Angrendagi «Birinchi rezinotexnika zavodi» Rossiyaning «Tatneft» kompaniyasiga 80 million dollarga sotilgan. Bu haqda «O‘zkimyosanoat» kompaniyasi xabar berdi.

Avvalroq kompaniya Korporativ axborot yagona portalida o‘zining 91,8 foiz ulushi 826,6 million so‘mga sotilgani haqidagi ma’lumotni e’lon qilgandi. Xabar bir muddat o‘tib o‘chirib tashlangan va xatolik haqida xabar berilgan. Keyinroq bu summa 826,57 mlrd so‘mga o‘zgartirilgan. 8,2 foiz ulush «O‘zkimyoimpeks» MCHJga tegishli bo‘lgan.

«O‘zkimyosanoat» ma’lumotiga ko‘ra, «Birinchi rezinotexnika zavodi» MCHJning 100 foiz ulushi katta to‘rtlikka kiruvchi (The Big Four) «Deloitte» kompaniyasi tomonidan o‘rganib chiqilgan va barcha kredit majburiyatlari hamda mavjud qarzdorliklar inobatga olingan holda «Deloitte» tomonidan zavod qiymati 843 mlrd so‘mga (yoki 75 mln dollar) baholangan. Mazkur korxonaning jami 153 mln dollarga teng kredit majburiyatlari hamda qarzdorligi mavjud.

2022 yil 1−2 dekabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Rossiya biznes-forumi doirasida Rossiyaning «Tatneft» kompaniyasiga 100 foiz ulush 80 million dollarga sotilgan, u barcha kredit majburiyatlari va qarzlarni qoplash majburiyatini olgan, deya xabar qilgan kompaniya «Gazeta.uz»ga.

2023 yilning 20 yanvar kuni oldi-sotdi shartnomasi imzolangan.

Shina zavodi haqida

«O‘zkimyosanoat» 2018 yil avgust oyida qariyb 200 million dollarlik shinalar ishlab chiqaruvchi zavod qurilishini yakunlagan. Ishlab chiqarish quvvati yiliga 3 million dona avtomobil shinalari, 200 ming dona qishloq xo‘jaligi shinalari va 100 ming pogon metr konveyer lentasi ishlab chiqarishni tashkil etgan. Loyihaning bosh pudratchilari sifatida Xitoyning Poly Technologies va Linglong kompaniyalari ishtirok etgan. Angrendagi zavod ishga tushgunga qadar O‘zbekistonda shinalar ishlab chiqarilmagan.

«Tatneft» va «O‘zkimyosanoat» xoldinglari «Birinchi rezinotexnika zavodi» MCHJ negizida Rossiya kompaniyasining 51 foiz ulushiga ega qo‘shma korxona tashkil etishni rejalashtirgan. Tegishli kelishuv 2019 yilning noyabrida imzolangandi. Zavodning esa «Tatneft»ga integratsiya qilinishi bo‘yicha taxminlar mavjud edi. Keyinroq Rossiya kompaniyasi ishlab chiqarishni rivojlantirishga kamida 500 million dollar sarmoya kiritishi haqida xabar berilgan.

birинчи rezinotexnika zavodi, Tatneft, O‘zkimyosanoat

2021 yil aprel oyida qiymati qariyb 157 mln dollar bo‘lgan «Birinchi rezinotexnika zavodi» quvvatining 15 foizida ishlayotgani ma’lum qilingan. Zavod 2018 yil avgustida qurilgan, biroq sifat talabga javob bermagani uchun 100 mingta shina sotilmay qolgan, bu muddat davomida UzAuto Motors 60 mln dollarga shina sotib olgan. Parlament quyi palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov esa tashqi qarzlar qanchalik samarali sarflanayotganini so‘ragan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, rezinotexnika zavodi (Bars brendi ostida shinalar ishlab chiqaradi) omborida 100 mingta shina sotilmay turgan. «Sababi sifat talabga javob bermasligi bo‘lgan. So‘nggi ikki yilda UzAuto Motors 60 mln dollarga yaqin shina import qilgan», — deb yozgan deputat o‘shanda.

Alisher Qodirovning tushuntirish berishicha, Xitoy Eksimbankining jalb qilingan 156,4 million dollar mablag‘i hisobiga barpo etilgan zavod 3 mln dona shina ishlab chiqarishi va shinalar mahalliy avtomobil ishlab chiqaruvchilarining importi o‘rnini qoplashi kerak edi.