26 yanvar kuni “Borsakelmes” davlat buyurtma qo‘riqxonasi hududida 13 bosh jayronni otgan brakonerlar qo‘lga olindi, deb xabar berdi Tabiat resurslari vazirligi matbuot xizmati.

Reyd tadbirlari davomida soat 20:30 da Qo‘ng‘irot tumani “Jasliq” posyolkasida yashovchi fuqarolar J.Ye. va M.I. qonunga xilof ravishda mototransport vositasi yordamida tegishli ruxsatnomasi olinmagan ov miltig‘i bilan “Qizil kitob"ga kiritilgan, yo‘qolib borayotgan noyob tur hisoblangan 13 bosh jayron (kiyik)ni otib, jonsiz holatda olib ketayotgan paytida ushlangan.

Brokonerlardan 16 kalibrli bir stvolli bir dona ov miltig‘i, jami 35 dona, shundan 16 dona otilmagan va 19 dona ishlatilgan ov miltig‘i o‘qlari hamda 13 bosh otib nobud qilingan jayron ashyoviy dalil sifatida olingan.

Bu holatda “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida"gi, “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida"gi hamda “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida"gi qonunlarning tegishli moddalari talablari qo‘pol ravishda buzilgan deb topildi.

Hozirda holat bo‘yicha dastlabki surishtiruv ishlari amalga oshirilib, hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar miqdori hisoblanmoqda.

Jinoyat sodir etganlarga nisbatan chora ko‘rish uchun tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, Orol tabiatni muhofaza qilish prokuraturasiga taqdim etilmoqda.

Avvalroq ham — 2019 yilda Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanida ikki soat ichida 13 bosh jayronni otib o‘ldirgan brakonerlar qo‘lga olingandi.