Nukusdagi iyul voqealari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida Buxoroda yakuniga yetayotgan sud muzokaralarida asosiy sudlanuvchi Dauletmurat Tajimuratov oxirgi bo‘lib o‘z himoyasi uchun so‘zga chiqdi. O‘tgan payshanba kuni so‘zga chiqqan boshqa sudlanuvchilardan farqli o‘laroq, u suddan dushanba kuni so‘zga chiqishga ruxsat berishni so‘ragan edi. Uning nutqi taxminan 1,5 soat davom etdi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Avval xabar berilganidek, jurnalist, bloger va «Yel xizmetinda» («Xalq xizmatida») advokatlik byurosi advokati Dauletmurat Tajimuratov Jinoyat kodeksining 28-moddasi orqali 104-moddasi 3-qismi «a» bandi (ikki yoki undan ortiq shaxsga qasddan badanga og‘ir shikast yetkazishda qatnashish), 159-moddasi 4-qismi (hokimiyatni bosib olish yoki O‘zbekiston konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish), 167-moddasi 3-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish), 244-moddasi 3-qismi (qurol yoki qurol sifatida foydalaniladigan boshqa narsalarni ishlatib yoxud ishlatish bilan qo‘rqitib shaxsga nisbatan zo‘rlik ishlatish, qirg‘in solish, o‘t qo‘yish, mulkka shikast yetkazish yoki uni nobud qilish, hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatish orqali sodir etilgan ommaviy tartibsizliklar tashkil qilish, shuningdek, ommaviy tartibsizliklarda faol qatnashish) va 244−1-moddasi 3-qismi «a», «b», «g» bandlari (oldindan til biriktirib yoki bir guruh shaxslar tomonidan xizmat mavqeidan va OAV yoxud telekommunikatsiya tarmoqlaridan foydalanib jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) bo‘yicha ayblanmoqda.

Avvalroq davlat ayblovchisi Dauletmurat Tajimuratga moddalar umumlashtirilgani holda 18 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlashni so‘ragan edi. Sud jarayonlari boshlangan noyabr oyida Oliy sud tomonidan tergov ma’lumotlariga tayangan holda berilgan axborotda Dauletmurat Tajimuratov «uyushgan guruh tashkil kilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasining amaldagi hukumatini ag‘darib, o‘zini Jo‘qorg‘i Kenges raisi lavozimiga tayinlash maqsadida 1−2 iyul kunlari ommaviy tartibsizliklarni tashkillashtirgan»ligi aytilgan edi.

«Gazeta.uz» Dauletmurat Tajimuratovning suddagi chiqishidan asosiy jihatlar tarjimasini e’lon qiladi. Bungacha jurnalist Lolagul Qallixanova, sportchi Azamat Turdanov va bloger Baxtiyor Qadirbergenovning nutqlari e’lon qilingan edi.

«Agar men hokimiyatni obro‘sizlantirgan bo‘lsam, u holda davlat organlari nega menga faxriy yorliqlar bergan?»

…[Ayblovda ta’kidlanishicha], Dauletmurat Tajimuratov «biryoqlama jurnalistik surishtiruv» olib borgan. Ma’lumot uchun, men u yerga Lolaning (ayblanuvchilardan biri, jurnalist Lolagul Qallixanova — tahr.) yordamchisi sifatida borganman. Lola jurnalistlar guruhiga yetakchilik qilayotgandi. Jurnalistik surishtiruv olib bordik, u har tomonlama tasdiqlandi, bosh shifokorni ishdan olishdi, sog‘liqni saqlash vaziri ishdan olindi. Bizga qonuniy huquqlar ta’minlanishiga yordam berganimiz haqidagi xat berishdi. Ushbu masala [ayblov tomonidan] yaxshi o‘rganib chiqilmagan.

[Ayblovda aytilishicha], «Vazirlar Kengashi rasmiy OAV vakillari va blogerlarga 2020 yilning 21 dekabr kuni mobil telefonlardan foydalanishga ruxsat bermagan bo‘lsa-da, Tajimuratov haqiqatga zil bo‘lmagan materiallar tayyorlab, Taxiatosh tumani va Nukusdagi hokimiyatni obro‘sizlantiruvchi rolikni e’lon qilgan». Bu nima degani? Bu pioner tashkilotlari mavjud bo‘lgan eski davrni yodga solyapti.

Vazirlar Kengashi jurnalistlarga ruxsatnoma tarqatmaydi. Jurnalistlarga Vazirlar Kengashidan ruxsatning hatto keragi ham yo‘q. Jurnalistlar xohlasa Vazirlar Kengashining butun ishini oyog‘ini osmondan qilib yuborishi mumkin, chunki bunga prezident huquq bergan, prezident qaror qabul qilgan. U (jurnalistlarni nazarda tutib — tahr.): «Ortingizda men turibman», degan. Biz Vazirlar Kengashidan ruxsat so‘rab o‘tirmaymiz.

Mayli, buni tayyorlagan prokuror kecha chiqish qildi. U chiqish qildi, uning yonida o‘tirgan respublika prokurorining birinchi o‘rinbosari menga o‘sha ish bo‘yicha xat bergandi. Telefondan foydalanish mumkinligi, hech qanday to‘sqinlik bo‘lmasligi haqida. U IIV surishtiruv o‘tkazgani va qonunga zid xatti-harakatlar qilgan o‘z xodimlarini ogohlantirganini aytgandi. Bu IIVning nizomida ham ko‘rsatib o‘tilgan, ularga ogohlantirish berilib, intizomiy chora ko‘rilishi kerak. Nima uchun ularning xatti-harakatlarini o‘rganib ko‘rishmaydi? Bularning bari faktlar bilan tasdiqlangan. Men hech qachon faktlarsiz video e’lon qilmaganman. Faktlarga tayanmay ma’lumot chiqarayotgan hech qachon o‘rindiqda o‘tirib olib, xotirjam, ishonch bilan gapira olmaydi.

Kanalda Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan suv tariflari asossiz oshirilayotgani haqida yolg‘on axborot e’lon qilinganiga doir ayblovga kelsak. Birinchidan, mening kanalimda bunday axborot chiqmagan. Ikkinchidan, bu materialni men tayyorlamaganman. Uchinchidan, men bu video haqida hech narsa bilmayman. Men bunday savodsiz video tayyorlamagan bo‘lardim. Men Toshkentdagi suv narxi bizdagidan farq qilishini bilaman. Toshkentga suv tog‘lardan tushib keladi. Biz, bechoralar esa, suvni yaroqsiz holga kelib qolayotgan Tuyamo‘yin (suv ombori)dan olib ichamiz. Men buni tushunaman. Lekin prokuratura bunga e’tibor qaratmagan.

dauлетмuрaт tajimuрaтов, нukuс voqealari, нukuс voqealari bo‘yicha sud, қорaқaлпоғистон

[Ayblovda ta’kidlanishicha, Tajimuratov] sudyalarni, prokuratura organlarini, prokuratura, huquq-tartibot organlarining mansabdor shaxslarini obro‘sizlantirgan, vaholanki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasida sud hokimiyati, qonun chiqaruvchi hokimiyat, hokimiyatlar, siyosiy partiyalar, barcha tashkilotlar xalqqa xizmat qilishi belgilab qo‘yilgan.

Agar men 2019 yildan beri prokuraturani, ichki ishlar organlarini, sudlarni obro‘sizlantirib kelayotgan bo‘lsa, Qoraqalpog‘iston adliya vaziri Saylaubay Mambetqadirov Dauletmurat Tajimuratovga mamlakatda yuz berayotgan jarayonlarni yoritishdagi xizmati, aholining huquqiy savodxonligi va madaniyatini oshirishga qo‘shgan hissasi uchun muhrli faxrli yorliqqa imzo qo‘ygan. Tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi bo‘yicha ham xuddi shu gap. Milliy gvardiya ham 2022 yili OAVda jamoat tartibini saqlash, fuqarolarning shaxsiy mol-mulkini asrash, huquqbuzarliklar va jinoyatchilikning oldini olishga xizmat qiluvchi targ‘ibot-tashviqot ishlari uchun minnatdorlik bildirgandi.

Ishlar yaxshi ketayotgan mahal men hammaga kerakli edim va hamma meni hurmat qilayotgandi. Qoqilishim bilan, hamma menga qarab tosh otishga urinyapti.

[Ayblovda] sud hokimiyatini obro‘sizlantirish, prokurorlarning 2020 yilgi xatti-harakatlaridan norozilik, sudlangan ikki o‘smirning taqdiri, fuqarolarni sudlarda qabul qilish holatlari va boshqalar ko‘rsatib o‘tilgan. Bularning bari tasdiqlangan. Agar men sud raisiga nisbatan yolg‘on ishlatgan bo‘lsa, meni ma’muriy javobgarlikka tortish shu sudning qo‘lida-ku, nega shunday qilmagan? Agar men prokurorni obro‘sizlantirgan bo‘lsam, qonun ustuvorligini ta’minlash uning qo‘lidagi masala-ku.

Agar men ichki ishlar organlarini, Milliy gvardiyani obro‘sizlantirgan bo‘lsam — ular menga faxriy yorliqlar bersa-da, men ular haqida yozishda davom etavergan edim — nega ular menga qarshi ish ochmadi, ular uchun buning qiyin joyi yo‘q-ku? Shu kungacha mening ustimdan, jumladan, amaldorlar, deputatlar tomonidan 30−40 ta ariza tushgan.

Ayblovning boshida menga qarshi 30−40 ta ayblov e’lon qilindi. Agar shularning birortasi ish materiallarida tasdiqlangan bo‘lganida edi, men hech narsa demagan bo‘lardim. Tasdiqlangani yo‘q. Bu xuddi er-xotinning g‘iybatiga o‘xshaydi.

«Biz tinchgina yashayotgandik, har kim o‘zi bilan ovora, hammasi yaxshi edi»

Biz respublikada tinchgina yashayotgandik, har kim o‘zi bilan ovora, hammasi yaxshi edi. 2022 yilning 16−17 iyun kunlari internetda Qoraqalpog‘iston O‘zbekistonning viloyatlaridan biriga aylanishi masalasida sessiya bo‘lishi haqida xabarlar tarqaldi. Bu yangilikni eshitganimda kuldim. Respublika viloyatga aylanishi imkonsiz. Buni Qoraqalpog‘istonning o‘zi hal qila olmaydi, bu xuddi ertakdek gap edi.

21 iyun kuni Jo‘qorg‘i Kenges yopiq sessiya o‘tkazib, unda O‘zbekiston Konstitutsiyasining Qoraqalpog‘istonga aloqador 70−75-moddalarini bekor qilish masalasini muhokama qilgan. Unda 60 deputat, davlat boshqaruvi organlarining rahbarlari qatnashgan, ular birgalikda shu masalani ko‘rib chiqqan. Adliya vaziri Saylaubay Mambetqadirov so‘zga chiqib, bizga suverenitet va referendum kerakmasligi, biz — bir mamlakat ekanimiz haqida xulosa bergan. Qoraqalpog‘iston Konstitutsiyaviy nazorat qo‘mitasi rahbari Parahat Aytniyazov ham bizga bu narsa kerak emasligi haqida xulosa bergan.

Gap Qoraqalpog‘istonning taqdiri haqida bormoqda, shunday narsalarni eshitib, men qanday qilib uyda jim o‘tira olaman?

Agar Konstitutsiyadan referendum (referendum o‘tkazish huquqi — tahr.) olib tashlansa, oradan 20 yil o‘tib boshqa bir Dauletmurat paydo bo‘lib, biz ajralib chiqishni xohlaymiz, deb qolishi mumkin. O‘zbekiston unga: «Yaxshi, ajralib chiqishinglar mumkin, lekin bunga qonuniy asos keltiringlar», deydi. Agar bu asosni, referendum va suverenitetni 2022 yilda bekor qiladigan bo‘lsak, u holda asoslab bo‘lmaydi. Shundan keyin: «Uzr, men ruxsat bergan bo‘lardim, lekin asos yo‘q-da», deyishadi. Unda nima bo‘ladi?

Vaholanki, men mustaqillikka erishish uchun uringanim yo‘q. Sababi — biz shu vaqtgacha yaxshi yashayotgandik. Mustaqillik haqida orzu qilish — jinoyat emas. Men orzu qilishda davom etaveraman, o‘lgunimcha orzu qilaman. Lekin bu jinoyat emas, bu qadam emas. Hozir meni qo‘yib yuborsangiz ham men mustaqillik tomon qadam tashlamayman, lekin orzuim so‘nmaydi.

Hurmatli sudya, Jo‘qorg‘i Kenges jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonunning 2, 4, 5, 6, 23, 25-moddalarini buzib, 700 fuqarodan [Konstitutsiya moddalarini o‘zgartirish bo‘yicha] murojaatlar olganini ma’lum qildi. Shu murojaatlar asosida [Konstitutsiya moddalarini o‘zgartirish bo‘yicha] takliflar tayyorlangani ta’kidlanmoqda. Vaholanki, bu murojaatlarni qanoatlantirmasa ham bo‘lardi.

Nima uchun 60 deputatdan birortasi menga Jo‘qorg‘i Kengesda murojaatlar ko‘rib chiqilayotganini aytmadi? Ular orasida Murat (Kardar), Murat Gaipovlar bor edi… Kimdir chiqib, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonunga asosan ushbu murojaatlarni qanoatlantira olmaymiz, lekin prezident[ning tuzatishlar bo‘yicha] takliflarini ma’qullab, ovozga qo‘yish bo‘yicha qaror qabul qilamiz, deb aytishi mumkin edi-ku.

Shavkat Mirziyoyev Jo‘qorg‘i Kengesning Nukus voqealaridan so‘ng bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida, 2022 yil 3 iyul. Foto: Prezident matbuot xizmatiShavkat Mirziyoyev Jo‘qorg‘i Kengesning Nukus voqealaridan so‘ng bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida, 2022 yil 3 iyul. Foto: Prezident matbuot xizmati

Yashirmayman, bu harakatlar ortida prezident turibdi, deb o‘ylagandim. Biroq 1 iyul kuni [Shavkat] Mirziyoyevning bunga aloqasi yo‘qligini bildim. Chunki siz, sudyalar, Akmal Saidov (Konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha konstitutsiyaviy komissiya rahbari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari — tahr.) ishtirokidagi o‘sha majlisda bor edingiz. U bir emas, ikki marta Jo‘qorg‘i Kengesga qoraqalpoq masalasi bizda (O‘zbekiston parlamentida — tahr.) ko‘rilmaydi, deb xat yo‘llaganini aytdi. U bu masalani o‘zinglar ko‘rib chiqinglar, deb xat yo‘llaganini aytdi. Zuhra Reymova esa (Jo‘qorg‘i Kengesning qonuniylik, sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi — tahr.) 70−75-moddalarga tuzatish kiritishni takroran taklif qilgan.

[Qoraqalpog‘iston iqtisodiy sudi raisi o‘rinbosari] Bahrom Qitaybekovga rahmat, u, ajdodimiz Allayor [Do‘snazarov] kabi qayta va qayta turib, bu xato ekanini, jurnalistlarni kiritmay, yopiq sessiya o‘tkazilayotgani xato ekanini aytgan. Akmal Saidov esa: «Men nima qilay, taklif sizlardan chiqyapti-ku», dedi. Men shundagina bunda O‘zbekistonning aybi yo‘qligini tushunib yetdim. Oliy Majlis va prezidentning aybi yo‘q. Hamma balo o‘zimizdan chiqqan ekan.

Qonun loyihasi 24 iyun kuni e’lon taqdim etilib, 25 iyundan 5 iyulga qadar muhokama qilindi. Bu masala bo‘yicha men guvoh Zuhra Reymova va senator Ulig‘bek Jalmenovning suddagi ko‘rsatmalarini eslab o‘tdim.

Murat Qallibekovich (Kamalov, Jo‘qorg‘i Kengesning sobiq raisi — tahr.) tergov davomida ko‘rsatuv bergan. Tergovchi undan O‘zbekiston Konstitutsiyasiga bu tuzatishlarni, bu moddalarni kim taklif qilgan, deb so‘ragan. «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining Qoraqalpog‘istonga doir 70−75-moddalariga tuzatish kiritish bo‘yicha takliflar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan berilgan». Mana, respublika rahbarining o‘zi tuzatishlar Jo‘qorg‘i Kenges tomonidan kiritilganini aytib turibdi. Ular bo‘lsa tuzatishlar Oliy Majlisdan kelgandi, deb bu yerda aldayapti.

Mo‘ynoq tumani aholisi O‘zbekiston Konstitutsiyasining 70−75-moddalariga o‘zgartish kiritilishiga qarshi norozilik bildirmoqda. Foto: Ijtimoiy tarmoqlardanMo‘ynoq tumani aholisi O‘zbekiston Konstitutsiyasining 70−75-moddalariga o‘zgartish kiritilishiga qarshi norozilik bildirmoqda. Foto: Ijtimoiy tarmoqlardan

«Men IIVga, MXXga bordim. Namoyish uyushtiraman, dedim. Meni qamashlarini so‘radim»

Bu masala bo‘yicha internetda xalq noroziliga paydo bo‘la boshlaganiga qaramay, may oyidan boshlab deputatlar, partiyalar, davlat boshqaruvi organlari, o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat tashkilotlari jim o‘tirdi va odamlarga [tuzatishlar bo‘yicha] tushuntirish bermadi.

Lekin endi Dauletmurat Tajimuratov xalqqa noto‘g‘ri tushuncha bergan, deyishyapti. Men shu kungacha noto‘g‘ri tushuntirganim yo‘q. Bu mening fikrim, mening so‘zim. Men noto‘g‘ri tushuntirgan bo‘lsam, u holda deputatlar va partiyalar qayoqqa qaragan, shaftoli terib o‘tirganmi? Nega adliya vaziri chiqib, Dauletmurat Tajimuratov noto‘g‘ri tushuntiryapti, demaydi? Ularning birortasi chiqqani yo‘q. Chunki ularga o‘z joylari (kreslolari) kerak.

OAV faoliyatini qat’iy nazorat qilib turuvchi prokuratura qayoqqa qaragan? IIVning bizni kuzatib yuruvchi boshqarmasi qayoqqa qaragan? DXXda ham bor. Hammasi jim, lekin bo‘lib o‘tgan voqealardan so‘ng Dauletmurat Tajimuratov noto‘g‘ri tushuntirgan, deyishyapti. Agar qo‘rqmasa, menga chiqsin, davlat xavfsizligining rahbari bilan ochiqchasiga (tengma-teng) gaplashaman. Ichki ishlar vaziri bilan ochiqchasiga gaplashishga tayyorman. Prokuror bilan yozishib yurgan odamman, nega u menga: «Dauletmurat, sening harakatlari xato», deb yozmaydi?

Savol tug‘iladi — nega prokuratura, IIV, MXX javobgarlikka tortilmadi?

Prezident kelganida, oqsoqollar undan kechirim so‘rashdi. Uzr so‘raguncha bu voqealarning oldini olganlari yaxshiydi. Birorta oqsoqol chiqib, «Dauletmurat, kerak emas», degani yo‘q…

Men 1 iyulga qadar bir necha roliklar chiqarib, hatto respublika prokuraturasi va IIVga «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi qonunning 3 va 4-moddalariga asosan, ular bu ishlarning oldini olishi uchun, taqdimnoma berishimni ham aytdim. 27 iyun kuni advokatlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda men rahbarlarga bu urushga aylanib ketishi mumkinligi aytdim, «Qaranglar, odamlar norozi», deb aytdim. Lekin ularning birortasi biror nima degani yo‘q.

Oxiri o‘zim IIVga, MXXga bordim. Namoyish uyushtiraman deyapman. Kurashaman deyapman. Meni qamab qo‘yinglar, yo‘qsa to‘xtamayman, deyapman. Endi esa ular bugun qahramondek chiqib olib, Dauletmurat undoq qildi, bundoq qildi, deyishyapti. Hurmatli sudya, har ishning ham chek-chegarasi bor-ku. Men o‘zim ularning eshigi oldiga kelib, meni qamashlarini so‘radim, ularga yana nima kerak?

1 iyul kuni «Salmen ota» masjidi oldidagi chiqishimdan so‘ng men Jo‘qorg‘i Kengesga Konstitutsiyaning mitinglar o‘tkazishga doir 11-moddasiga asoslanib xat yubordim. Shundan so‘ng mening barcha qarindoshlarimni, jumladan, 7-sinfda o‘qiydigan bolani uylaridan, qo‘shnilarni, quruvchilarni olib ketishgan. Isuzu [avtobusi]ga solib, olib ketishgan.

dauлетмuрaт tajimuрaтов, нukuс voqealari, нukuс voqealari bo‘yicha sud, қорaқaлпоғистон

Kaltaklash bilan kechgan «profilaktik suhbat»

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar juda tezkor ishlaydi. Meni olib ketishgan mahal ichki ishlar vaziri Amanbay Orinbayevga profilaktik suhbat haqida axborot berishgan. Uning qo‘l ostidagi shunday ish qilgani uchun Orinbayev aybdor emas.

Agar bu profilaktik suhbat bo‘lsa, u holda mahalla vakillari qani, men bilan bu suhbatni kim olib bordi, guvohlar qani, qani bayonnoma, oxir-oqibat, bu suhbatning yakuni nima bo‘ldi — meni ko‘ndira olishdimi yo yo‘q? Nega ish materialarida bu narsa yo‘q?

Yangi O‘zbekistondagi profilaktik suhbat, bilmadim — boshingga niqob taqib, qo‘lingni bog‘lab, avtozakka tiqib, elektroshoker bilan niqtab-niqtab, urib, qon qusdirib, so‘ng profilaktik suhbatdan chiqarib yuborishmi? Biror bir sahifada shu profilaktik suhbat bayonnomasini ko‘rganimda, qo‘limni ko‘targan bo‘lardim. Yo‘q u narsa.

Ayblovga qaytamiz. Ta’kidlanishicha, «Dauletmurat Tajimuratov 29 iyun kuni o‘zining g‘arazli niyatini amalga oshirish maqsadida uyushgan guruh a’zolari Smetallayev, Turdanov va Jiyemuratov bilan uchrashib, ularga ko‘rsatma bergan. Ko‘rsatmaga muvofiq, agar qamalib qoladigan bo‘lsam, ular olomonni to‘plab, meni chiqarib olishlari kerak edi. Ushbu ko‘rsatmaga muvofiq, guruh a’zolari 1 iyul kuni markaziy bozorda odamlarni to‘plagan».

Savol tug‘iladi: sud muhokamalari vaqtida bular — Ahmet, Salamat, Dauletmurat, Xo‘janbergenlardan qay biri markaziy bozorga borgani haqida gapirdi? Yoki 1−2 iyuldagi ommaviy tartibsizliklarda qatnashganlarning birortasi aynan shularning tashviqoti sabab qatnashganini aytdimi? Bunaqa gap bo‘lgani yo‘q. Jinoyat kodeksining 26-moddasiga ko‘ra, agar ayblov sudda tasdiqlanmasa, u holda hukm chiqarib bo‘lmaydi.

Ayblovda aytilishicha, «Dauletmurat Tajimuratov 1 iyul kuni Jo‘qorg‘i Kengesdan uyiga qaytayotganida, jamoatchilikka: „Sizning talablaringiz bajarilishi — mening vazifam, meni qamash-qamamasliklari — sizning qo‘lingizda“ degan va ommaviy tartibsizliklarga chorlagan». Savol tug‘iladi: agar mening bayonotim 2 iyuldagi ommaviy tartibsizliklarga chorlagan bo‘lsa, u holda bu mening 2 iyuldagi chiqishim sabab bo‘lgani haqida kim ko‘rsatuv berdi?

dauлетмuрaт tajimuрaтов, нukuс voqealari, нukuс voqealari bo‘yicha sud, қорaқaлпоғистон

Boshqa savol ham tug‘iladi: men o‘sha rolikda tartibsizliklar bo‘lmasligi kerakligi haqida gapirganman. Men avvalroq markaziy bozorda ovozim bo‘g‘ilgunicha: «Kelinglar, buni tinch hal qilaylik», deb gapirganimning videosi bor. Bu videolarga baho berilgani yo‘q.

Jinoyat-protsessual kodeksining 22-moddasiga ko‘ra, [ishda yuzaga keladigan har qanday masalani hal qilishda] ayblanuvchini yoki sudlanuvchini ham fosh qiladigan, ham oqlaydigan, shuningdek uning javobgarligini ham yengillashtiradigan, ham og‘irlashtiradigan holatlar aniqlanishi va hisobga olinishi lozim.

Yaxshi, siz videoni ko‘ribsiz. Nima uchun videodagi mening yaxshi so‘zlarim haqida gapirilmaydi? Agar mening uyda aytganlarim [tartibsizliklarga sabab bo‘lgan] bo‘lsa, u holda buni kim aytdi, kim Dauletmuratning so‘zlari sabab bo‘ldi, dedi? Hech kim. O‘shanda meni qamamasliklari haqida gapirganman. Tartibsizlik qilishga chaqirmaganman.

Agar men [huquqni muhofaza qiluvchi orgnalar] sohasida ishlaganimda edi, prezidentning har bir so‘ziga itoat etgan bo‘lardim. U prokurorlarga avvalgi siyosatdan voz kechish kerakligini aytgandi. U ayblovchi organdan qutilish kerakligini aytgandi. Prokuratura degan so‘z «g‘amxo‘r» degani. Agar men prokuror bo‘lganimda, mana bu harakatlar va alomatlar bo‘yicha Tajimuratovni ayblash mumkin, mana bu belgilar bo‘yicha esa oqlasa bo‘ladi, degan bo‘lardim. Mana bu holatlar og‘irlashtiradigan, mana bulari esa yengillashtiradigan ekanini ko‘rsatib bergan bo‘lardim. Mana bizda yuridik tizim qanday! Bizning ishimizda bunday narsalar mutlaqo bo‘lgani yo‘q.

«Men odamlarni tarqalishga majbur qildim. O‘sha yerda bir nafar bo‘lsa ham deputat bormidi?»

Hurmatli sud, siz menga bir hafta avval savol berdingiz. Siz o‘shanda odamlar tarqalishi uchun Dauletmurat Tajimuratovni bozorga olib kelishgan, dedingiz. To‘g‘rimi, shunday deganmidingiz? Siz xalq tarqalmagan-ku, dedingiz. Men o‘shanda savolga to‘liq javob bermagandim, hozir javobimni to‘ldirishni istardim. Agar e’tibor bergan bo‘lsangiz, odamlar tarqalgan. Agar 20 ming kishilik olomon yig‘ilgan bo‘lsa, mening so‘zlarimdan keyin kamida 17 ming kishi tarqalgan. Jo‘qorg‘i Kengesga ko‘pi bilan 3 ming kishi borgan, undan ko‘p emas. 15 mingga yaqin odam tarqalgan. Mana shunga e’tibor qaratishingizni so‘rayman, hurmatli sudya…

Qolgan 3 ming kishi, yosh yigitlar, u yerga qiziqish tufayli borgan. Men bozor oldidagi odamlarni tarqalishga majbur qildim. Rahmat, ular quloq solishdi. Ular respublika rahbariga (Murat Kamalovga — tahr.) quloq solmayotgandi.

SSSR vaqtlari [Arkadiy Gaydarning] «Timur va uning jamoasi» [degan povesti] bo‘lardi, ular maktab o‘quvchilardan tuzilardi. Biznikilar hatto shu o‘quvchilarchalik bo‘la olishmadi. Jo‘qorg‘i Kengesning qaysi bir deputati, qaysi vazir o‘z rahbari bilan yonma-yon turdi? Respublika prokurori yashirinib, joyidan qochib ketdi. Ichki ishlar vaziri turdi, unga rahmat.

dauлетмuрaт tajimuрaтов, нukuс voqealari, нukuс voqealari bo‘yicha sud, қорaқaлпоғистон

Men buni shuning uchun aytyapmanki, agar deputatlar kelib, xalqni to‘xtatishga hech bo‘lmasa uringanida edi, ortiqcha gap-so‘zlar bo‘lmasdi… Bu saboq bo‘lishi kerak, kelgusida ular rahbar bilan yelkama-yelka turishlari kerak.

«Agar Jo‘qorg‘i Kengesni egallab olishni istaganimda, buni uddalagan bo‘lardim. Mening bunday niyatim yo‘q edi»

Siz yana bir savol berdingiz, hurmatli sudya. Agar mening maqsadim Jo‘qorg‘i Kengesni egallash bo‘lganida, men bu bizning so‘nggi imkoniyatimiz ekanini aytgan, 20 ming odamga qarata: «Jo‘qorg‘i Kengesga yuramiz», degan bo‘lardim va biz xuddi qarg‘alar to‘dasidek uni qurshab olgan bo‘lardik. Menda bunday niyat yo‘q edi.

Jo‘qorg‘i Kengesni uchta yo‘l bilan egallab olish mumkin edi. Agar men «prezident» bo‘lishni istasam, bo‘lardim. Agar men 20 ming kishilik olomonga: «Yurdik», desam, uni hech qanday armiya to‘xtata olmasdi. Yashirmayman, agar Mirziyoyev bo‘lmaganida, men shunday qilgna bo‘lardim ham. Men Xiva xonligi davridan beri ko‘rib kelgan azoblarimizga yakun yasagan bo‘lardim.

Ikkichni sabab. Yonimda Jo‘qorg‘i Kenges rahbari turibdimi? Turibdi. IIV vaziri turibdimi? Turibdi. Milliy gvardiya boshlig‘i turibdimi? Turibdi. Respublika davlat xavfsizligi rahbari turibdimi? Turibdi. Agar men shu vaqt: «Yigitlar, bularning qo‘lini qayirib, Prado’ga solinglar», desam, odamlar aytganimni qilishardi. Kafolat beraman… Men bunday qilmadim, chunki menda bunday fikr yo‘q edi. Birinchidan, Mirziyoyev bor. Kamalov bor, uning sharofati bilan mening «tilim chiqqan». Bizning tengdoshlarimiz o‘lsa ham Kamalovlarga qarshi bo‘lmaydi (Murat Kamalov — O‘zbekiston Kommunistik partiyasi Qoraqalpoq obkomi birinchi kotibi Qallibek Kamalovning o‘g‘li hisoblanadi — tahr.).

Uchinchi yo‘li. Men odamlarga o‘sha yerda tonggacha qolishni aytgan bo‘lardim, jang qilishdan ma’no yo‘q, agar tonggacha qolsak, keyin ovullardan odamlar keladi, sotsiologlar keladi, chet eldan siyosatchilar keladi, prezidentning o‘zi keladi. Agar prezident kelsa, unga referendum va bizning suverenitetimizni saqlab qolishni aytardim. Lekin men unday qilmadim. Men faqat 5 iyulni o‘ylayotgandim (u 1 iyul kuni 5 iyul kuni «tinch, qonuniy» miting o‘tkazish uchun ruxsat so‘raganini ma’lum qilgandi — tahr.).

Agar men odamlarni ommaviy tartibsizliklarga chorlagan bo‘lsam, buni qayerda aytganman? Olomonni to‘plash oson ish emas. Agar 5 iyul deb aldab, o‘zim 1 iyul kuni harakat qilayotgan bo‘lsam, men bunga tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lishim kerak. Olomon faqat internet orqali to‘planadi, men buni qilganim yo‘q…

«Sanksiyasiz qamoqqa tashlashdi»

Endi uyimga qanday bostirib kirishgani haqida gapiraman. Eshik, darvoza, oynalarni sindirib, uyimga bostirib kirishdi. Bir necha kishini IIVga olib ketishdi. U yerdan vertolyotda Xorazmga o‘tkazishdi. Qaror bormi? 24 soat davomida prokurorni yozma ravishda xabardor qilish kerak. Agar ish materiallarida bu axborot bo‘lganida edi, qo‘limni ko‘targan bo‘lardim. Yo‘q, bu ham yo‘q.

Xorazmda bizni izolyatorga o‘tkazishdi, bizni ochiqchasiga qamoqqa tashlashdi. Qonun bo‘yicha sanksiyasiz va qarorsiz qamash taqiqlanadi… Meni qisqa muddatga ozodlikdan mahrum qilganliklari uchun kimdir javob berishi kerak.

Konstitutsiyaning 93-moddasiga ko‘ra, prezident fuqarolarning huquq va erkinliklari ta’minlanishi, O‘zbekiston Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etilishining kafili hisoblanadi. Agar qonunlarga rioya etilmasa, Konstitutsiyaga amal qilinmasa, fuqarolarning huquqlari poymol etilsa, u holda prezidentni aybdor deb hisoblaydi. Ular shunday deb hisoblashga haqli…

Birinchidan, Konstitutsiyaning 25-moddasiga ko‘ra, hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emas. Konstitutsiyaning bu moddasi qog‘ozda qolib ketgan.

26-modda bo‘yicha jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi. Bizni esa 4 iyuldan boshlab [ayblashdi]… «Dauletmurat Tajimuratov — jinoiy guruh yetakchisi, u bugundan boshlab qamoqqa olindi». Bu haqda prokuraturaning o‘zi xabar bergan.

O‘sha moddada hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emasligi ham yozib qo‘yilgan. Bizning qo‘llarimizni go‘sht qiymalagichdan o‘tkazishdi. Necha bor u yerda hushimizni yo‘qotdik. Bu yerda Konstitutsiyaga qanaqasiga rioya etilyapti? Mayli, bu ham qog‘ozda qolib ketgan.

Huquq-tartibot organlari qanchadan-qancha odamlarni urib, o‘ldirdi… Ruslan Ibragimovning [o‘limi] tasdiqlandimi? Tasdiqlandi, u to‘qmoq (dubinka) bilan urish oqibatida o‘lgan. Madiyorniki tasdiqlandimi? Tasdiqlandi. Artur Tlegenovning ikkala oyog‘ini sindirib tashlashgan… Bu qanday sirk o‘zi? Bu odamlarni yer qanday ko‘tarib turibdi? Prezident 93-modda bo‘yicha Konstitutsiyaga rioya etilishining kafili, buyoqda esa formali bu odamlar… qo‘lda to‘qmoq bilan yuribdi.

Men bularning barini Qoraqalpog‘istonda boshdan o‘tkazdim. Xorazm viloyatiga olib kelishganida oyoqda zo‘rg‘a turgandim, lekin menga tegishdan foyda yo‘qligini, meni sindira olmasliklarini aytdim. Menga: «Bu gaplarni unuting, bugundan boshlab sizga hech kim tegmaydi», deyishdi. Rahmat, so‘zlarida turishdi. O‘zbek tergovchilariga rahmat, ular bir soat davomida namoz o‘qishimga qo‘yib berishdi. Ulardan minnatdorman.

Konstitutsiyaning 27-moddasiga ko‘ra, hech kim qonun nazarda tutgan hollardan va tartibdan tashqari birovning turar joyiga kirishi, tintuv o‘tkazishi yoki uni ko‘zdan kechirishi, yozishmalar va telefonda so‘zlashuvlar sirini oshkor qilishi mumkin emas. Bu ham qog‘ozda qolib ketgan. Nega uyga sanksiyasiz bostirib kirishdi?..

Jo‘qorg‘i Kengesga kim taklif qilgan?

Jo‘qorg‘i Kengesning sobiq rahbari [Murat Kamalovning] Prado avtomobili haydovchisi, guvoh Ahmad 27 sentabr kuni tergovga ko‘rsatma bergan. U o‘z ko‘rsatuvida Murat Kamalov olomon va Dauletmurat Tajimuratovga Jo‘qorg‘i Kengesga borib, gaplashib olishni taklif qilganini aytgan. Haydovchining o‘zi o‘z ko‘rsatmasida Murat Kamalov gaplashib olishni talkif qilgani haqidagi so‘zlarni tasdiqlayapti.

Murat Qallibekovich o‘z ko‘rsatuvida aytyapti: «Mashinada turarkanman, Tajimuratovga bu kabi harakatlar, ya’ni Qoraqalpog‘iston Respublikasining mustaqilligi masalasida referendum o‘tkazishga chorlovlarni nazarda tutganman, noqonuniy ekanligini aytdim. Bunday masalalar ommaviy tartibsizliklar yo‘li bilan hal qilinmasligi kerak, zarurat bo‘lsa, Jo‘qorg‘i Kengesda deputatlar va faol fuqarolardan iborat tashabbuskor guruh o‘rtasida uchrashuv o‘tkazish mumkin».

U Jo‘qorg‘i Kengesga borishni so‘radi. Men odamlarga aytdim, odamlar qarshi chiqdi. Shu bilan bu mavzu yopildi.

Amanbay Orinbayev 7 yanvar kungi sud majlisida so‘zlamoqda. Foto: Oliy sudAmanbay Orinbayev 7 yanvar kungi sud majlisida so‘zlamoqda. Foto: Oliy sud

[Qoraqalpog‘iston IIVning sobiq rahbari va Jo‘qorg‘i Kengesning hozirgi rahbari], guvoh Amanbay Orinbayev 13−17 iyuldagi o‘z ko‘rsatmalarida Murat Kamalov xizmat mashinasidan tushib, mashina ustiga chiqqani, mashina ustida turgan Dauletmurat Tajimuratovni tinchlantirishga uringani, undan olomonni tarqatishni va u bilan gaplashib olish uchun Jo‘qorg‘i Kengesga borishni so‘raganini aytgan. Ya’ni, gaplashib olish g‘oyasi Murat Kamalovdan chiqqan. Lekin u olomonni tarqatishni so‘ragani ham aytilyapti. Bunday gap bo‘lmagan.

Uning ko‘rsatmalarida, shuningdek, [Tajimuratov] olomonga va Kamalovning avtomobiliga Jo‘qorg‘i Kenges tomon yurishni aytgani va olomon bilan birga u yerga borgani ham aytilgan. Murat Kamalovning mashinasi Jo‘qorg‘i Kenges tomon yurgani haqidagi axborot hech qayerda tasdiqlangani yo‘q. Orinbayev bu so‘zlarni qayerdan olgan? Biror bir odam buni tasdiqlagani yo‘q. Jinoyat-protsessual kodeksining 23-moddasiga muvofiq, ushbu masalani mening foydamga hal qilishingizni so‘rayman.

Guvohlar Parahat Jabbarbergenov, Paruaz O‘razbayev, Daulet Baymuratov, Kuanishbay Baxipov va boshqalar [Murat Kamalov] Jo‘qorg‘i Kengesga borib, gaplashib olishni taklif qilganini tasdiqladi.

Endi Jo‘qorg‘i Kenges raisining avtomobilini kim boshqarganiga e’tiborni qaratsak. Bu juda muhim. Sud muzokaralari vaqtida ichki ishlar organlari xodimi Iskandar Boboriyozov aytdiki, [Amanbay] Orinbayev Prado’ning orqa o‘rindig‘idan tushib kelgan. Men undan ishonchingiz komilmi, deb so‘rasam, ishonchim komil, dedi. Milliy gvardiya boshlig‘i o‘rinbosari esa Orinbayev avtomobilni boshqargan, deb ko‘rsatma berdi.

Murat Kamalov mashinada uch kishi — Ibragimov, Karajanov va uning o‘zi bo‘lganini aytdi. Karajanov o‘z ko‘rsatuvida mashinani o‘zi boshqarganini, uning ichida o‘zidan taqshari Ibragimov va Murat Kamalov bo‘lganini aytdi. Uning aytishicha, mashinada Orinbayev bo‘lmagan. Men undan bu haqda bir necha bor so‘radim, lekin u baribir Orinbayev bo‘lmaganini aytdi.

dauлетмuрaт tajimuрaтов, нukuс voqealari, нukuс voqealari bo‘yicha sud, қорaқaлпоғистон

Orinbayevga kelsak, u bir emas, ikki marta ko‘rsatma berdi. U shunday degan: «Murat Kamalovning avtomashinasi Jo‘qorg‘i Kenges tomon yo‘l oldi, shunda men Murat Kamalovning xizmat avtomobiliga o‘tirdim va biz ohista olomon harakatlanayotgan tomon yura boshladik. Yo‘lda men Murat Kamalovning mashinasida boshqa tomonga ketmoqchi bo‘ldim, ammo olomon imkon bermadi».

Bu uning rulda bo‘lganini anglatadi-ku. O‘zingiz o‘ylang, Milliy gvardiya boshlig‘i o‘rinbosari general-mayor o‘tiribdi, Murat Kamalov o‘tiribdi, ichki ishlar vaziri polkovnik Orinbayev o‘tiribdi, uchta kap-katta va yuqori martabali erkakning so‘zlari bir-biriga to‘liq zid kelmoqda. Xalq kimga ishonishi kerak? Orinbayev aytyaptiki, «men mashinada edim, o‘zim haydadim». Kamalov aytyaptiki, «Orinbayev mashinada bo‘lmagan». Ibragimov bo‘lsa Orinbayev o‘sha yerda edi, deyapti. Haydovchi Karajanov esa Orinbayev yo‘q edi, deyapti… Bunga e’tibor qaratishingizni so‘rayman, hurmatli sud…

Endi, agar Murat Kamalovning ko‘rsatmasiga e’tibor beradigan bo‘lsak, u Prado’ning yurishi uchun yo‘lni Milliy gvardiya xodimlari ochib bergani haqida guvohlik bergan. Biz uni tilidan sug‘irib olganimiz yo‘q. Faqat Orinbayev va Karajanov yo‘lni olomon yopib qo‘ygandi, deyapti. Bir necha gvardiyachilar esa mashina bemalol harakatlana olardi, dedi.

«Kameralarning yozuvlari qani?»

Hurmatli raislik qiluvchi, bir fuqaro videoga olib, «biz Oqsaroyga (Jo‘qorg‘i Kenges nazarda tutilmoqda — tahr.) kirishni, Dauletmuratni prezident qilishni, uning rais qilishni xohlaymiz», deganini siz ham ko‘rdingiz.

Mening savolim shundan iboratki, nima uchun shu video ish bo‘yicha videomateriallar qatoriga dalil sifatida kiritilmagan… Nima uchun portret ekspertizasi o‘tkazilmagan? Nima uchun har bir shaxsni tanish jarayoni o‘tkazilmagan? Men bu video montaj qilingan, deb hisoblayman. Agar bu montaj bo‘lmasa, u holda nega prokuratura uni dalillar qatoriga qo‘shib, ekspertizadan o‘tkazmagan?

Jo‘qorg‘i Kenges qarshisidagi to‘qqiz qavatli binoning tomidagi videokameradan videolar taqdim etilmadi. Men bu haqda ko‘p marta so‘radim, ekspert oxiri bu savolga javob bermasligini aytdi… Modomiki u videoni taqdim etishmayotgan ekan, demak u yerda mening foydamga xizmat qiluvchi lavhalar bor.

[Qoraqalpog‘istonning sobiq ichki ishlar vazir Aytbay] Temirxanov Nukus 90 foizga kameralar bilan ta’minlangan, degandi. U to‘qqiz qavatli binoning tomidagi kamera har tomondan tasvirga tushiradi, degandi… Nima uchun Jo‘qorg‘i Kenges yonidagi DXX kameralaridan videolar taqdim etilmadi?

dauлетмuрaт tajimuрaтов, нukuс voqealari, нukuс voqealari bo‘yicha sud, қорaқaлпоғистон

«Nima uchun O‘zbekiston bayrog‘ini olib kelishmadi?»

Siz Orinbayevni sudga chaqirganingizda, u sudga kelmasligi haqida xat yubordi. Rahmat, ikkinchi chaqiruvdan so‘ng keldi, men unga savollar berdim… Men o‘sha joydagi O‘zbekiston bayrog‘i haqida savol berdim. U bu haqda Murat Kamalov so‘raganini aytdi. Yo‘q, buni men aytgandim… Men: «Kechirasiz, O‘zbekiston — bizning umumiy uyimiz», degandim. Men Orinbayevdan bayroq topishni so‘ragandim. Men unga hatto: «Qani bayroq?», deb baqirgandim, u hozir topishini aytgandi.

Operlardan biri tergov vaqtida bayroq bo‘lganini aytibdi. Ichki ishlar organlari xodimlaridan biri beliga bog‘langan bayroqni olib kelgan. Biroq Orinbayev buni rad etgan. Men shu haqda so‘raganimda, mujmal javob berdi. Bayroq bor edi, dedi. Vaziyatdan kelib chiqib, bayroqni ko‘tarmagandik, xalq qo‘zg‘alib ketishi mumkin edi, dedi…

U nima uchun qo‘rqdi? Men bayroqni olib berishni so‘ragandim. Mening maqsadim Qoraqalpog‘iston va O‘zbekistonning bayrog‘ini birga ko‘tarib, bunday qilish yaramasligini aytmoqchi edim. [Konstitutsiyaga tuzatishlar kiritish] masalasini qonuniy yo‘l bilan hal qilish kerakligini aytmoqchi edim.

Agar to‘qqiz qavatli binodan, DXX binosidan olingan videolar yo‘q bo‘lsa, u holda bu holatni mening foydamga hal qilishingizni so‘rayman.

Nukus IIB binosini qurshab olishga doir ayblov haqida

Nukus IIB binosini qurollarni qo‘lga kiritish maqsadida uch tomondan qurshab olishga doir ayblovga kelsak. Buni shahar IIBning bir emas, ikki tergovchisi tasdiqladi. Terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i Nikolay Boboniyozov o‘z ko‘rsatmalarida uning xonasi uchinchi qavatda va burchak tomonda joylashganini aytdi. Bu tomondan u koreys markazidagi ko‘chani, bu tomondan o‘t o‘chirish qismini, uchinchi tomondan esa universitetni ko‘ra oladi…

Nuriddin Nizomitdinov esa buni dronlar yordamida tasdiqlay olishini aytdi. Biroq ayblov tomoni bino uch tarafdan olomon tomonidan qurshab olinganini isbotlay olmadi… Yaxshi, buni dronlar videoga olgan, deyishdi. Buni, kameralar va dronlar videoga olganini ekspert ham, terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i ham, ikki tergovchi ham aytdi. Qani [videoyozuvlar]?.. Topa olishmadi…

Men shahar IIB nazorat-o‘tkazish joyi (KPP)dan video bormi, deb so‘radim. Ular bor deyishdi. Qarama-qarshi tarafdagi 3-shahar militsiya bo‘linmasida video bor. Bor deyishdi. [Videoyozuvlarni] olib kelishni so‘radim. Olib kelishmadi… Nima uchun KPPdan olingan bitta videoyozuv bilan xalq qanday qilib IIBga hujum qilganini, uch tomondan qurshab olganini ko‘rsatib bera olishmayapti? Isbotlay olishmadi… Men faktlarga tayanyapman.

Ekspertiza ma’lumotlariga ko‘ra, IIB oldida 5 kishi halok bo‘lgan… U aytdiki, aslida IIB oldida faqat bir kishi, boshidan o‘q yeb o‘lgan, keyin uning jasadini olomon olib ketgan. Shunda men so‘radim: «Yaxshi, uni olomon olib ketibdi. IIB oldida odam o‘lyapti. Siz ekspertiza boshlig‘isiz-ku, qon izlari bormidi?». U bunga javob bera olmadi. Men u bu voqeaning IIB oldida yuz berganini tasdiqlaganini aytdim. Yaxshi, bir kishi o‘ldi, uning tanasini boshqa joyga olib ketishibdi. Qolgan to‘rt kishining o‘limini qanday qilib isbotlaysiz? Qolgan to‘rt kishini olib ketishmagandir? Agar men ekspertizaning boshlig‘i yoki tergovchi bo‘lganimda edi, men buni ishga mana shunday qo‘shardim: u IIB oldida o‘lgan, bu qon izlari bilan tasdiqlanmoqda. Qolgan to‘rttasini ham isbotlagan bo‘lardim. Bu narsalar ish materiallarida yo‘q.

Agar buni, to‘rt kishi shu yerda o‘lganini isbotlay olishganida edi, unda haqiqatan ham IIBga hujumni, uning uch tomondan qurshab olinganini tasdiqlash mumkin bo‘lardi. Lekin bu narsa yo‘q. To‘liq uydirma. Mana shu holatga ham e’tibor qaratishingizni so‘rayman…

dauлетмuрaт tajimuрaтов, нukuс voqealari, нukuс voqealari bo‘yicha sud, қорaқaлпоғистон

«Tasdiq yo‘q, ammo ayblov qolmoqda»

Men prokuraturaning prezident tasavvur qilganidek organga aylanganini ko‘rmayapman. Prokuratura Tajimuratov ma’lum bir harakatlarni sodir etdi, so‘ng oldini olish uchun boshqa harakatlarni amalga oshirdi, «tinch yo‘l bilan» degan so‘zlarni aytdi, desa, men tushungan bo‘lardim… Ishni yoki ayblovni bu prokurorlar tayyorlamagan, odamlar ular haqida yomon xayolga bormasin… Ishni Bosh prokuratura tayyorlagan.

Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, prokuror [cud muhokamasi natijasida sud tergovi ma’lumotlari sudlanuvchining aybsizligidan dalolat beradi degan ishonchga kelsa] ayblovdan voz kechishi shart. O‘zbekiston tarixida biror marta bunday bo‘lmagan. Agar men prokuror bo‘lganimda edi, ishni o‘rganib chiqqach, bizga qarshi ilgari surilgan olti moddadan ikkitasi o‘z tasdig‘ini topmaganini aytardim. «Shu bois men ushbu moddalar bo‘yicha ayblovdan voz kechaman», — derdim, qanday chiroyli ko‘ringan bo‘lardi. Prokuraturaga rahmat aytgan bo‘lishardi.

Yo‘q, prokuror Prado’da Davron Istam Po‘latov bilan birga bo‘lgani va Dauletmurat Tajimuratovning ozod etilishini talab qilganini aytyapti. Bu vaqtda esa ular IIBda yotgandi. Videoyozuvda ular soat 8:30 da kelgani ko‘rinib turibdi. Shunday qilib, bu narsa sudda o‘z tasdig‘ini topmayapti, lekin prokuror ayblovni baribir qoldiryapti.

Nima balo, u uxlayaptimi? «Bu narsa o‘z tasdig‘ini topmadi, uni ishdan chiqarishingizni so‘rayman», desa bo‘lardi-ku.

Ish materiallarida «Dauletmurat Tajimuratov Saidabdulla Medetovga „Yel xizmatinde“ gazetasining guvohnomasini berib, undan ayirmachilik g‘oyalarini amalga oshirishda foydalangani» haqida so‘z boradi. Ular bu gapni qayerdan olgan? Men Saidabdulla Medetovga guvohnoma berganimni, qani, ko‘rsatishsin. Bir odam kelgan, unga guvohnoma berilgan, u Medetov emas… 100 dan ortiq tergovchi nima bilan shug‘ullangan o‘zi? Ularga mehmonxona, yeb-ichish xarajatlari uchun pul to‘lanyapti. Ular yana uyalmay mukofotlar olgan. Qani, Medetovga guvohnoma berganimni ko‘rsatib berishsin.

[Ish materiallaridan]: «Ayblanuvchilar qilmishlariga iqror bo‘ldi va sodir etgan jinoyatlari ularning o‘z arizalari bilan tasdiqlangan». Agar men bu prokurorlarning oldiga kelib, men Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish — tahr.) bo‘yicha odam o‘ldirganimni aytsam, bular meni darhol qamab qo‘yadi. Prokuror avval «kimni o‘ldirding?» deb so‘rashi kerak. Qotillik qurolini, masalan, pichoqni topishi kerak. Ekspertiza tayinlab, barmoq izlarini topishi kerak. Haqiqatan ham shu buyum bilan o‘ldirganmi yoki boshqa narsa bilan — buni ham aniqlash kerak. Odam aybni tan olgani bilan aybdor bo‘lib qolmaydi…

Ayblanuvchilarning arizasi haqida gapirishyapti. Ehtimol, ular kaltaklarga chidolmay ariza yozib bergandir. Kimdir xatolik sabab ariza bergandir… Birdan ayblab bo‘lmaydi, avval isbotlash kerak.

Mirziyoyev hokimiyat tepasiga kelmagunicha hech kim oqlanmasdi. Bugun deyarli hammani oqlashyapti…

Mening huquqlarimni qanchalik cheklab tashlashganini qarang. Mening tahririyatimda tintuv o‘tkazishdi. Uyimda tintuv o‘tkazishdi. Jinoyat-protsessual kodeksining 81-moddasi qayerda qoldi? Nega tintuv jarayoni videoga olinmagan?..

Sudya Yelubay Abibullayev (o‘rtada). Foto: Oliy sudSudya Yelubay Abibullayev (o‘rtada). Foto: Oliy sud

Mening hujjatlarim bor edi. Bu o‘z-o‘zidan bo‘lgani yo‘q. Qoraqalpog‘iston madhiyasi endi faqat Qoraqalpog‘istonda ijro etilyapti, vahoalnki, Konstitutsiyaning avvalgi tahririga bo‘yicha madhiya butun dunyoda ijro etilardi… Avvallari bizning bayrog‘imiz ham butun dunyoniki bilan bir xil maqomda edi… Gerbimiz ham.

Agar Dauletmurat bo‘lmasa, ertaga referendum va suverenitet ham yo‘q bo‘lgan bo‘lardi. Nima uchun biz bunday qo‘rqoq bo‘lib qoldik?.. Millatning jasorati shu yerda o‘tirganlarning harakatlari bilan belgilanadi… Biz esa butun millat oldida sharmanda bo‘ldik…

Prokuratura mening uyimga kirgan, biroq birorta ham video yo‘q. Jinoyat-protsessual kodeksi 23-moddasining (aybsizlik prezumpsiyasi — tahr.) nima keragi bor? Kanalimni sud qarorisiz o‘chirib tashlashdi. Sizning (sudyalarning — tahr.) o‘rningizda bo‘lsam, xususiy ajrim chiqargan bo‘lardim… Haqlari yo‘q edi…

Jinoyat kodeksining 167-moddasiga (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish — tahr.) e’tibor qarating. Ish materiallarida aytilishicha, Dauletmurat Tajimuratov [Qoraqalpog‘istonning sobiq xalq ta’limi vaziri] Amanjo‘l Ayapovga qamoq bilan tahdid qilgan, «Yel xizmetinde» gazetasiga pul o‘tkazib berilishi uchun boshqa vazirliklarga ham shartnomalar yuborgan. Qani, sudda shuni ko‘rsatishsin. Masalan, Qurilish vazirligiga, Sog‘liqni saqlash vazirligiga shartnoma yuborilgan bo‘lsa, ko‘rsatishsin… Birorta ham fakt yo‘q… Amanjo‘lning bir og‘iz so‘zi bilan menga 167-modda bilan ayblov e’lon qilindi. Uyalmaysizlarmi? Savol tug‘iladi: uning so‘zlariga ishonish kerakmi yoki muhr bosilgan hujjatlarga?.. Meni bu modda bo‘yicha ayblayotganliklari — sharmandagarchilik.

Oferta va aksept degan tushunchalar bor. Bizning o‘rtamizda oferta va aksept bo‘lgan. Ular menga pul o‘tkazib beradi, men ularga gazeta yetkazib beraman. Oradan uch yil o‘tib esa u aslida unday bo‘lmagan, men qo‘rqqman, deyapti… Ular (tergovchilar — tahr.) yo‘q joydan ayblov o‘ylab topishyapti. Pashshadan fil yasashyapti… Hurmatli sud, meni ushbu modda bo‘yich oqlashingizni so‘rayman.

Jinoyat kodeksining 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan orttirilgan daromadni legalizatsiya qilish — tahr.) bo‘yicha. Jinoyat kodeksining 167-moddasini qo‘llash uchun men davlat xizmatchisi bo‘lishim kerak. Mening pullarim bilan nima ishingiz bor? Shartnoma bo‘lsa, qanaqa o‘g‘rilik bo‘lishi mumkin?.. Hurmatli sud, sizda [Oliy sudning] ishlar ko‘rsatmalar asosida qo‘zg‘atilmasligi haqidagi qo‘shma qarori bor-ku. Agar bu qaror ishlamasa, uning nima keragi bor?..

Bechora Madiyor [O‘razboyev] meni deb, menga yordam beraman deb o‘lib ketdi… Bu mard o‘zbek yigitiga qarang, kaltaklashlariga qaramay, u menga qarshi bir varaq ham ko‘rsatma bermadi…

Ayblovda «Dauletmurat Tajimuratov oldindan Lolagul Qallixanova, Azamat Turdanov, Ahmet Smetullayev va hokazolar, shuningdek, Ruslan Ibragimov, Madiyor O‘razboyev bilan jinoiy til biriktirgan» deb yozilgan. Savol tug‘iladi: men qanday qilib til biriktirganman? Qayerda va kim bilan gaplashganman? Telefon qo‘ng‘iroqlari qani? Qanday dalillar bor?..

Ekspertizaning rahbari kelib, Tajimuratov «7479» raqamli odam bilan gaplashgan, dedi. Men: «Bu qanaqa raqam? Men uni bilmayman», dedim. Dalillarni taqdim etishsin…

Daliliy ashyolarda ham men 1−2 iyul kunlari Turdanov va Smetullayev bilan muloqot qilganim ko‘rsatilgan. Vaholanki, bu vaqtda, 1 iyul kuni mening telefonim kanalizatsiyaga tushib ketgandi. Shundan so‘ng u qaytib ulangani yo‘q…

Mening harakatlarim 10 ta holatda ko‘rsatilgan bo‘lsa, ularning birortasida ham dalil-isbot yo‘q.