O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatida Qambarota-1 GES qurilishi bo‘yicha sarmoyaviy bitim imzolandi, deb xabar berdi «Gazeta.uz»ga Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

Hujjatga ko‘ra, qurilish bo‘yicha asosiy uch tomonlama bitim bo‘yicha kelishuv fevral oyida bo‘lishi kutilmoqda va iyul oyida imzolanishi mumkin.

Qayd etish kerakki, yoz oylarida odatda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi o‘tkaziladi.

Qambarota GES bo‘yicha loyiha ofisining ochilishi sentabr oyida, texnik-iqtisodiy asoslarni ishlab chiqish ishlari esa 2024 yil iyul oyida boshlanishi kutilmoqda. Loyihaning aniq miqdori ana shu texnik-iqtisodiy asoslash natijalari asosida aniqlanadi.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oyi boshida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston energetika vazirlari Qambarota-1 GES qurilishi loyihasini birgalikda amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni imzolagan edi.

O‘zbekiston Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, loyiha doirasida 5,4 mlrd kub metrga teng suv ombori va 1860 MVt quvvatli gidroelektr stansiyasi ishga tushiriladi. Natijada yiliga o‘rtacha 5,6 mlrd kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston prezidentlari Samarqandda 2022 yil sentabr oyida bo‘lib o‘tgan SHHT sammiti doirasidagi muzokaralar chog‘ida Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li va Qambarota-1 GES qurilishini tez fursatda boshlash muhimligiga alohida e’tibor qaratgan.

Undan avval ham «Qirg‘izistonda Qambarota-1 GES qurilishi» sarmoyaviy loyihasini birgalikda tayyorlash to‘g‘risidagi bitim va elektr energiyasini o‘zaro yetkazib berish bo‘yicha protokol imzolangandi.