Toshkent viloyati Angren shahri prokurorining 18 yanvar kuni shahardagi 22-maktabga borib, o‘qituvchilar haqida aytgan fikri aks etgan video internetda tarqaldi. Videoda prokuror maktab hovlisi qordan tozalanmaganidan shikoyat qilganini ko‘rish mumkin.

«Angren shahridagi 22-maktabdamiz hozir. [Maktab hovlisi] umuman qordan tozalanmagan. Yaqinda maktab boshlanadi, bu yerlar tozalanmagan. O‘qituvchilar ham yo‘q, bekordan-bekorga oylik olib yotishibdi. Hamma maktab o‘ziga xulosa qilsin, bo‘lmasa, biz xulosa qilamiz. 4 ta sektor yuribmiz, mana hokim, militsiya…», — deya ta’kidlagan u.

Prokuror tashrifidan so‘ng o‘qituvchilar maktab hududini qor va muzdan tozalayotgani tasvirlangan fotosuratlar ham tarqaldi.

ангрен, prokuror

Foto: School English Teachers / Telegram

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi pedagog xodimlarni xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilish taqiqlangani, ushbu videolavha Bosh prokuraturaga yuborilganini ma’lum qildi.

Bosh prokuratura «Gazeta.uz»ning vaziyat «alohida nazoratga olingani» haqida yuborgan so‘roviga javob qaytardi. «Tekshiruv ketmoqda, natijalarni sizga ma’lum qilamiz», — deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.

Shundan so‘ng Toshkent viloyati prokuraturasi holat bo‘yicha rasmiy bayonot berib, prokuror jazolanganini ma’lum qildi. Shahar prokurorining o‘zi holatni quyidagicha izohladi:

«Men Angren shahri prokurori — ikkinchi sektor rahbari Qobiljonov Ulug‘bek bo‘laman. O‘qituvchilarga chuqur hurmat saqlagan holda ulardan uzr so‘rab qolaman. Videom keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Maktabda tozalash ishlariga mas’ul ishchilar ham o‘z ishini bajarmaganini bildirib, buni bartaraf qilish lozimligini aytganman. Aslida men maktab hududini o‘qituvchi va murabbiylarimiz emas, balki ushbu ishga mas’ul shaxslar bajarishini tashkillashtirishni so‘raganman. Ushbu holatdan qattiq afsusdaman, o‘qituvchi va murabbiylardan uzr so‘rab qolaman», — dedi prokuror.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil dekabr oyida prezident Administratsiyasi sho‘’ba mudiri Saida Mirziyoyeva o‘qituvchilarga o‘z vazifalariga aloqador bo‘lmagan topshiriqlar berganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik joriy etilishini ma’lum qilgandi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev esa parlamentga va xalqqa qilgan murojaatnomasida Konstitutsiyada o‘qituvchi maqomi, uning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish kafolatlarini ham belgilab berishni taklif qilgandi.