Toshkent viloyati Parkent shahridan yo‘lovchilarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri poytaxtdagi metro bekatiga yetkazib qo‘yuvchi ekspress avtobus yo‘nalishi tashkil etildi, deya xabar bermoqda Transport vazirligi matbuot xizmati.

Ekspress avtobus Parkent avtoshohbekatidan Yangi O‘zbekiston bog‘i orqali «Mashinasozlar» metro bekatiga qadar harakatlanadi. Yo‘nalishda qatnovlarni tashkil etish maqsadida «Parkent ATS» MCHJ tomonidan 5 ta yangi Isuzu NP 26 avtobuslari sotib olindi. Yo‘nalishga jami 8 dona avtobus biriktirilgan.

Qatnovlar tonggi soat 5:50 dan boshlanadi. Avtobuslar 15 daqiqalik oraliq interval bilan harakatlanadi. Qatnov davomida ekspress avtobus faqatgina Yangibozor avtoshohbekatida to‘xtab o‘tadi.

Masofasi 35 kilometr bo‘lgan ushbu yo‘nalishda yo‘lkira narxi 6000 so‘m etib belgilangan.