Namangan va Samarqand viloyatlarida korxona rahbarlari imtiyozli kredit mablag‘larini o‘zlashtirganlikda gumonlanmoqda. Bu Bosh prokuratura huzuridagi Departamentninghududlardagi bo‘limlari o‘tkazgan tekshiruvda aniqlandi.

Namangan viloyatining Norin tumanida korxona rahbari attraksion jihozlarini olish uchun tijorat banki filialidan imtiyozli kredit ajratilgan. Biroq tadbirkor buning evaziga 228,8 ming AQSh dollarlik (qariyb 2,5 mlrd so‘m) jihozlarini sotib olmasdan, kredit mablag‘ini xorij kompaniyasi orqali naqdlashtirib olib o‘zlashtirgan.

Samarqand viloyatining Urgut tumanida esa issiqxona qurish uchun tijorat banki filialidan ajratilgan imtiyozli kredit mablag‘i evaziga xarid qilingan 416 mln so‘mlik metall buyumlarini naqd pulga sotib, kredit mablag‘ini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.