28 yanvar kuni tonggi soat 04:10 atrofida M-39 avtomobil yo‘lining 1432-kilometrida Spark hamda «Tez yordam» avtomashinalari ishtirokida YTH sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda Surxondaryo viloyati YHXB matbuot xizmati.

Qoidalarni qo‘pol ravishda buzib, yo‘lga qarama-qarshi harakatlangan Spark Sherobod-Termiz yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan «Tez yordam» avtomashinasi bilan to‘qnashgan. Hodisa oqibatida 22 yoshli Spark haydovchisi voqea joyida og‘ir jarohat sabab vafot etgan. Uning tengdoshi bo‘lgan yo‘lovchi esa og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan.

Viloyat YHXB boshlig‘i Ilhom Soipovning so‘zlariga ko‘ra, yo‘llarning holati yaxshi, to‘siqlar mavjud, yetarlicha yo‘l belgilari o‘rnatilgan. Voqea sodir etilgan joyda tungi yoritkich chiroqlari ham bo‘lgan.