Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, Buxoro viloyatida bir kunning o‘zida «Sinepar» siropini ichgan 23 nafar bola vafot etgani aytilgan xabarlarni rad etdi.

Vazirlikning ta’kidlashicha, bu ma’lumotlar mutlaqo asossiz va haqiqatga zid. O‘rganishlar davomida viloyatdagi tibbiyot muassasalarida davolangan bolalarda ushbu preparatni qabul qilish tufayli hech qanday o‘lim holati kuzatilmagani ma’lum bo‘lgan.

O‘z navbatida, vazirlik fuqarolarga har qanday dori vositasidan shifokor ko‘rsatmasisiz va o‘zboshimchalik bilan foydalanmasalik zarurligini eslatib o‘tdi.

Bosh prokuratura esa aholi orasida yolg‘on, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan va vahima chiqarishga qaratilgan ma’lumotlar va materiallarni har qanday shaklda tarqatish uchun jinoiy javobgarlik mavjudligini bildirdi.

Ma’lumot uchun, ushbu siropning ishlab chiqaruvchisi Marion Biotech bo‘lib, kompaniyaning boshqa bir siropi «Dok-1 Maks»dan O‘zbekistonda kamida 20 nafar bola vafot etgan. Ayni vaqtda esa O‘zbekistonda Marion Biotech kompaniyasining barcha turdagi dorilari savdosi to‘xtatilgan.

Avvalroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mamlakatlarni Gambiya, Indoneziya va O‘zbekistonda 300 dan ortiq bola o‘limiga sabab bo‘lgan siroplarga qarshi kurashishga chaqirgandi.