O‘zbekistonlik shaxmatchi Nodirbek Abdusattorov Niderlandiyaning Veyk-an-Zi shahrida o‘tkazilayotgan Tata Steel Chess 2023 superturnirining beshinchi bosqichida klassik shaxmat bo‘yicha amaldagi jahon chempioni Magnus Karlsen ustidan sensatsion g‘alabaga erishdi.

18 yoshli o‘zbekistonlik (FIDE reytingi — 2713) va 32 yoshli norvegiyalik (2859) bahsida Abdusattorov (partiya) qora donalarga ega bo‘lishiga qaramay, o‘zini yaxshiroq ko‘rsatdi.

Mazkur g‘alaba O‘zbekiston vakiliga Live-reytingida (har bir o‘yindan keyin o‘zgaradi) 18-o‘rinni egallab, dunyoning eng yaxshi 20 nafar shaxmatchisi qatoriga kirish imkonini berdi.

Qayd etish joizki, avvalgi raundda Anish Giri (2764) ham oxirgi 12 yil ichida ilk bor klassik nazoratli partiyada Magnus Karlsenni mag‘lub etgandi. Oxirgi marta norvegiyalik 2015 yilda ketma-ket ikkita o‘yinda yutqazgan edi.

Bungacha Nodirbek Abdusattorov Rixard Rapport (2740) va Parxam Magsudluni (2719) mag‘lub etdi, shuningdek, Gukesh Dommaraju (2725) va Fabiano Karuana (2766) bilan tenglashib oldi.

tata steel chess tournament, нодирбек абдuсатторов

Bu g‘alabalar o‘zbekistonlikka ochkolar bo‘yicha yagona birinchi o‘rinni egallash imkonini berdi (5 uchrashuvda 4 ochko).

Oltinchi turda u hindistonlik grossmeyster Rameshbabu Pragnanandxa (2684) bilan o‘ynaydi.

Veyk-an-Zeye yoki Tata Steel Chess Tournament — 1937 yildan beri har yili o‘tkazib kelinayotgan eng qadimgi va kuchli shaxmat turnirlaridan biri hisoblanadi.

2023 yilda turnirda sakkiz karra turnir chempioni Magnus Karlsen, ikkinchi raqamli va jahon chempionligiga davogar Ding Lijen, shuningdek, yana uchta eng yaxshi 10 nafar grossmeyster Fabiano Karuana, Anish Giri va Uesli So ishtirok etadi. Bundan tashqari, musobaqada Richard Rapport, Levon Aronyan va 2021 yilgi turnir chempioni Yorden van Forest ham ishtirok etadi.

Turnir aylana tizimda o‘tkaziladi va 13 turdan iborat. Nazorat vaqti: 40 ta harakat uchun 100 daqiqa, keyin 20 ta harakat uchun 50 daqiqa va oxirigacha 15 daqiqa va birinchi harakatdan har bir harakat uchun 30 soniya.