2023 yil 30 yanvardan eski namunadagi haydovchilik guvohnomasini uydan turib Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) olish mumkin. Bu haqda Telegram`dagi «Davlat xizmatlari yangiliklari» kanali xabar berdi.

Qayd etilishicha, bu orqali Davlat xizmatlari markazi va ichki ishlar organlariga borib, rasmga tushish, bir nechta hujjatlarga imzo qo‘yish, navbat kutishning oldi olinadi.

Buning uchun (my.gov.uz) orqali buyurtma berish zarur. Buyurtmada:

  • bo‘sh qatorlar shaxsiy ma’lumotlar bilan to‘ldiriladi;
  • tegishli bandlar tanlanadi;
  • yangi haydovchilik guvohnomasi yetkazib beriladigan manzil ko‘rsatiladi;
  • mobil telefon yoki kompyuter orqali shaxsiy imzo qo‘yladi.

So‘nggi qadamda invoys (hisob-faktura) shakllanadi va BHMning 70 foizi (210 ming so‘m) miqdorida hamda pochta xizmati uchun 25 ming so‘m to‘lov amalga oshiriladi.

Markaz xodimi kelib tushgan buyurtmani ko‘rib chiqib, chop etgan yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasini pochta xizmatiga taqdim etadi. Xizmat tomonidan ikki ish kunida manzil bo‘yicha yetkaziladi va arizachidan eski namunadagi haydovchilik guvohnomasi va talon olinib, yangisi taqdim etiladi. Pochta xizmati eski guvohnoma va talonni DXMga topshiradi.

Eslatib o‘tamiz, eski namunadagi haydovchilik guvohnomasi va «texpasport»ni yangisiga almashtirish muddati (berilgan vaqtiga qarab) 2023 yilda yakunlanadi. Hozirgacha 2 mlndan ortiq «prava», 557 mingdan ortiq «texpasport»lar yangisiga almashtirilmagan. IIV haydovchilarni e’tiborsiz bo‘lmaslikka chaqirgan.

Ma’lumot uchun, 2010 yilgacha olingan «prava»ni yangisiga almashtirish muddati 2023 yil 31 martgacha etib belgilangan.