O‘zbekistondagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari kunning ma’lum vaqtida 1 soatdan 3 soatgacha oraliqda ayrim tashkilotlarning avtotransport vositalariga xizmat ko‘rsatmoqda, deb xabar berdi «O‘ztransgaz» matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, keyingi kunlarda O‘zbekiston hududida ob-havo haroratining keskin pasayishi sabab tabiiy gaz iste’mol hajmi keskin oshib borgan. Bunday holatda aholi, ijtimoiy ahamiyatga molik obyektlar va qozonxonalarni tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida respublikadagi mulkchilik shaklidan qat’i nazar har qanday ulgurji iste’molchilar, xususan, AGTKSHlarga tabiiy gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda esa ayrim «zapravka»larda tanish-bilishchilik qilinayotgani hamda ayrim avtotransportlarga metan gaz to‘ldirilayotgani haqida xabarlar tarqalgan. AJning tushuntirish berishicha, bu avtomobillar davlat tashkilotlariga tegishli.

Har bir viloyat hokimliklari bilan kelishilgan holda ayrim AGTKSHlar kunning ma’lum vaqtida 1 soatdan 3 soatgacha oraliqda uy-joy mulkdorlari shirkatlari, elektr ta’minoti korxonalari, obodonlashtirish boshqarmalari, aholiga propan to‘ldirilgan gaz balonlar yetkazib beruvchi tashkilotlarning avtotransport vositalariga xizmat ko‘rsatmoqda.

Ta’kidlanishicha, ob-havo harorati ko‘tarilib, qulay sharoit paydo bo‘lgach, respublikadagi barcha AGTKSHlar odatdagi ish tartibida ishlay boshlaydi.

Eslatib o‘tamiz, Energetika vazirligi anomal sovuq davom etayotgani sababli 12 yanvardan ayrim yirik ishlab chiqaruvchi sanoat korxonalariga tabiiy gaz yetkazib berish hajmi keskin kamaytirilib, avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyati qisqa muddatga vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qilgandi.

Unda ortadigan talabni to‘liq qondirish maqsadida avtobenzin va dizel yonilg‘isi mahsulotlari qo‘shimcha miqdorlarda sotuvga chiqarilib, shu jumladan, zaxiralar hisobidan ishlatilishi bildirilgandi.