2022 yil davomida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 75 078 nafar shaxsga nisbatan 58 697 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqildi, deya xabar qildi Oliy majlis axborot xizmati.

Umumiy 1 010 nafar shaxs oqlanib, reabilitatsiya qilingan, sudlangan shaxslar soni 56 542 nafarni tashkil etib, shundan 17 610 nafar shaxsga ozodlikdan maxrum qilish va 37 503 nafariga boshqa turdagi jazolar tayinlandi, 1 429 nafar shaxs shartli hukm qilingan. Sudlangan shaxslarning 50 045 nafari erkak, 6 497 nafari ayol, 21 958 nafari yoshlar (shu jumladan 1 773 nafari voyaga yetmagan) va 1 885 nafari 60 yoshdan oshgan shaxslar.

8 453 nafar shaxs ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlanishi munosabati bilan sud zalida qamoqdan ozod qilingan, 26 753 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan, 10 202 nafariga tayinlangan jazosi yengili bilan almashtirilgan va 13 824 nafar shaxsga nisbatan dastlabki tergov organlari tomonidan asossiz ravishda qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarib tashlandi yoki qayta malakalangan.

495 nafar shaxsga (yoshlar, ayollar va boshqalar) kafolat xatlari asosida ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘rilgan jinoyat ishlarining aksariyatini quyidagi turdagi jinoyatlarni hisoblanadi:

  • firibgarlik,
  • transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish,
  • o‘g‘rilik,
  • o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish,
  • giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar,
  • hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish,
  • bezorilik,
  • pora berish,
  • qasddan badanga yengil yoki o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish.

Yarashuv instituti qo‘llanilishi natijasida 15 315 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etilgan.

Yetkazilgan 1,3 trln so‘mdan ziyod moddiy zararning o‘rnini qoplagan 8 719 nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangan.

Viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atlari tomonidan apellyatsiya tartibida 14 518 nafar shaxsga nisbatan 10 549 ta jinoyat ishlari ko‘rib chiqilgan. 1 013 nafar shaxsga nisbatan quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 3 611 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilgan.

Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan kassatsiya tartibida 6 264 nafar shaxsga nisbatan 5 613 ta jinoyat ishlari ko‘rib chiqilgan. 1 245 nafar shaxsga nisbatan quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 534 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilgan.

Shuningdek, kassatsiya instansiyasida 309 nafar shaxsga nisbatan 271 ta jinoyat ishlari takroran ko‘rib chiqilgan. 180 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 93 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirildi.