Surxondaryo viloyati Termiz avtomobil maktabida 46 nafar afg‘onistonlik fuqaro «B» toifasi bo‘yicha haydovchilikka o‘qitildi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkiloti.

Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot dasturining qo‘shma loyihasi asosida o‘qigan xorijliklarga haydovchilik guvohnomalarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Yuqoridagi loyiha asosida Termiz tumanida tashkil etilgan Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazida yana 35 nafar afg‘onistonlik tikuvchilik kasbiga tayyorlandi.

Tadbirda ishtirok etgan Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Matilda Dimovska ushbu amaliyot Afg‘onistondagi qayta tiklash ishlariga ko‘rsatilayotgan yordamlardan biri ekanini, O‘zbekistonda yana ko‘plab afg‘onistonliklarni turli kasblarga tayyorlash ishlari davom ettirilishini bildirdi.

Sharlotta Adrian o‘zbekistonlik mutasaddilarga kelgusida afg‘onistonlik ayollarni hamshiralik ishi bo‘yicha o‘qitish taklifini bildirdi.

afg‘onistonlikлар, бмт, vaтанпарvaр, европа иттифоқи, термиз