini Yan Nepomnyaiy bilan o‘yinda himoya qilmasligini ma’lum qilgandi. Buning sabablari ko‘p bo‘lishi mumkin: o‘yinlarning uzoq formatidan charchash, o‘tgan safar hech qanday qarshilik ko‘rsata olmagan raqib bilan yana uchrashishni istamaslik, umuman olganda to‘laqonli raqib yo‘qligi sababli zerikish hissi. Yil yakuniga ko‘ra, Magnus uchun Olmaotadagi tezkor shaxmat bo‘yicha chempionatda dunyoning eng kuchlisi ekanligini isbotlash muhim edi va u buni ajoyib tarzda amalga oshirib, oltin dubl qayd etdi. O‘sha musobaqada u ikki bor Nodirbek bilan to‘qnash keldi — 2021 yildagi mag‘lubiyat uchun qasos olish niyatida edi. Har ikki o‘yin ham Karlsenning ishonchli g‘alabasi bilan yakunlandi va grossmeyster Aleksandr Shimanov bu haqda hazillashganidek, «Karlsenni mag‘lub etgandan keyin, bir necha yil davomida uning qo‘liga tushmagan ma’qul», — dedi.

tata steel chess tournament, магнuс карлсен, нодирбек абдuсатторов, shaxmat

Abdusattorov Karlsenni mag‘lub etganida, tezkor shaxmat bo‘yicha 2021 yilgi jahon chempionati. Foto: O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi.

Magnus Veykda rekord miqdorda — yetti marta yutgan va bu raqamni yana oshirishga tayyor edi. U ikkinchi raundda Vensan Keymerni ishonchli tarzda mag‘lub etdi, lekin keyin to‘xtab qoldi va yuqorida aytib o‘tilganidek, mezbonga imkoniyatni boy berdi. Norvegiyalik shaxmatchining muxlislari unchalik xafa bo‘lishmadi — u musobaqalarni sekin sur’atda bilan boshlashga moyil, ammo marra chizig‘ida shiddat oladi. Bundan tashqari, beshinchi raund oldidan dam olish kuni bor edi va Magnus, Veykda odat tusiga kirganidek, kuch to‘plab olish uchun futbol o‘ynadi. U oq donalar bilan o‘ynadi va bu Nodirbekning ishonchli qadamini to‘xtatib qo‘yish uchun eng zo‘r imkoniyat bo‘lib ko‘ringandi.

Karlsen o‘yinni o‘zining sevimli uslubida boshladi — katta ustunlikka da’vo qilishdan bosh tortdi, lekin uzoq davom etgan kurashda raqibni asta-sekinlik bilan o‘yin davomiyligini qisqartirishga imkon bermadi. 14-harakatda, o‘z o‘rnini keskinlashtirib olishni xohlab, u fil uchun ruxni xavfli tarzda qurbon qildi (bu qismlar orasidagi farq taxminan ikki piyoda). «Qoralar» qirolining xavfsiz joyga pozzitsiyaga o‘tishning imkoni bo‘lmaganligi va piyodalarga tahdid kompensatsiya bo‘ldi. Jonli efirda sharhlovchilar ikkiga bo‘linib olishdi. Nodirbek o‘yindan keyin bergan intervyusida qurbonlikni shubhali deb bilganini aytdi. Biroq, Magnus g‘alaba qozongan taqdirda, bu to‘g‘ri amaliy qaror sifatida tan olinishi kerak edi. Ammo tarix istak mayli nima ekanligini bilmaydi va Nodirbek tahdidlarni ishonchli tarzda qaytardi hamda o‘yinni faqat «u g‘alaba qozona oladimi (yoki durang bo‘ladimi)» degan masalaga olib keldi.

Doskada faqat farzinlar qoladigan o‘yin bosqichi shaxmatda eng qiyinlaridan biri hisoblanadi — juda ko‘p variantlar paydo bo‘ladi va ko‘pincha pozitsiyani to‘g‘ri baholash uchun tayanadigan belgilar yo‘q.

Nodirbekning 2021 yilda chempion ustidan qozongan muhim g‘alabasi ana shunday pozitsiyada bo‘lib o‘tgani, albatta, uning kayfiyatini ko‘tardi va Magnus tushkunlikka tushdi. Qora piyoda qirolichalar tomon muqarrar ravishda yurardi va norvegiyalikning baxtiga qarshi, uning qiroli taxtaning noqulay tomonida edi. Himoyalanish payida yurishlar qilib, ertami-kechmi, qora donalarning javob yurishidan so‘ng, o‘yin nihoyat shaxmatchimizning g‘alabasi bilan yakunlandi.

tata steel chess tournament, магнuс карлсен, нодирбек абдuсатторов, shaxmat

Foto: Jurriaan Hoefsmit.

Darvoqe, beshinchi tur, boshqalardan farqli o‘laroq, Veyk-an-Zeyeda emas, Amsterdamdagi «Ayaks» futbol klubining uy stadioni «Yohan Kroyf Arena»da bo‘lib o‘tdi. O‘yindan so‘ng Nodirbekdan bu haqda qanday fikrda ekanligi so‘raldi. U jamoaning Chempionlar ligasidagi o‘yinlarini tez-tez kuzatib borishini aytdi va hatto «Real Madrid» ustidan qozonilgan g‘alabani eslab o‘tdi.

Oltinchi-yettinchi raundlarda Nodirbek ikkita asosiy raqib — hindistonlik tengdoshlari Pragnanandxa va Erigaysi ustidan g‘alaba qozonishi kerak edi. Pragga bilan (muxlislar uning ismini shunday qisqartirib aytishadi) bahsda Nodirbek oq donalarda o‘ynadi. U ishonchli tarzda, deyarli harakatlar haqida o‘ylamasdan, raqib hisobni tenglashtirish uchun aniq o‘yinni tanlashi kerak bo‘lgan holatga o‘tdi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, raqib uydagi tayyorgarlikdan cho‘chib, o‘rniga passiv himoyaga o‘tishi kerak edi, lekin bu o‘zini oqlamadi. Rameshbabu variantlarni to‘g‘ri hisoblab chiqdi va ishonchli tarzda o‘yinni durangga olib chiqdi.

Erigaysi oq donalarda o‘z qirolining himoyasini zaiflashtirish evaziga xujum yaratib, g‘alaba qozonishga harakat qildi. «Qoralar»ning yagona qarshi o‘yini sababli doska markazida yaxshi pozitsiya yuzaga keldi, ammo bu tashabbusni qo‘lga olish uchun yetarli bo‘ldi. Natijada Arjun tizginni yo‘qotdi va Nodirbek bir qator kuchli, aniq hisoblangan harakatlar bilan turnirdagi to‘rtinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi.

O‘sha kuni Pragnanandxa butun turnirda omadsizlikka uchragan Lirenni mag‘lub etdi va Nodirbekdan bir ochko ortda qolgan holda uning eng yaqin ta’qibchilari guruhiga qo‘shilib oldi. O‘sha paytda birinchi o‘rin uchun kurash ikki vunderkin o‘rtasidagi qarama-qarshilikka aylangandek tuyuldi, ammo taqdir boshqacha qaror qildi.

Voqealar rivoji

Sakkizinchi turdan boshlab Nodirbek turnir peshqadamligini saqlab qolish uchun oqilona taktika tanladi. Yana bir o‘smir Vinsent Keymerga qarshi o‘yinda u qiyinchilikka duch keldi, nemis shaxmatchisi bir nuqtada juda qiyin yakundagi g‘alaba qozonish imkoniyatini o‘tkazib yubordi. Boshqa janglarda u durangga qarshi emasdi — aytish mumkinki, u daryo qirg‘og‘ida o‘tirib, quvib o‘tishga harakat qilgan raqiblarini kutayotgandek edi. Prag esa haqiqatdan ham kurashning keskinligiga chiday olmadi, uchta o‘yinda mag‘lub bo‘ldi. Ammo mezbonlarning eng kuchli vakili Anish Giri butunlay muvaffaqiyatsizlikka uchragan Lijenni mag‘lub etdi va yakunga ikki raund qolganda shaxmatchimizga yaqinlashdi.

tata steel chess tournament, магнuс карлсен, нодирбек абдuсатторов, shaxmat

Foto: Jurriaan Hoefsmit.

So‘nggi turda Anish o‘z vatandoshi Yorden van Forest bilan uchrashdi, u o‘sha paytda so‘nggi o‘rinlardan birini egallab turgan edi. Bu o‘yinda katta jang bo‘lishini kutishmagan edi, ammo Yorden skeptiklarni uyatirishga muvaffaq bo‘ldi. U o‘yin boshida ajoyib tayyorgarlik ko‘rganini namoyish etdi va tezda g‘alabali pozitsiyaga chiqib oldi. U bir necha bor g‘alabaga yaqin keldi, ammo Anishning o‘jar himoyasi va uning sportchilarga xos omadi unga yordam berdi — durang.

Shu tariqa, so‘nggi tur oldidan Nodirbek Giridan yarim ochko oldinda bo‘lib, yaqqol birinchi o‘rinni egallab turgan edi. Nodirbek van Forest qarshi dona surdi, Giri esa Rapportga qarshi o‘ynadi. Agar Abdusattorov ta’qibchilariga (Giridan tashqari Karlsen birinchi o‘rin uchun nazariy imkoniyatlarni saqlab qolgan) faqat g‘alaba kerak bo‘lsa, Nodirbek g‘alaba yoki durang uchun o‘ynashni hal qila olmadi shekilli. G‘alaba qozongan taqdirda yakka tartibda g‘olib bo‘lardi, durang va Anish g‘alaba qozongan taqdirda esa birinchi yoki ikkinchi o‘rin uchun tay-brek o‘ynashi kerak edi. Boshqa tomondan, g‘alaba qozonish uchun o‘ynash har doim xavf bilan bog‘liq va tinch durang ehtimoliy tay-breykgacha energiyani tejash imkonini berdi.

Lirik chekinish. Ushbu satrlar muallifi 18 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi blits-chempionatining so‘nggi turida o‘ynab, o‘z tajribasi davomida xuddi shunga o‘xshash tuyg‘ularni boshdan kechirgan edi. Oxirgi raunddagi raqib durangni taklif qildi, lekin katta ehtimol bilan bu faqat ikkinchi o‘rin uchun yetarli bo‘lar edi, g‘alaba esa birinchilikni kafolatlardi. Haqiqatan ham diqqatni jamlash va to‘g‘ri yo‘nalish olish juda qiyin edi. Durangdan voz kechish yaxshi natijaga olib kelmadi — g‘alaba qozonishni juda xohlab, asta-sekin mag‘lub bo‘ldim. Shunga o‘xshash dilemma — osmonda turnani ushlayman deb, qo‘ldagi chittakni qo‘ldan boy berish mumkin — bu har bir shaxmatchining boshiga tushadi va uning to‘g‘ri yechimi har doim donolik va jasoratni talab qiladi.

Ana shu ikkilanishlar tufayli Nodirbek o‘yinni xotirjam, chin yurakdan o‘ynay olmadi. O‘yinning dastlabki bosqichida u piyodalar tuzilishining jiddiy buzilishiga yo‘l qo‘ydi. Buning kompensatsiyasi raqibning ot va ruxning rivojlanmaganligi edi, ammo uni faqat qarama-qarshi qanotni o‘z vaqtida yorib o‘tish orqali ishlatish mumkin edi. Afsuski, Nodirbek buni qilmadi va uslubiy jihatdan ustunlikni qo‘ldan boy berdi.

Giri Rapportga qarshi o‘ynab, o‘yin yo‘nalishini tanlash borasida psixologik jihatdan juda nozik yondashdi. U jiddiy ustunlikka erisha olmadi, lekin pozitsiya tinch va xavf-xatarsiz edi — kurashning bu tabiati jangovar Richardga umuman mos kelmadi. Shunga qaramay, u o‘zini juda ishonchli himoya qildi, bir nuqtada tenglikka erishib, elementar taktik zarbani o‘tkazib yubordi. Shu tariqa Giri g‘alaba qozondi va o‘z faoliyatida ilk bor 2011 yildan buyon o‘ynab kelayotgan Veyk-an-Zeye turnirining g‘olibiga aylandi.

Nodirbek ikkinchi o‘rinni egalladi. Mag‘lubiyatning achchiqligi va g‘olib bo‘lish imkoniyatini qo‘ldan boy berganlik hissiga qaramay, bu ajoyib natija. Shaxmatchimiz eng yuqori darajadagi o‘yin (Jahon shaxmat federatsiyasi bosh direktorining fikricha, unga bo‘lajak jahon chempioni unvonini bashorat qilish uchun yetarli), yaxshi tayyorgarlik (yana bir taniqli o‘zbekistonlik shaxmatchi Rustam Qosimjonov bilan hamkorlik samarasi), va hozircha — mustahkam asablar va hayratlanarli darajadagi xotirjamlikni namoyish etdi. Oxirgi tur imtihoni 18 yoshli bolaning ruhiyati uchun juda qiyin bo‘lib chiqdi, lekin shubhasiz uni mustahkamlashtirdi. Nodirbek tezkor shaxmat bo‘yicha Olimpiya chempioni, jahon chempioni unvonlarini yana ko‘plab shonli kuboklar bilan to‘ldirishiga shubha yo‘q.

Ayni paytda, eng kuchli emas, balki kuchli va tajribali shaxmatchilar o‘zaro bahslashayotgan Challengers turnirida yana bir yosh grossmeysterimiz Javohir Sindarov faxrli uchinchi o‘rinni egalladi.

Har bir raunddagi jangning borishi bilan quyidagi havolalarda batafsilroq tanishishingiz mumkin: