18 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi «Vaqf» xayriya jamoat fondi vasiylik Kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda idora matbuot xizmati.

Unda Toshkent shahridagi «Bo‘ta buva» jome masjidi imom-xatibi Ziyovuddin Mirsodiqov «Vaqf» xayriya jamoat fondi raisi vazifasini bajaruvchisi etib tayinlandi.

Ma’lumot o‘rnida, Ziyovuddin Mirsodiqov Toshkent viloyatidagi «Tursunmat qori», «Eski Toshkent», Andijon viloyatidagi «Jiddai Muborak», Toshkent shahridagi «Yunusobod-Oq tepa» kabi jome masjidlarda imom-xatib vazifalarida ishlagan. Shuningdek, «Sayyid Muhyiddin Maxdum» va «Ko‘kaldosh» madrasalari mudiri vazifalarida mehnat qilgan.