Toshkent ramzlariga chizgilar
Markaziy univermag yaqinidagi kitob rastalari
Markaziy univermag yaqinidagi kitob rastalari toshkentliklarning bir necha avlodi uchun qadrdon joy hisoblanadi. Chinorlar soyasida katta avlod o‘tmish bilan yuzlashsa, yoshlar bugungi kuni nafasi bilan yashaydi: sayr qiladi, suhbatlashadi, kitob o‘qiydi. Yo‘l-yo‘l naqshli soyabon ostidagi rastalar – kitobsevarlar uchun jannatning o‘zginasi. «Gazeta.uz» ushbu kitob rastalari qanday paydo bo‘lgani, ular nimasi bilan Toshkent ramzlaridan biriga aylanganini o‘rgandi.

Markaziy univermag yaqinidagi kitob rastalari toshkentliklarning bir necha avlodi uchun qadrdon joy hisoblanadi. Chinorlar soyasida katta avlod o‘tmish bilan yuzlashsa, yoshlar bugungi kuni nafasi bilan yashaydi: sayr qiladi, suhbatlashadi, kitob o‘qiydi. Yo‘l-yo‘l naqshli soyabon ostidagi rastalar – kitobsevarlar uchun jannatning o‘zginasi. «Gazeta.uz» ushbu kitob rastalari qanday paydo bo‘lgani, ular nimasi bilan Toshkent ramzlaridan biriga aylanganini o‘rgandi.

Kosmonavtlar metro bekati yonidagi «Moviy gumbazlar» bog‘ida joylashgan yoyma kitob bozori, ehtimol, poytaxtda saqlanib qolgan yagona ikkinchi qo‘l kitoblar bozoridir. 30 yillar muqaddam hozir yo‘l-yo‘l soyabonlar ostidagi rastalar o‘rnatilgan joydan trolleybuslar yurardi. Kitoblarni esa yo‘laklarda yerga yoyib sotishgan. O‘sha sotuvchilardan baʼzilarini hozir ham rastalar ortida uchratish mumkin. Xaridorlar va yaqin atrofdagi uylarda yashovchilar keksa sotuvchilarning ismlarini yaxshi bilishadi: «Olga Aleksandrovna, xayrli kun!», «Rustam, salom! Nima yangiliklar?», — deb o‘tishadi.
Nigina Xudaybergenova o‘smirlik chog‘ida metroda shahar chetidan xiyobongacha, u yerdan esa «Moviy gumbazlar»ga borganlarini eslaydi. Bog‘da u kitob rastalari oralab yurar, sotuvchilar bilan suhbatlashar hamda ulg‘ayib, pul topishni boshlaganida xohlagan kitob va jiloli jurnallarini sotib olishi haqida orzular qilardi. Shunday bo‘ldi ham.

U qo‘liga qahva ko‘tarib olib, yerga yoyilgan narsalar oldidan o‘tishni, melxior qoshiqlari, marjonlar, plastinalarni ko‘zdan kechirishni yaxshi ko‘rishini tan oladi. Rastalardagi jiloli jurnallarga diqqat bilan tikiladi — Nigina Xudaybergenovaning so‘zlariga ko‘ra, ularning baʼzilari shaharning boshqa joyida yo‘q. Kitoblar tanlaydi.

«Sheʼrlar to‘plamini sotib olib, shu yerda o‘tiraman. Mutlaq baxt va yangi hissiyotlar», — deydi Nigina Xudaybergenova.
Toshkentdagi X-Places Shahar tadqiqotchilari jamiyati o‘lkashunosi Rustam Xusanovning fikricha, aynan kitob qatorlari «Moviy gumbazlar» bog‘ini, u bilan birga Toshkentni ham kishi qayta-qayta borgisi keladigan shinam maskanga aylantiradi.

«Markaziy univermagdan boshlab u yerda butun boshli shahar hikoyalari yashaydi. Mana, bir kishi barcha o‘tkinchilarni o‘zi bilan shaxmat o‘ynashga taklif qilsa, yana biri akkordeon bilan. Nuroniy bir onaxon esa shundoqqina asfaltga to‘shalgan salafan ustiga kitoblarni terib qo‘ygan. Undan keyin esa uy hayvonlari do‘koni oldida navbatchilik qiladigan mushuklar, zargarlik buyumlari, charm buyumlar va yana kitoblar. Shu tarzda eski buyumlar bozori shakllana boshlaydi. Vazalar, haykalchalar, melxior va nishonlar inson nigohi va qiziqishini o‘ziga tortadigan bir dunyo hissiyotlardir», — deydi Rustam Xusanov.

O‘lkashunosning fikricha, kitob qatorlari bog‘ sterjeni yoki markaziy kartinasi bo‘lib, uning atrofida shahar qiyofasi shakllanadi. Qilish mumkin bo‘lgan eng yaxshi ish — uni o‘z holiga qo‘yishdir.
Ingliz tilidagi Uzbek Journeys blogi muallifi Penelopa Prays ham xuddi shunday fikrni qo‘llab-quvvatlaydi. U 2010-2021-yillarda Markaziy Osiyo, asosan Qirg‘iziston va O‘zbekistonga jamoaviy turlar tashkil etgan. Sayt o‘quvchilari va Uzbek Journeys mijozlari Yevropa, Janubiy Amerika davlatlari va Avstraliya fuqarolaridan iborat.

O‘tgan yozda Gruziyaga ko‘chib o‘tguniga qadar Penelopa Prays mintaqada yarim yillab vaqt o‘tkazib, Bishkek va Toshkentda galma-galdan yashagan. U O‘zbekistonga uyushtirilgan aksariyat turlar poytaxtni o‘z ichiga olmasligidan hayratlanishini aytadi.

«Sayyohlar mamlakatga kelishi bilan odatda Toshkentda bir kun vaqt o‘tkazib, so‘ngra darhol Samarqandga ketishadi. Fransiyaga safarni Parijsiz tasavvur qilib bo‘ladimi?» — deya hayratlanadi gid.
реклама
реклама
Praysning ekskursion turlari Toshkent bo‘ylab to‘rt kunlik sayohatni o‘z ichiga olgan bo‘lib, bu muddat davomida Eski shahar, «Ilhom» teatri, galereya va uy-muzeylarga tashrif buyurilgan. Sayyohlarga hamrohlik qilgan mahalliy arxitektorlar sovet modernizmi va shahar qurilishi to‘g‘risida so‘zlab berishadi. «Moviy gumbazlar» sayohatning oxirgi nuqtasi bo‘lgan.

«Qaysi shaharda bo‘lmaylik, sayyohlar har doim: “Bu yerda oddiy odamlar nima qilishadi?” — degan savolni berishardi. Shahar markazidagi ajoyib bog‘ o‘zining bu savolga o‘zining mavjudligi bilan javob berdi. Sayyohlarim sersoya yo‘laklar bo‘ylab sayr qilishni, muzqaymoq yeyishni, eski jurnal va kitoblarni varaqlashni, sotuvchilar bilan o‘qiganlari haqida suhbatlashishni yaxshi ko‘rishardi. Bu bolalar va kattalarga keng maʼnoda bilim, taʼlimning qadr-qimmatidan saboq beradigan o‘ziga xos muhitni yaratadi», — deydi Penelopa Prays.
Yo‘lboshchi Toshkentdagi hayoti va faoliyati davomida o‘zining soddaligi bilan hayratga soladigan kitob qatorlariga bog‘lanib qolishga ulgurdi. Penelopaning hatto Aleksey ismli sevimli sotuvchisi ham paydo bo‘ldi.

«Uning sharofati bilan hozir ingliz, fransuz, rus va o‘zbek tillarida O‘zbekiston sanʼati va tarixiga oid kitoblar to‘plamim bor. Ularni Yevropada topib bo‘lmaydi», — deydi Penelopa Prays.
реклама
реклама
Hozirda gid Tbilisida yashaydi. Gruziya poytaxtining diqqatga sazovor joylaridan biri bo‘lgan «Quruq ko‘prik» («Сухой мост») unga Toshkentdagi kitob rastalari hamda eski buyumlar bozorchasi joylashgan «Moviy gumbazlar» bog‘ini eslatadi. Penelopa Praysning so‘zlariga ko‘ra, eng avvalo sersoya bog‘da joylashgani bilan yodga tushiradi. Sayyohlarni o‘z tarixiga ega bo‘lgan turli xil buyumlar, eski kitoblar o‘ziga jalb qiladi.

Yo‘lboshlovchining fikricha, «Quruq ko‘prik»ning asosiy ustunligi shahar maʼmuriyati uni «jozibador va yangi» qilishga urinmaydi va tabiiy ravishda rivojlanishiga yo‘l qo‘yib beradi. Praysning so‘zlariga ko‘ra, Tbilisi hukumati mahalliy aholi va sayyohlarning manfaatlarini yaxshiroq tushunadi: eski shahar ko‘chalari va hovlilarini saqlab turishadi, sersoya bog‘larda baland musiqalar bo‘lmaydi.

«“Moviy gumbazlar” bog‘ida “Quruq ko‘prik”, mitti “Yangiobod”ga (Toshkentdagi eski buyumlar bozori nazarda tutilmoqda — tarj.) aylanish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Unga jamoat transporti bilan osongina yetib olish mumkin. U toza va yam-yashil, bir qancha qiziqarli do‘kon va kafelarga ega. Eng asosiysi — bu yerda kitob stendlari bor. Ular oddiy, serhasham emas — jozibasi ham shunda. Ularni shundayligicha saqlash kerak», — deb hisoblaydi Penelopa Prays.
Aholi «gumbaz»dagi kitob rastalarini kitobsevarlar uchun jannat, deb atashadi. Abduqodir Ismoilxo‘jayev so‘nggi besh yil davomida kerakli adabiyotlar uchun faqat shu yerga keladi — ham uyiga yaqin, ham assortimenti kattagina. Uning so‘zlariga ko‘ra, javonlarda do‘konlarda yo‘q eski kitoblarni uchratish mumkin. Eng so‘nggi topilmalar orasida Jeyms Kervudning 1919-yilda nashr etilgan «Shimol darbadarlari» asari ham bor.

Yigit uchun kitob rastalaridan xarid qilishning yana bir yoqimli tomoni shundaki, bu yerda sotuvchilar bilan muloqot qilish mumkin. Ular orasida ko‘p yashab, ko‘p o‘qishga ulgurgan keksalar ham oz emas. Abduqodir Ismolxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, ular bilan o‘qiganlarini muhokama qilish alohida zavq bag‘ishlaydi.

Sora Toshmuhamedova bu rastalarga esini taniganidan buyon keladi — oilasi uy kutubxonasini «gumbazlar»dan to‘ldiradi. Eng ko‘p tanlov sevimli mumtoz adabiyotda to‘xtaydi.

«Bu yerdagi kitoblar — qalbga yaqin. Ular o‘zlarini qachonlardir o‘qigan odamlarni birlashtiradigandek», — deydi qiz.
реклама
реклама
Klassika va chet el badiiy adabiyotidan tashqari, peshlavhalardan milliy mumtozlarning ham ijod namunalarini topsa bo‘ladi. Sotuvchilarning so‘zlariga ko‘ra, psixologiya, falsafa, tarix, ezoterikaga oid kitoblarga bo‘lgan talab yuqori. Odamlar rastalarga turli yillarda chop etilgan maktab va institutlar darsliklari, texnik, tibbiy adabiyotlar, bolalar ertaklarini so‘rab ham kelishadi. Sotuvchilar o‘zlarida bo‘lmagan kitoblarni topishga vaʼda berishadi.

«Kitobchilar»ning mashaqqatli mehnatida ularga yarim stavka zoodo‘konda navbatchilik qiladigan, qolgan vaqtlari esa borliq hikmatini anglagan mavjudodlardek kitob taxlamlari ustida yotadigan bog‘ mushuklari yordam berishadi.
Yangi va eski kitoblar bayram va yomg‘irli kunlarni hisobga olmaganda, yil-o‘n ikki oy sotiladi.

«[Shaharda] ulkan kutubxonalar qurilmoqda, biroq shaharliklar ularga borishyaptimi? Qatorlarda nimanidir izlayotgan, varaqlayotgan, so‘rab-surishtirayotgan odamlarni ko‘raman. Kitoblarni o‘zlariga yoki sovg‘a qilish uchun sotib olishadi, suhbatlashishadi. [Kitob rastalari], bu — “Moviy gumbazlar”ning tashrif qog‘ozi», — deb hisoblaydi toshkentlik Xolida Ahmedova.

Shaharga kitob rastalari kerak, deya ishonch bildiradi poytaxtlik fotosuratchi Oleg Zolotix.

«U yerda barcha noyob narsalarni topish mumkin: bolalar uchun ertaklarni ham, shunchaki qalban yaqin va qayta chop etilmaydigan yana nimalarnidir. Shahar hukumatining kitoblardagi nafni ko‘ra oladigan odamlarga qiladigan muomalasini ko‘rganingda qoning qaynaydi. [Undan ko‘ra qatorlardagi] stellajlarni yangilashsa, yoritish tizimi o‘tkazishsa, yong‘in xavfsizligi haqida qayg‘urishsa bo‘lardi», — deydi Oleg Zolotix.
Nigina Xudaybergenova Markaziy univermag yaqinidagi kitob rastalari «xavf ostida» ekanligiga haligacha ishonmasligini tan oladi.

«Mening xayolimda kitob rastalari, yaxshi sotuvchilar va Toshkent yuragi bir-biri bilan bog‘langan. Hokimiyatimiz jon kuydirayotgan, biroq asosiysini ko‘ra olmayotgan shahar qiyofasi degani aslida shu. Toshkentga plastik tog‘lar va biznes markazlari emas, yurak kerak. Toshkentni xiyobonsiz va kitob rastalarisiz tasavvur qilib bo‘ladimi? Albatta [yo‘q]. Shunday shaharda yashashni xohlardim. Aksinchasida emas», — deydi Nigina Xudaybergenova.
Noyabr oyi o‘rtalarida «Moviy gumbazlar» bog‘ida joylashgan kitob rastalari sotuvchilari shahar hokimligining bu joylarni kimoshdi savdosiga qo‘yish rejasidan xavotirlanib, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga videomurojaat yo‘llashgan edi. Unda uzoq vaqtdan beri Toshkentning o‘ziga xos ramzlaridan biriga aylangan poytaxtning yagona ikkinchi qo‘l kitob bozorini saqlab qolishni so‘rashgan. Ommaviy murojaatdan so‘ng Mirobod tumani hokimi Shuhrat Po‘latov sotuvchilar bilan uchrashgandi. Hozircha kitob rastalarining taqdiri bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilingani yo‘q.
Materialni Viktoriya Abdurahimova tayyorladi, Sanjar Said tarjima qildi.
Fotosuratlar mualliflari: Yevgeniy Sorochin, Zuma Mirzaliyeva / «Gazeta.uz». Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar «Gazeta.uz» nashriga tegishli. «Gazeta.uz» internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting