Ijtimoiy tarmoqlarda Mirzo Ulug‘bek tumanining «Shahrisabz» MFY da amalga oshirilayotgan obodonlashtirish va ta’mirlash ishlariga jalb etilgan maxsus texnika vositalari daraxtlarning ildiz qismini shikastlantirayotgani to‘g‘risida xabar e’lon qilindi. Bu bo‘yicha Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, holat Mirzo Ulug‘bek tumani Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi davlat inspektorlari hamda tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimlari bilan birgalikda hududga chiqib o‘rganilgan.

O‘rganilgan ishlar natijasida, «O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi qonun talablariga rioya etmaganligi uchun mas’ullarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 79-moddasiga (Daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish) asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, jarima belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 6 avgust kuni Toshkentda ko‘chani kengaytirish va «obodonlashtirish» bo‘yicha qabul qilingan navbatdagi qaror natijasida 100 ga yaqin ko‘p yillik daraxtga zarar yetkazilgani haqida yozgandik. Jamoatchilik noroziligidan so‘ng loyiha qayta ko‘rib chiqildi, ammo ba’zi daraxtlar qurib qolishi mumkin.

Undan so‘ng, Ekologiya qo‘mitasi mutaxassislari Chilonzor ko‘chasini rekonstruksiya qilish jarayonida 101 tup daraxtga, shu jumladan, 92 tup eman, 1 tup chinor, 5 tup tut, 2 tup archa va 1 tup mevali behi daraxtlarining ildiz qismini shikastlanganini aniqladi. Shuningdek, yo‘lni rekonstruksiya qilish bo‘yicha davlat ekoekspertizasi xulosasi ham olinmagan.

Shundan so‘ng prezident topshirig‘iga ko‘ra Chilonzor tumani hokimi va prokurori ishdan bo‘shatildi, Toshkent sobiq hokimi va prokuroriga esa «vazifasiga mas’uliyatsiz munosabatda bo‘lgani uchun» qattiq hayfsan berilgandi.

11 avgustda esa Yakkasaroyda shunday holat takrorlangandi. Unda Shota Rustaveli ko‘chasidagi 28-uy yaqinida 4 ta katta (ulardan biri kasal) va 7 ta mayda daraxtning ildiz tizimi shikastlangan.