Yangi Zelandiya bosh vaziri Jasinda Ardern yangi muddatga saylanish u yoqda tursin, endi o‘z vazifalarini bajarishga ham kuchi yetmasligini e’lon qildi. Ardern charchaganini va bu charchoq mamlakatga xizmat qilish uchun halal berayotganini bildirdi. Bosh vazir o‘zining besh yarim yillik boshqaruvi davomida mamlakat yetakchisi milliy manfaatlar yo‘lida rahm-shafqat va hamdardlik tamoyillariga amal qilishi, shu bilan birga eng muhim, murakkab qarorlar qabul qilishi mumkinligini o‘z misolida ko‘rsata oldi. Yangi Zelandiya COVID-19 pandemiyasi paytida o‘zining qattiq karantin choralari bilan dunyoga mashhur bo‘ldi. Ammo Ardern saylovchilarning barcha umidlarini ham oqlay olmadi. «Gazeta.uz» Jasinda Ardern va uning faoliyati haqida «Meduza» tomonidan e’lon qilingan maqolani o‘zbek tilida taqdim etadi.

«Men ketyapman, chunki bu imtiyozli lavozim [hukumat rahbari bo‘lish] mas’uliyat bilan birga keladi. Bu mas’uliyat qachon mamlakatni boshqarish uchun munosib nomzod bo‘la olishingiz va qachon bo‘la olmasligingizni anglashni ham bildiradi», — Yangi Zelandiya bosh vaziri Jasinda Ardern 19 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida nima uchun iste’foga chiqmoqchi ekanligini shunday so‘zlar bilan izohladi. Ardern kelgusi uch yillik muddat uchun kuch topishga rosa uringani, ammo kuch topa olmagani haqida gapirarkan, ovozi titrab ketdi.

Ardernning iste’fosi 25 yanvar kuni rasmiylashdi: shu kuni mamlakatda hukmron Leyboristlar partiyasi Kris Xipkinsni yangi bosh vazir etib sayladi. Jurnalistlar «jasindamaniya» davri tugaganini e’lon qildi.

Bu davr 2017 yil avgust oyida boshlangan edi. Parlament saylovlariga bir yarim oy qolganda Leyboristlar partiyasining reytingi uning yetakchisi Endryu Littlning yetarlicha mashhur emasligi tufayli tushib ketayotgan edi. U iste’foga chiqdi va partiyani 37 yoshli Ardern boshqara boshladi. Birinchi haftada u partiya reytingini to‘qqiz foizga ko‘tarib, 33 foizga yetkazdi.

Saylovda Ardern konservativ Milliy partiyadan saylangan amaldagi bosh vazir Bill Inglish bilan kurash olib borishi kerak edi. Siyosatshunoslar leyboristlarning mag‘lubiyatini bashorat qilar, Inglishning o‘zi esa mashhurlikka erishayotgan raqibasi haqida mensimay gapirardi. «Endi yulduz changi yo‘qqa chiqa boshlaydi va biz uning siyosati aslida qanday ekanligini ko‘ramiz», — dedi u saylovoldi bahsida Ardernning mamlakatni boshqarishdagi tajribasizligiga ishora qilgan holda. Bu vaqtga kelib Ardern to‘qqiz yil deputat bo‘lgan hamda bungacha Yangi Zelandiyaning ikki bosh vaziri idorasida tahlilchi va Britaniya bosh vaziri Toni Blerning idorasida maslahatchi bo‘lib ishlagan edi.

Oxir-oqibat leyboristlar bu saylovlarda to‘laqonli g‘alabaga erisha olmagan bo‘lsa-da, biroq Ardernning sharofati bilan qo‘shimcha ovozlarga ega bo‘ldi, bu esa partiyani parlamentda ko‘proq o‘rin bilan ta’minladi va koalitsiya tuzishga yordam berdi. Ardern koalitsion hukumat rahbariga aylandi va shu fursatdan boshlab uning atrofidagi «yulduz changi» butunlay boshqacha ma’no kasb etdi: endi Ardern haqida siyosiy mo‘’jiza sifatida yoza boshlashdi.

Yangi Zelandiya boshqaruvidagi ikkinchi yili Ardern birinchi marta xalqaro yulduzga aylandi — davlat arbobi sifatida emas, balki mehnatsevar ona sifatida. Ardern farzandini emizishdan voz kechishni istamadi va uch oylik qizini xizmat safariga — Janubiy Afrika yetakchisi Nelson Mandela tavalludining 100 yilligi xotirasiga bag‘ishlangan BMT tomonidan o‘tkaziladigan tinchlik sammitiga hamda BMT Bosh Assambleyasi yig‘ilishiga olib borishga qaror qildi. Ardern bilan birga uning hamkori va farzandining otasi Klark Geyford (Yangi Zelandiyaning Choice TV telekanalining baliq ovlash haqidagi ko‘rsatuv boshlovchisi) ham bor edi: u va go‘dak majlislar zalida Ardernning Mandela merosi va teng huquqlar uchun kurash haqidagi ilhomlantiruvchi nutqini tinglashdi.

Guardian nashri Ardernning ushbu harakatini «tarixiy voqea» deb atadi, biroq siyosatchining o‘zi bir vaqtda bir necha ishni bajarishi kerak bo‘lgan birinchi va oxirgi ona emasligini ta’kidladi. Shuningdek, u ko‘pchilik ayollardan farqli o‘laroq, farzandini o‘zi bilan «ishga» olib borish baxtiga muyassar bo‘lgani haqida qo‘shimcha qildi. Ardern mamlakatni boshqarish davomida farzand dunyoga keltirgan dunyodagi ikkinchi ayol hisoblanadi. Birinchisi 1990 yili Pokiston bosh vaziri Benazir Bhutto bo‘lgan edi.

2019 yilning bahorida Kraystchyorch shahrida sodir bo‘lgan terakt qisqa vaqt ichida Yangi Zelandiyani dunyo yangiliklarining asosiy mavzularidan biriga aylantirdi. 15 mart kuni ikki xil miltiq («drobovik» va «vintovka») bilan qurollangan o‘ta millatchi shaxs juma namozi vaqtida ikki masjidda namozxonlarga hujum qilib, 51 kishini o‘ldirgan va o‘nlab odamlarni yarador qilgandi. Hujumdan oldin u muhojirlar va musulmonlarga qarshi g‘oyalar bilan «manifest» e’lon qilgan va hujumni Facebook`dagi sahifasida jonli efirda namoyish qilgan.

Ushbu teraktdan so‘ng Ardern endi davlat boshida turgan yosh ona sifatida emas, balki o‘z mamlakati tarixidagi eng og‘ir inqirozlardan birini munosib tarzda yengib chiqqan siyosatchi sifatida mashhur bo‘ldi. Hujumdan bir necha kun o‘tgach, Ardern Yangi Zelandiyada qurol nazorati qoidalari keskin kuchaytirilishini e’lon qildi. Apreldayoq, ya’ni hujumdan bir oy o‘tib, o‘zi zaryadlanadigan qurolga ega bo‘lishga to‘liq taqiq joriy qilindi. Shu bilan birga, hukumat aholidan taqiqlangan qurollarni sotib olish dasturini ishga tushirdi.

Ardern jahon yetakchilari va texnologiya kompaniyalarini terroristik va ekstremistik materiallarning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishiga qarshi kurashishga chaqirdi va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan birgalikda Christchurch Call tashabbusini ilgari surdi — bu kelishuv bir necha o‘nlab mamlakatlar hukumatlari va eng yirik texnologiya kompaniyalari, jumladan Meta va Google tomonidan imzolangan.

Ammo hammasidan ko‘proq — Yangi Zelandiyada ham, butun dunyoda ham — bosh vazirning hujumga qanday munosabatda bo‘lgani omma e’tiborini tortdi. U halok bo‘lgan va jarohatlangan odamlarnikidan farqli o‘laroq, jinoyatchining ismini, u tarixda qolmasligi uchun, talaffuz qilishdan bosh tortdi. Kraystchyorchdagi musulmonlar jamoati a’zolari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda u islom qoidalariga rioya qilgan holda boshini ro‘mol bilan o‘rab, qurbonlarning yaqinlariga tasalli berishga harakat qildi. Terakt chog‘ida halok bo‘lganlar xotirasiga bag‘ishlangan motam tadbirida so‘zga chiqqan Ardern, mamlakat bu qayg‘uda hamjihat ekanini ta’kidladi. Orasida muhojirlar va qochqinlar ham bo‘lgan qurbonlar haqida gapirar ekan, u: «Ular — bu bizmiz», — dedi.

жасинda ардyerн, yangi зеландия

Yangi Zelandiya bosh vaziri Jasinda Ardern Vellingtondagi masjidga tashrifi chog‘ida. 2019 yil 17 mart. Foto: Getty Images

Har qanday kamsitish va shovinizmga qarshi kurash Ardern siyosati va shaxsiy qadriyatlarining muhim qismidir. Bosh vazir sifatida u Yangi Zelandiyaning tub aholisi — maori xalqini faol qo‘llab-quvvatlagan (hozir ular mamlakat aholisining 17 foizini tashkil qiladi). U o‘z nutqlarini maori tilida boshlaydi, shuningdek, maori halqining an’anaviy liboslarida (shu jumladan yaqinda Yelizaveta II ning dafn marosimida ham) ommaga chiqardi.

Ardern ayollar huquqlari uchun faol kurash olib borgan. U Yangi Zelandiyada abortni butunlay dekriminallashtirishga erishdi va «hayz qashshoqligiga» (qizlar va ayollarning gigiyena vositalarini sotib olishga qodir bo‘lmagan vaziyatiga berilgan nom — tahr.) qarshi kurash dasturining bir qismi sifatida Ardern hukumati maktablarga bepul tarqatish uchun ayollar gigiyenasi vositalarini sotib olishni boshladi. Bundan tashqari, bosh vazir seksizmga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi haqida gapirdi, ammo uning o‘zi butun siyosiy faoliyati davomida bunga duch keldi.

Yangi Zelandiya ommaviy axborot vositalari Ardernni «Sindi xola», «o‘ynoqi qizaloq» va «yoqimtoy kommunist» deb atagan hamda erkak jurnalistlar unga haqoratli savollar berishgan. Avstraliyaning «60 daqiqa» teleko‘rsatuvida boshlovchi u «muhim siyosiy savol» bermoqchiligi haqida ogohlantirib, homilador Ardern va uning sherigi bilan chaqaloq tug‘ilishi kutilayotgan sanani so‘radi. Javob olgach, boshlovchi davom etdi: «Qiziq, hozir qancha odam qancha kun qolganini sanay boshladi ekan. Olti farzandning otasi sifatida men, albatta, odamlarning farzand ko‘rishni xohlashida hech qanday yomon narsa yo‘qligini tushunaman. Saylov kampaniyasi chog‘ida farzand ko‘rishning nimasi yomon?».

Ardernning Finlyandiya rahbari Sanna Marin bilan yaqinda o‘tkazgan muzokaralari haqida o‘tkazilgan matbuot anjumanida bir erkak muxbir ikkalasini so‘roqqa tutdi va ikkalasi ham ayol ekanligi va deyarli bir xil yoshda bo‘lgani uchun uchrashishga qaror qilishganini taxmin qildi (Jasinda Ardern 42 yosh, Sanna Marin 37 yosh). «Qiziq, AQSh prezidenti Barak Obama Yangi Zelandiyaning sobiq bosh vaziri Jon Ki bilan uchrashganida, kimdir ulardan yoshlari teng bo‘lgani uchun bir-birlarini ko‘rishga qaror qildilarmi, deb so‘radimi ekan?» — javob berdi Ardern. Obama va Ki o‘rtasidagi yosh farqi atigi besh kun.

Ardernning o‘zi AQSh prezidenti bilan birinchi marta bosh vazir lavozimiga kirishgandan so‘ng — 2017 yil noyabrida Sharqiy Osiyo mamlakatlari sammitida uchrashgan. O‘shanda Qo‘shma Shtatlarni o‘zining seksistik so‘zlari bilan tanilgan Donald Tramp boshqarayotgan edi. Sammit mehmonlari tantanali kechki ovqatga taklifni kutar ekan, Tramp uning yonida turgan erkakka baland ovozda gapirib, Ardernga ishora qiladi va shunday deydi: «Bu xonim o‘z vatanida ko‘pchilikni xafa qildi!». Bunga javoban Yangi Zelandiya bosh vaziri hazil bilan Trampga saylovdagi g‘alabasidan keyin «hech bo‘lmaganda norozilik namoyishlari bo‘lmaganini» eslatdi. Shu bilan birga, Ardernning o‘zi ham Yangi Zelandiyadagi ayollar huquqlari uchun hamda Tramp inauguratsiyasidan keyin o‘tkazilgan marshda ishtirok etgan — o‘shanda, 2017 yil yanvar oyida AQSh va dunyoning ko‘plab mamlakatlarida Trampning seksistik va ksenofobik bayonotlariga qarshi namoyishlar, «ayollar marshlari» bo‘lib o‘tgan edi.

Biroq, bir necha yil o‘tgach, Ardernning o‘ziga qarshi marshlar o‘tkazildi: hukumatning pandemiyaga qarshi kurash usulidan norozi bo‘lib, odamlar Yangi Zelandiya shaharlari ko‘chalariga chiqdi. Ardern mamlakatda «vaksinalarni taqsimlash» va karantin cheklovlari sababli yuzaga kelgan iqtisodiy muammolarda ayblandi. Koronavirusga qarshi kurash avvaliga Ardernni yana xalqaro yulduz va namunaga aylantirdi hamda mamlakat ichkarisida misli ko‘rilmagan siyosiy muvaffaqiyatlarga erishishga yordam berdi. 2020 yil kuzida bo‘lib o‘tgan saylovlarda Ardern boshchiligidagi leyboristlar katta farq bilan g‘alaba qozondi — ular mamlakat parlamentidagi 120 o‘rindan 64 tasini qo‘lga kiritdi. Oxir-oqibat, Ardern hukumatining pandemiyaga qarshi kurashi «jasindamaniya»ga chek qo‘ydi va Yangi Zelandiya rahbarining mashhurligiga putur yetkazdi.

жасинda ардyerн, yangi зеландия

Vellingtondagi parlament binosi oldidagi namoyishchilar Jasinda Ardernga Adolf Gitlerni eslatadigan mo‘ylov qo‘yilgan holda tasvirlangan plakatni ko‘tarib chiqishdi. Namoyishchilar hukumat tomonidan o‘rnatilgan COVID cheklovlarini olib tashlashni talab qilishdi. 2021 yil 9 noyabr. Foto: Getty Images

2020 yil mart oyida Yangi Zelandiya birinchilardan bo‘lib o‘z chegaralarini mamlakatda istiqomat qilmaydigan chet elliklar uchun to‘liq yopdi va 23 mart kuni mamlakatda jami 100 ga yaqin infeksiya holati qayd etilganida, o‘z fuqarolari uchun eng qattiq karantinni joriy qildi. 2020 yilning may oyida Ardern hukumati parlament orqali kelajakda koronavirusga qarshi kurash choralarini tartibga solishi kerak bo‘lgan qonun qabul qildi, biroq ayni paytda politsiyaga yangi vakolatlar berdi — masalan, politsiya karantinni buzganlikda, ya’ni uyida ziyofat berayotganlikda gumon qilinayotgan odamlarning uylariga ordersiz kirishi mumkin bo‘ldi. Parlament muxolifati bu choralarni «vahshiyona» deb va 10 dan ortiq odam yig‘ilishini qonun bilan taqiqlashni, marosimlarda qatnashishni xohlaydigan dindorlarga, shuningdek, dafn marosimini o‘tkazishga muhtoj bo‘lganlarga nisbatan «g‘ayriinsoniy» deb atadi.

Shu bilan birga, Ardernning o‘zi ham mamlakat fuqarolariga rasmiylar nima qilayotganini va nima uchun bunday choralar ko‘rilayotganini iloji boricha aniq tushuntirishga harakat qildi, Vellingtondagi rasmiy qarorgohida o‘zini izolyatsiya qildi va odamlarni o‘z namunasi bilan ilhomlantirish va o‘zining «besh millionlik jamoasi»ga (u yangi zelandiyaliklarga shunday murojaat qilardi) umid bag‘ishlash uchun Facebook`da muntazam ravishda norasmiy efirlar uyushtirdi.

Yangi Zelandiya koronavirusning birinchi epidemiyasini ham, delta shtammining avj olishini ham eng kam qurbonlar soni bilan yengishga muvaffaq bo‘ldi: 2022 yil 1 mart holatiga ko‘ra, mamlakatda pandemiya boshidan buyon COVID-19 sababli atigi 68 kishi vafot etgan edi. Taqqoslash uchun, Finlyandiyada xuddi shu sanada taxminan 2,8 mingdan ortiq odam koronavirus qurboniga aylangan. Ammo Yangi Zelandiya endi yuqumli omikron shtammi bilan unchalik samarali kurasha olmadi. 2022 yilda mamlakatda koronavirusdan vafot etganlar soni 60 baravarga oshdi va hozirda 3,7 mingdan o‘tgan.

2022 yil boshida epidemiologlar Yangi Zelandiya omikron epidemiyasi uchun tayyor emasligi haqida ogohlantirishdi: odamlar yetarli miqdorda buster dozalarni qabul qilmagan, 5 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan bolalarni emlash hali boshlanmagan, bu turdagi koronavirusning inkubatsiion davri qisqa bo‘lganligi sababli odatdagi karantinlar samarasiz bo‘lishi e’lon qilingan edi. Ardern o‘z to‘yini bekor qildi (u va uning hamkori hali ham rasmiy nikohda emas) va hukumat cheklovlarni tiklashni boshladi — masalan, ommaviy yig‘ilishlarga faqat 100 kishidan ko‘p bo‘lmagan, emlangan odamlar qatnashishiga ruxsat berildi.

Karantin cheklovlaridan to‘plangan charchoq noroziliklarning yana kuchayishiga sabab bo‘ldi. Ushbu harakatlarning eng shov-shuvli epizodlaridan biri 2022 yil mart oyida Vellingtondagi namoyishchilar lagerining tarqatib yuborilishi bo‘ldi. Namoyishchilar uch hafta davomida poytaxt markazidagi parlament oldidagi maydonni tark etmadi, mart oyi boshida politsiya namoyishchilardan tarqalishni talab qildi. Ulardan ba’zilari bo‘ysunishdan bosh tortdi, politsiya bilan to‘qnashuvlar boshlandi, ular rezina o‘q va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz bilan javob berdi. Ardern o‘z chiqishlarida namoyishchilarni keskin qoraladi: «Bu bizning politsiyamizga hujum, parlamentimizga hujum, qadriyatlarimizga hujum va bu katta xatodir», — dedi.

2022 yilgi norozilik namoyishlarida pandemiyaning dastlabki ikki yilidagi kabi nafaqat anti-vakserlar (emlanishga qarshi insonlar guruhi), balki shu vaqt ichida to‘planib qolgan muammolar, dunyo bo‘ylab o‘sishni boshlagan inflyatsiya, jiddiy tus olgan iqtisodiy muammolardan norozi bo‘lganlar ham qatnashgan edi. Ardernga uning o‘zi bergan, lekin bajarilmagan, jumladan boshqaruvining boshida bergan va’dalarini eslata boshlashdi. U bolalar qashshoqligini keskin kamaytirmoqchi ekanini bildirgandi, ammo bu borada sezilarli o‘zgarish bo‘lmagan va bolalar qashshoqligi hamon 20 foiz atrofida edi. Va’da berganiga qaramay, Ardern mulkiy tengsizlikni ham qisqartira olmadi: u eng badavlat kishilar uchun soliqlarni oshirishni taklif qilgandi, ammo bu taklif amalga oshmadi — eng boy 10 foiz aholi hozirda mamlakat umumiy boyligining taxminan yarmiga egalik qilmoqda. Aholida katta kredit yuki bor, yashash qiymati esa oshib bormoqda.

Ardernning saylovoldi dasturida 2017 yildayoq uysizlar va ehtiyojmandlar uchun 100 mingta yangi uy qurilishi ko‘zda tutilgan edi. Ammo, 2018 yili bazo‘r 140 ta uy qurilgach, hukumat — uy-joy muammosini hal qilish va uysizlarga yordam berishni davom ettirishni va’da qilgan bo‘lsa-da — «100 ming uy» degan rasmona maqsaddan voz kechdi. Imtiyoz va soliq choralari yordamida qurilishni rag‘batlantiruvchi hamda yirik shaharlarda bittagina oila uy qurishi uchun yer ajratishni taqiqlovchi qonunlar qabul qilindi.

Pandemiya boshidagi koronavirusga qarshi kurash kampaniyasi Ardernning eng asosiy yutug‘i bo‘lib qoladi, Yangi Zelandiya bu kurashni boshqa davlatlarga nisbatan yaxshiroq uddaladi, uning iqtisodiyoti ertaroq o‘sa boshladi, ishsizlik darajasi past bo‘ldi, deya sobiq bosh vazirning yutuqlarini sanaydi yangizelandiyalik iqtisodchi Shamubil Ikub The New York Times’ga taqdim etgan sharhida. Ammo endi mamlakatni pandemiya davomida boshqa davlatlar duch kelgan muammolar quvib yetdi, iqtisodiyotning o‘sishiga ko‘pdan beri xalal berib kelayotgan jihatlar esa yuzaga chiqib qoldi, endi bularning barini Ardernning o‘rniga keladigan bosh vazir hal qilishi lozim. Bu inson shu vaqtgacha mamlakatning ta’lim vaziri sifatida ishlab kelgan Kris Xipkins bo‘ldi (u hukmron Leyboristlar partiyasidan yagona nomzod edi).

O‘z iste’fosi haqidagi e’lonni yakunlarkan, Ardern mamlakatga xizmat qilish imkoniyatini taqdim etgani uchun yangizelandiyaliklarga tashakkur izhor qildi va qoldirayotgan merosining o‘zi uchun, ehtimol, eng muhim bo‘lgan qismini shunday ta’rifladi: «Men sizlarga mehribon va ayni vaqtda kuchli, g‘amxo‘r, ammo qat’iyatli, optimist, lekin e’tiborli bo‘la olasiz, degan ishonchni, siz o‘zingiz „shunday bo‘lishi kerak“ deb hisoblaganingiz kabi yetakchi bo‘la olishingizga, qachon ketish kerakligini biladigan yetakchi bo‘la olishingizga ishonchni qoldiryapman, deb umid qilaman».