O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Ozarbayjonning Tehrondagi elchixonasiga uyushtirilgan qurolli hujumni keskin qoralab, bayonot e’lon qildi.

Vazirlik ushbu hodisa sinchkovlik bilan o‘rganilgach, barcha aybdorlar javobgarlikka tortilishiga umid bildirdi.

Marhumning yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiramiz va jarohatlanganlarning tez fursatlarda sog‘ayib ketishini tilaymiz, — deyiladi xabarda.

Hujum tafsiloti

Ozarbayjonning Eron poytaxti Tehron shahrida joylashgan elchixonasiga qurolli hujum 27 yanvar kuni Toshkent vaqti bilan soat 9:30 atrofida uyushtirilgandi. Hududga bostirib kirgan shaxs Kalashnikov avtomati bilan qo‘riqlash postiga o‘q uzgan, oqibatda xavfsizlik xizmati rahbari halok bo‘lgan.

Elchixonaning ikki qo‘riqchisi ham hujumning oldini olish chog‘ida yaralangan. Ularning ahvoli qoniqarli.

OAVda tarqalgan ma’lumotlarda qayd etilishicha, hujumchi 50 yoshli Eron fuqarosi bo‘lgan va u qo‘lga olingan. Erkak hujum qilishining sababini shaxsiy va oilaviy muammolar bilan izohlagan. Uning elchixona binosiga 2 nafar yosh bolasi bilan kirgani ma’lum bo‘lgan. Bildirilishicha, u bedarak yo‘qolgan ayolini shu hudud binosida deb o‘ylagan.