Arab tili kursidagi xatti-harakatlari uchun ishdan olingan Toshkent tumanidagi «Eshonxo‘ja ota» masjidi imom-xatibi Avazxo‘ja Bahromov 3 sutkaga qamaldi. Bu haqda poytaxt sudlari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan audio yozuvda imom-xatib yosh qizga nisbatan bir qancha odamlar ichida tahdidli gaplar aytgan.

«Senga kim qo‘yibdi qaysi ustoz qaysi ustozdan kuchliligini? Tonadigan bo‘lsang, basharangning oldiga olib kelib qo‘yaman kimga gapirganingni. Senga kim qo‘yibdi? Birovning o‘quv markazida kim nima qildi, sening ishingmi shu? Men senga ro‘baro‘ qilib qo‘yaman kim gapirganini. Kecha ro‘paramga kelganingda boshingni akvariumga tiqmoqchi edim, kecha jahlim chiqib kelgandim. O‘zimni sal bosvoldim bugun. So‘yib tashlayman men seni, yuragingni sug‘urib, qo‘lingga olib beraman, tushundingmi?» — degan u.

Salkam 4 daqiqali audioyozuvda imom-xatib o‘quv-markaz adminstratori bo‘lgan qizga bir necha marta «yuragini sug‘urib olishini» takrorlagan.

Poytaxt sudlari matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 30 yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) bo‘yicha Avazxo‘ja Bahromovga nisbatan yuritilgan ma’muriy ish ko‘rib chiqilgan.

Sud majlisida aniqlanishicha, huquqbuzar 2023 yil 27 yanvar kuni soat taxminan 9:30 da tuman hududida joylashgan «Al-Azhar» o‘quv markazi binosida bo‘la turib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, jamoat tartibini buzib, fuqaro M.A.ni so‘kib, mayda bezorilik sodir etgan.

Sudning 30 yanvardagi qarori bilan Bahromovga 3 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

«Sud majlisida arizachi va huquqbuzarga mazkur ma’muriy ishga aloqador bo‘lmagan huquqbuzarliklar yuzasidan keltirilgan vajlar bo‘yicha tegishli tartibda huquqni muhofaza etuvchi idoralarga murojaat qilish huquqi tushuntirildi. Ushbu qaror ustidan qonunchilikda belgilangan tartib va muddatlarda Toshkent shahri sudiga apellyatsiya shikoyati yoki protest berilishi mumkinligi ma’lum qilinadi», — deyiladi axborotda.

Qayd etilishicha, 1977 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan Avazxo‘ja Bahromov muqaddam Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 241-moddasi (Diniy ta’limotdan saboq berish tartibini buzish) bilan ma’muriy javobgarlikka tortilgan.