Xorazm viloyati Tuproqqal’a tumanida benzin tashuvchi yuk mashinasi yonib ketdi, deya xabar bermoqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi matbuot xizmati.

17 yanvar kuni soat 17:45 larda Tuproqqal’a tumani «Nukus» MFY hududidan o‘tgan G‘uzor-Buxoro-Nukus-Benau A-380 avtomobil yo‘lining 531 kilometrida harakatlanib borayotgan fuqaro G‘.J. boshqaruvida bo‘lgan benzin tashuvchi MAN yuk avtomobilida yong‘in sodir bo‘lgan.

Yong‘in oqibatida avtomobil va sisternasidagi yengil alangalanuvchi suyuqlik — benzin yongan. U yong‘in-qutqaruvchilar tomonidan soat 20:10 larda (deyarli 3 soatda) to‘liq bartaraf etilgan.

Yong‘inning sababi va zarari aniqlanmoqda. Voqea oqibatida tan jarohat olgan va halok bo‘lganlar yo‘q, deyiladi xabarda.