17 yanvar kuni soat 21:00 da Jizzax shahri Mustaqillik shohko‘chasida Ankai rusumli «Jizzax avtotrans servis» MCHJga qarashli yo‘lovchi tashuvchi avtobusni yo‘lovchilarsiz boshqarib ketayotgan haydovchi A.N. harakat davomida charchoq alomati bo‘lib, uxlab qoldi, deb xabar berdi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati.

Oqibatda u rul boshqaruvini yo‘qotib, avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasida o‘zi bilan bir yo‘nalishda oldinda navbat kutib to‘xtab turgan, haydovchi Q.A.ga tegishli Damas`ning orqa qismiga urilgan. Damas esa yo‘lning o‘ng tomon chetiga chiqib, ag‘darilib ketgan. Avtobus harkatini davom ettirib:

  • haydovchi T.K.ga tegishli Nexia-2;
  • haydovchi T.U.ga tegishli Nexia-2;
  • haydovchi Z.Sh.ga tegishli Cobalt;
  • haydovchi X.A.ga tegishli Nexia-3;
  • haydovchi U.S.ga tegishli Nexia-2;
  • haydovchi R.I.ga tegishli Lacetti avtomobillariga, jami 7 ta transport vositasiga to‘qnashib, YTH sodir etgan.

YTH oqibatida Damas haydovchisi A.Q.ga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, ambulator tartibda davolanish uchun yashash manziliga yuborilgan.

Holat yuzasidan viloyat YHXB xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Avvalroq Toshkent shahri Yunusobod tumanida tunda 17 ta avtomobil ishtirokida YTH sodir bo‘lgandi. Oqibatda bir haydovchi va bir piyoda kasalxonaga yotqizilgan.