Prezident Islom Karimov 30 yanvar kuni 85 yoshga to‘lgan bo‘lardi. Mustaqil O‘zbekistonning birinchi davlat rahbari tavallud kuni munosabati bilan «Gazeta.uz» 17 yil davomida Islom Karimovga uchuvchilik qilgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan aviatsiya xodimi Erkin Gulyamov bilan suhbatlashdi.

— Aviatsiya sohasini tanlashingizga kimlar yoki nimalar sabab bo‘lgan?

— 1960−70 yillarda aksariyat maktab bitiruvchilari kelajakda uchuvchi bo‘lishini aytardi. Chunki u paytlarda ham bu kasb egasi juda mashhur edi, ko‘pchilikning havasi kelardi. Biz o‘qigan maktabdagi yigitlarning ham deyarli bari uchuvchi bo‘laman, derdi.

Erkin Gulyamov. Foto: Madina A’zam / «Gazeta.uz»Erkin Gulyamov. Foto: Madina A’zam / «Gazeta.uz»

Buvam rahmatli Toshkentdagi aviazavod (TAPOiCh)da mehnat qilgan. Undan keyin dadam ham shu sohada ishladi. Dadamning asl kasbi shifokor edi. 9 yil Buxoroda ishlagan, 1960 yillarda esa O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasi birlashmasi (hozirgi Uzbekistan Airways)ga bosh shifokor bo‘lib ishga kirgan. Bosh shifokorlarga ham aviatsiyachilar libosini kiyish majburiy edi, shu bois dadam uyga uchuvchilar formasida kelardi.

U vaqtlarda maktab o‘quvchisi edim. Buvam va dadamga havas qilib, men, ukam va amakivachcham shu sohani tanlaganmiz. 1973 yili Rossiyadagi aviatsiya bilim yurtiga o‘qishga kirganman. U yerda harbiy va fuqaro aviatsiyasi uchun uchuvchilar tayyorlanardi. O‘qishni a’lo baholarga tugatib, Sergeli aeroportida (Toshkentning mahalliy yo‘nalishlar uchun mo‘ljallangan eski aeroporti — tahr.) ish boshlaganman.

Besh yildan keyin Kiyev aviatsiya muhandislari institutining sirtqi bo‘limiga o‘qishga kirganman. U yerni ham uchuvchilik, ham injenerlik bo‘yicha oliy ma’lumotli kadr sifatida bitirganman. Institutda An-24, Tu-154 va Il-86 kabi SSSR samolyotlarini boshqarishni o‘rganganman.

— Ammo siz uzoq yillar davomida «Boing» samolyotlarini boshqargansiz, to‘g‘rimi?

— To‘g‘ri. O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, prezident Islom Karimovning farmoni bilan «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi tashkil etildi. O‘sha yili O‘zbekiston Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotiga a’zo bo‘ldi. Shundan so‘ng O‘zbekisonda fuqaro aviatsiyasi rivojlana boshlagan, G‘arb mamlakatlarida ishlab chiqarilgan Airbus, Boeing samolyotlarini xarid qilish uchun harakatlar boshlangan.

1993 yil boshida 12 kishi tanlab olinib, Germaniyaning Frankfurt va Berlin shaharlariga o‘quv-mashg‘ulotlariga yuborildi. Birinchi guruh tarkibida men ham bor edim. Biz Fransiyada ishlab chiqariladigan A-310 va A-300−600 samolyotlarini boshqarishni o‘rganganmiz. 1996 yili birinchi guruhdagi uchuvchilar AQShga Boeing-767 samolyotini o‘zlashtirish uchun borganmiz.

Nafaqaga chiqquncha A-310 va Boing samolyotlarini boshqardim.

aviatsiya, ислом кaримов, эркин гuлямов

— Sohangizdagi yosh kadrlar va hamkasblaringiz sizni birinchi prezidentning uchuvchisi sifatida biladi. Qanday qilib Islom Karimovning uchuvchisiga aylangansiz?

— Islom Abdug‘aniyevich uchun sotib olingan Boeing-757 samolyotini 1997 yili Texas (AQSh)da sinovdan o‘tkazganman. Sinovlardan so‘ng samolyotni Toshkentga olib kelganmiz. Boeing-757 dagi ilk parvozni ham, sinovni ham amalga oshirganim uchun prezidentga uchuvchilik qilish ham menga yuklatilgan. O‘zbekiston prezidentiga mo‘ljallangan, mamlakat bayrog‘i tushirilgan samolyot ekipaji mustaqilligimiz ramzi sifatida o‘zimizning yigit-qizlar bo‘lishi kerak, degan fikr o‘zimda ham bor edi. Shunga yarasha, o‘zimga nisbatan talabni ham kuchaytirganman. Bu harakatlarim shaxsiy manfaat uchun bo‘lmagan, aksincha, g‘urur, vatanparvarlik hissi ustunlik qilgan, mas’uliyat ham katta edi. Bizning ekipaj talablari boshqa davlatlarnikiga nisbatan kuchli edi, o‘zimiz ishlab chiqqan qoidalar ko‘p edi. Islom Abdug‘aniyevichning o‘zi ham juda talablan edi. Nafaqat atrofidagilar, balki o‘ziga nisbatan ham talabi kuchli edi.

— Islom Karimov bilan birga birinchi marta qaysi samolyotda va qayerga parvoz qilgansiz?

— Ilk parvozimiz Boeing-757 samolyotida 1997 yili Ukraina poytaxti Kiyevga bo‘lgan. Islom Abdug‘aniyevich aviatsiyaga juda qiziqqani uchun ekipaj xonasiga kirib, biz bilan ancha vaqt suhbatlashgani kechagidek esimda. «Boing»ning avvalgi samolyotlardan farqi, afzalliklari va boshqa jihatlari haqida so‘ragan. Har bir savoliga batafsil javob berganman.

Prezident bilan birga kechgan ilk parvozda, albatta, hayajon bo‘lgan — bu tabiiy hol, deb o‘ylayman. Birinchi prezidentimiz salobatli inson edi, necha yil birga yurgan bo‘lsam, menda har doim hayajon bo‘lgan.

— Davlat rahbari o‘tirgan samolyotni boshqargan paytingiz xayolingizdan nimalar kechardi?

— Har bir uchuvchi hamisha parvoz xavfsiz va bexavotir o‘tishini o‘ylaydi, xayolida faqat shu fikr bo‘ladi. Davlat rahbarining samolyotini boshqarayotgan uchuvchida bilim, tajriba va mas’uliyat ayniqsa yuqori bo‘lishi kerak. Chunki parvoz vaqtida turlicha sharoit va vaziyatlar yuzaga kelishi mumkin, ularga tayyor turish kerak.

Ba’zan umringizda bir marta va qaytib sodir bo‘lmaydigan hodisalarga ham guvohi bo‘lasiz. Masalan, bir yili Islom Karimovni Singapurga olib ketayotganimizda, Hind okeanidagi orollarning birida kichik vulqon otilayotganiga ko‘zim tushib qoldi. Bu haqda ortimda o‘tirgan «O‘zbekiston havo yo‘llari» rahbariga aytsam, u o‘zi ko‘rmagunicha bunga ishonmadi. Shundan so‘ng, prezidentga ham aytib, manzarani ko‘rsatganmiz.

Keyin bilsam, u orolda kamdan-kam holatda vulqon otilarkan. Biz esa shunday kamyob hodisaga guvohi bo‘lganmiz.

— Islom Karimov xorijiy davlatlarga va O‘zbekiston viloyatlariga qanday samolyotlarda uchardi?

— Islom Abdug‘aniyevich mustaqillikka erishganimizdan keyin ham bir necha yil davomida sovet davridan qolgan Tu-154, Il-62 kabi samolyotlarda parvoz qilgan. 1997 yildan boshlab AQShdan olib kelingan Boeing-757 samolyotida olib yurganman. 2000 yillarda Boeing-767 xarid qilingan — uni ham o‘zim bir oy davomida sinovdan o‘tkazganman.

Markaziy Osiyo, MDH davlatlari va Rossiyaga Boeing-757 da, uzoq masofalarga esa Boeing-767 da uchilardi. Viloyatlarga dastlab 95 kishiga mo‘ljallangan RJ85 samolyotida uchganmiz. Keyinroq Airbus A320 samolyoti sotib olingan. Unda qo‘shni davlatlarga ham borardik. A320 ta’mirda bo‘lganida viloyatlarga Boeing’da uchilardi. Masalan, Xorazm, Buxoro, vodiyga «Boing»da uchganmiz.

— 45 yillik faoliyatingizning necha yili Islom Karimov bilan birga o‘tgan? Qaysi davlatlarda bo‘lgansizlar?

— Salkam 17 yil davomida Islom Karimovga uchuvchilik qilganman. Yevropaning juda ko‘p davlatlariga borganmiz. Arab va Afrika mamlakatlarida ham rasmiy tashrif bilan bo‘lganmiz. Islom Abdug‘aniyevich bilan o‘tgan har bir parvoz esda qolarli edi. U kishi xuddi otalardek ham g‘amxo‘r, ham talabchan edi. Qiyin sharoitlarda qo‘nsak, buni darrov sezardi va oldimizga kelib, «Yigitlar, oson bo‘lmadi-a?», derdi va rahmat aytardi. Davlat rahbarining minnatdorchiligi odamning yuragida qoladi baribir.

— Islom Karimov qanday inson sifatida yodingizda qolgan?

— Islom Karimov haqida faqat iliq xotiralar bilan o‘rtoqlashishim mumkin. Chunki u juda talabchan, adolatli va insonparvar edi. Necha yil ishlagan bo‘lsam, doim «siz»lab gapirardi, hurmat bilan muomala qilardi. Islom Abdug‘aniyevich kabi insonlar juda kam, nazarimda.

aviatsiya, ислом кaримов, эркин гuлямов

— Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyev uchuvchilar tayyorlash masalasida siz bilan muloqot qilgan ekan. Shu haqda gapirib bersangiz.

— Biz 1994 yildan uchuvchilarni O‘zbekistonning o‘zimizda qayta tayyorlay boshladik. Ya’ni, ma’lum tajribaga ega, sovet samolyotlarida uchgan uchuvchilarni shartlar asosida saralab olib, G‘arb mamlakatlarida ishlab chiqarilgan samolyotlarini boshqarishga qayta tayyorlardik. Bunga yarim yilcha vaqt ketardi. Ikki-uch oy O‘zbekistonda o‘qitilardi, so‘ng G‘arb davlatlariga yuborilardi. Qozog‘istondagi esa uchuvchilarning bari chet elda tayyorlanardi, o‘qituvchi, mutaxassislar ham xorijliklar edi.

Islom Karimov Qozog‘istonning o‘sha vaqtdagi prezidenti Nursulton Nazarboyevga: «Mening uchuvchi yigitlarim yosh kadrlarni o‘zlari tayyorlaydi, Fransiya, Germaniyaga ham yuboradi», deb gapirgan ekan. Nursulton Abishevich buni mendan ikki marta so‘ragan. Prezidentimizning aytganlarini tasdiqlaganimdan keyin 100 foiz ishongan.

— Birinchi prezident bilan so‘nggi bor qayerga parvoz qilgansiz?

— Uchuvchi sifatida 60 yoshgacha ishladim. So‘nggi parvozimiz 2013 yil sentabrida Kirg‘izistonga bo‘lgan. O‘shanda Bishkekda SHHT Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi sammiti o‘tkazilgan.

aviatsiya, ислом кaримов, эркин гuлямов

— Bugungi faoliyatingiz haqida gapirib bersangiz?

— 45 yil uchuvchilik qilib, samolyotlar boshqardim. Nafaqaga chiqqach, Transport universitetiga ishga taklif qilishdi. Bir necha yildan beri shu yerda soham bo‘yicha talabalarga ma’ruza o‘qiyapman. Bundan tashqari, O‘zbekistonda yangi ochilayotgan aviakompaniyaga ham taklif etishdi. Hozir asosiy ishim o‘sha yerda bo‘lyapti. Aviatsiya sohasini tanlaganimdan sira afsuslanmayman. Ko‘p jiyanlarim, qarindoshlarim shu sohada ishlab, sulolamizni davom ettiryapti.