27 yanvar kuni soat 23:58 da Qarshi shahri «Xo‘jaxiyol» MFY Qarliqbog‘ot ko‘chasida yong‘in sodir bo‘ldi, deb xabar berdi Qashqadaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati.

Keltirilishicha, hodisa haqida shahar FVBga qo‘ng‘iroq bo‘lgan. Ko‘rsatilgan manzilga 2 ta yong‘in-qutqaruv bo‘linmasi 00:05 da yetib borgan va soat taxminan 00:33 da yong‘in to‘liq o‘chirilgan.

Voqea sabab fuqaro X.B.ga tegishli, yengil tipda qurilgan kichik hajmli savdo (savdo do‘koni emas) rastasining 6 metr kvadrat va unga yondosh «Qishloqqurilishbank»ga tegishli bo‘lgan bankomat qurilmasining 4 metr kvadrat maydon qismi zarar ko‘rgan.

Yong‘indan hech kim jarohat olmagan. Hozirda hodisa sababi va zarar miqdori aniqlanmoqda.

Viloyat FVBning qo‘shimcha qilishicha, mazkur yong‘in joyida katta kuchlanishli elektr toki borligi sababli yong‘inga suv berishning imkoni bo‘lmagan. Qutqaruvchilar suv berishga uringan, oqibatda mavjud elektr toki qutqaruvchilarga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan.

Ma’lum bo‘lishicha, bu manzildan o‘tuvchi elektr liniyasini asosiy tarmoqdan uzish uchun elektr mutaxassislari tomonidan qariyb 30 daqiqa vaqt sarflangan.