13 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasining «Toshkent shahri markazlashgan issiqlik ta’minoti korxonalarini faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori [13-son] qabul qilindi.

Unga ko‘ra:

  • «Toshkent issiqlik markazi» davlat unitar korxonasi mas’uliyati cheklangan jamiyatga aylantiriladi;
  • 2023 yil 1 fevralga qadar Jamiyat ustav kapitalidagi ulushni qoldiq (balans) qiymatda «Issiqlik elektr stansiyalari» AJga uning ustav fondidagi davlat ulushini oshirish hisobiga beriladi.

Belgilanishicha:

  • Jamiyat «Toshkent issiqlik markazi» davlat unitar korxonasining shartnomalari, huquqlari va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy voris hisoblanadi;
  • jamiyat aktivlari (mulklari) inventarizatsiyadan o‘tkaziladi va jamiyat ustav kapitali miqdori ularni baholashdan o‘tkazmagan holda, soliq organlariga taqdim etilgan oxirgi buxgalteriya balansi ma’lumotiga asosan, uning amaldagi ustav kapitali miqdorida belgilanadi;
  • Soliq kodeksiga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qarori bilan o‘tkazilayotgan mulk, mulkiy huquqlar, jumladan ustav kapitalidagi ulushlar qiymati, shu jumladan ularni qayta tashkil etish va tugatish chog‘ida soliqqa tortishning barcha turlari bo‘yicha soliq solish obyekti hisoblanmaydi.

Shuningdek, «Issiqlik elektr stansiyalari» AJga Toshkent shahrida aholiga va iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojlari uchun o‘z vaqtida sifatli issiqlik energiyasini uzatish vazifasi yuklatildi. Boshqaruvga qabul qilinayotgan Jamiyatga tegishli qozonxonalarning texnik holatini to‘liq xatlovdan o‘tkazib, investitsiyalarni, shu jumladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilgan holda davlat-xususiy sheriklik asosida qozonxonalarni bosqichma-bosqich rekonstruksiya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish topshirildi.