Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanida 5 kishi ovqatdan zaharlanib, ularning 2 nafari vafot etgani haqida xabar berilgandi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi holat bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlarni taqdim etdi.

Qayd etilishicha, «Zarmitan» MFYda 6 yanvar kuni 1971 yilda tug‘ilgan fuqaro S.N. xonadonida yashovchi oila a’zolaridan turmush o‘rtog‘i — 1972 yilda tug‘ilgan F.S., shuningdek, 3 nafar farzandi — 1996 yilda tug‘ilgan D.E., 1998 yilda tug‘ilgan Sh. E. va 2008 yilda tug‘ilgan B.E. tuman tibbiyot birlashmasining reanimatsiya bo‘limiga ovqatdan zaharlanish-botulizmga gumon tashxisi bilan yotqizilgan.

Tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi xodimlari tomonidan bemorlarning otasi N.S.dan so‘rab-surishtirilganda 5 yanvar kuni oila a’zolari go‘shtli to‘g‘rama sho‘rva bilan uyda qo‘lbola usulda tayyorlangan pomidor-bodring tuzlamasini iste’mol qilgani aniqlangan.

Bemorlar tuman tibbiyot birlashmasi shifokorlari tomonidan ko‘zdan kechirilganda botulizmga xos klinik belgilar kuzatilgan hamda botulizm tashxisi quyilgan. Bemorlarda nafas olishdagi patologik o‘zgarishlar bo‘lgani sababli sun’iy nafas olish apparatiga ulanib, shifokorlar tomonidan muolajalar olib borilgan.

14 yanvar kuni 1998 yilda tug‘ilgan Sh. E. ko‘rsatilgan reanimatsion yordamga qaramasdan, o‘tkir yurak va nafas yetishmovchiligi oqibatida botulizm bulbar sindromi tashxisi bilan shifoxonada vafot etgan. 26 yanvar kuni esa 1996 yilda tug‘ilgan D.E. ko‘rsatilgan reanimatsion yordamga qaramay, o‘tkir yurak va nafas yetishmovchiligi oqibatida botulizm bulbar sindromi asorati tashxisi bilan vafot etgan.

2008 yilda tug‘ilgan B.E.ning ahvoli yaxshilangani uchun 17 yanvar kuni reanimatsiya bo‘limidan yuqumli kasalliklar bo‘limiga o‘tkazilgan. Bemor F.S.ning ahvoli yaxshilanib, botulizimga xos klinik belgilari qolmagan. Shifoxonadagi bemorlarga spetsifik, simptomatik va dezintoksikatsion davo muolajalari davom ettirilmoqda. Shuningdek, tuman tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar bo‘limida davolanayotgan, 1971 yilda tug‘ilgan fuqaro N.S.ning botulizmga xos klinik belgilari qolmagani hamda ahvoli yaxshilangani sababli 23 yanvar kuni qoniqarli ahvolda uyiga javob berilgan.

Holat bo‘yicha kasallik qayd etilgan xonadondan olingan uy sharoitida tayyorlangan pomidor-bodring tuzlamasi hamda bemorlardan olingan biomateriallar viloyat Sanitariya boshqarmasi bakteriologiya laboratoriyasida tahlildan o‘tkazilganda uy sharoitida tayyorlangan tuzlama va bemorlar qusuq massasidan botulizm qo‘zg‘atuvchisi aniqlangan.