Yakshanba kuni va dushanba ertalab Toshkent yana IQAir reytingiga ko‘ra, havoning ifloslanishi bo‘yicha jahon yetakchilari qatoridan joy oldi. 22 yanvar kuni tushdan keyin O‘zbekiston poytaxti kuchli beshtalikdan joy olgan bo‘lsa, 23 yanvar kuni birinchi o‘ringa ko‘tarildi.

O‘zgidromet ma’lum qilishicha, atmosfera havosining zararli ifloslantiruvchi moddalar (CO-uglerod oksidi, SO2-oltingugurt oksidi, NH3 — ammiak va chang) bilan ifloslanish holati ruxsat etilgan me’yoriy miqdordan ortmagan. Avtotransportlar harakati natijasida azot oksidi miqdori 0,2 — 0,3 marotaba ortgan, ammo u inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi, deyiladi xabarda.

O‘zbekiston hududi, jumladan Toshkent shahri antitsiklon periferiyasi ta’sirida qolmoqda. «Bu jarayon atmosferaning yer sirtiga yaqin quyi qatlamida havoning quyosh botishi va chiqishidan so‘ng radiatsion sovishini keltirib chiqaradi. Bu havoda suv bug‘larining to‘yinishi, qalin tuman va bulduruq hodisalarida sabab bo‘ladi. Havodagi suv bug‘lari harorati -10,15 daraja oralig‘ida muz parchalariga aylanib, mayda disperss zarrachalar ko‘rinishida havoda xiralikni yuzaga keltiradi. Shu bilan birga, shamol omilining yo‘qligi esa havoda ko‘rinuvchanlikni pasaytirib yuboradi» — deyiladi O‘zgidromet xabarida.

Toshkentda atmosferaning pastki qatlamida (100−150 metrgacha) harorat inversiyasi (havo haroratining ortib borishi) vujudga keldi. Harorat inversiyasi — havoni vertikal harakatlariga to‘sqinlik qiladi, natijada mayda zarrachali (PM 2,5) ifloslantiruvchi moddalar konsentratsiya oshib borishiga sabab bo‘ladi va havoda ko‘rinuvchanlikni pasayishi esa transportlarning harakatlanishiga salbiy tasir ko‘rsatadi.

«22 yanvar 22:00 dan 23 yanvar 05:00ga qadar poytaxtda radiatsion sovish fonida qalin tuman hodisalari ro‘y berib, Toshkent xalqaro aeroportida ko‘rinish masofasi 50−100 metrgacha bo‘lgani sababli 11 ta aviareyslar zaxira aeroportlariga qo‘ndirildi» — deyiladi markazda.

Tuman va bulduruq hodisalari ta’sirida PM 2,5 mayda disperss zarrachalari o‘lchov vositalarida aniqlanib AQI reytingida Toshkentda 23 yanvar kuni 7:00 dan 9:00 gacha eng yuqori ifloslanish ko‘rsatgichi kuzatilgan. Haroratning ko‘tarilishi natijasida tuman va bulduruq hodisalari kamaymoqda, havoning mayda zarrachalari bilan ifloslanishi pasaymoqda.