1 fevraldan boshlab O‘zbekistondan Afg‘onistonga temir yo‘l qatnovi vaqtincha to‘xtatildi. «O‘zbekiston temir yo‘llari» korxonasi bunga 2 davlat o‘rtasida tuzilgan shartnoma o‘z vaqtida bajarilmagani sabab bo‘lganini ma’lum qildi.

Avvalroq — 26−30 dekabr kunlari Termiz shahrida 2 davlat vakillari o‘rtasida temir yo‘l masalalari yuzasidan uchrashuvlar bo‘lib o‘tgandi. Unda 2023 yilning 1 fevraliga qadar Afg‘oniston hududidagi texnik ishlar bosqichma-bosqich «Afg‘on temir yo‘llari» ishchilari tomonidan amalga oshirilishi bo‘yicha «Harakatlar rejasi» kelishilgandi.

Shuningdek, «O‘zbekiston temir yo‘llari» tarkibiga kiruvchi «Sogdiana trans» SHK va Afg‘on temir yo‘l boshqarmasi o‘rtasida tomonlar bajaradigan ishlar ro‘yxati belgilangan va 27 yanvarga qadar yangi shartnoma imzolanishiga kelishilgan.

Biroq Afg‘oniston temir yo‘l boshqarmasi kelishilgan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshira olmayotgani sababli 1 fevraldan boshlab qatnovlar vaqtincha to‘xtatilishi ma’lum qilindi. Keltirilishicha, G‘alaba-Hayraton temir yo‘li ochilishi haqidagi ma’lumotlar to‘ldiriladi.

Afg‘onistondagi Hayraton-Mozori Sharif temir yo‘li 2010 yilda qurilib, 2011 yildan boshlab temir yo‘lning barcha xizmatlari «Sogdiana trans» SHK tomonidan amalga oshirilmoqda.