Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 2022 yil oxirida avj olgan, yo‘talga qarshi siroplar bilan bog‘liq o‘limlardan so‘ng bolalarni zararlangan dori-darmonlardan himoya qilish uchun «zudlik bilan va kelishilgan holda» choralar ko‘rishga chaqirdi.

Bayonotda so‘nggi to‘rt oy ichida mamlakatlar tarkibida me’yoriy miqdordan yuqori darajadagi dietilenglikol va etilenglikol borligi tasdiqlangan, retseptsiz berilgan siroplarning bir nechta aks ta’sirlari haqida xabar bergani keltirilgan. Bunday holat kamida yettita davlatda kuzatilgan bo‘lib, ularning uchtasida 300 dan ortiq o‘lim qayd etilgan. Vafot etganlarning aksariyati besh yoshgacha bo‘lgan bolalardir.

Yuqorida nomi keltirilgan moddalar zaharli bo‘lib, ular hatto oz miqdorda qabul qilinganda ham halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin va hech qachon dori vositalarida ishlatilmasligi kerak.

Mamlakatlar hisobotlariga asoslanib, JSST ushbu hodisalar bo‘yicha uchta global tibbiy ogohlantirish e’lon qildi. Ular Gambiya, Indoneziya va O‘zbekistondagi holatlarga qaratilgan.

JSSTning tibbiy mahsulot haqida ogohlantirishlari tashkilotga a’zo barcha 194 davlatning milliy sog‘liqni saqlash organlariga yuborilgan. Ushbu tibbiy mahsulot haqida ogohlantirishlarda quyidagilar ko‘zda tutilgan, jumladan:

  • zararlangan dori vositalarini muomaladan olib tashlash;
  • agar ushbu sifatsiz mahsulotlar mamlakatda aniqlangan bo‘lsa, JSSTga toksik ta’sir to‘g‘risida xabar berish.

JSST tartibga soluvchilar va hukumatlarni quyidagilarga chaqiradi:

  • JSST tibbiy ogohlantirishlarida yuqorida qayd etilgan o‘lim va kasalliklarning potensial sabablari sifatida belgilangan har qanday sifatsiz tibbiy mahsulotlarni aniqlash va ularning tegishli bozorlarida muomaladan olib tashlash;
  • o‘z bozorlaridagi barcha tibbiy mahsulotlar vakolatli organlar tomonidan sotish uchun ruxsat etilganini va vakolatli/litsenziyalangan yetkazib beruvchilardan olinishini ta’minlash;
  • xalqaro normalar va standartlarga muvofiq o‘z vakolatlari doirasidagi ishlab chiqarish obyektlarini tekshirishni takomillashtirish;
  • sifatsiz va qalbakilashtirilgan dori vositalarini ishlab chiqarish, tarqatish va/yoki ulardan foydalanishga qarshi kurashish, zarur hollarda, qonunlar va boshqa tegishli huquqiy choralarni qabul qilish va amalga oshirish.

Avvalroq JSST «Dok-1 Maks» va «Ambronol» siroplarining sifat standartlariga mos kelmasligi haqida ogohlantirish e’lon qilgandi. Bu O‘zbekistonda kamida 20 nafar bolaning o‘limi bilan bog‘liq bo‘lib, o‘sha paytda ishlab chiqaruvchi kompaniya — Marion Biotech tashkilotga sifat kafolati bo‘yicha hujjat taqdim etmagan.